Qamchiq dovonida ehtiyotsizligi sabab 50-60 metr pastlikka tushib ketgan fuqaro qutqarildi, deb xabar beradi FVV matbuot xizmati.
Ma’lum qilinishicha, 24-iyul kuni soat 05:40 da “Qamchiq” maxsus qidiruv, yong‘in-qutqaruv boshqarmasi navbatchi-dispetcherlik xizmatiga Guliston—Bo‘ka—Angren—Qo‘qon va Andijon orqali O‘sh avtomobil yo‘lining 234-kilometrida fuqaroning pastlikka tushib ketgani to‘g‘risida xabar berilib, yordam so‘ralgan.
Aniqlanishicha, Toshkent—Vodiy yo‘nalishida to‘xtab turgan Nexia rusumli avtomobil yo‘lovchisi yo‘lning chekka qismida ehtiyotsizligi sababli taxminan 50-60 metr pastlikka tushib ketib, turli darajada tan jarohatlari olgan.
Voqea joyiga zudlik bilan qutqaruvchilar yetib borib, maxsus texnikalar yordamida jabrlangan fuqaroni pastlikdan olib chiqqan va tez tibbiy yordam xizmati xodimlariga topshirgan. Ayni vaqtda jabrlanuvchiga Namangan viloyati Pop tumani markaziy shifoxonasi xodimlari tomonidan malakali tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Hozirda uning ahvoli o‘rta darajada deb baholangan.
Avvalroq Qamchiq dovonida paxta ortilgan yuk mashinasi yonib ketgani, Qamchiq dovonida “benzovoz” yonib ketishi oqibatida ikki kishi halok bo‘lgani, Toshkent—O‘sh yo‘lida avtokran va uchta yengil avtomobil ishtirokida yirik YTH sodir bo‘lgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)