O‘zbekistonda Qurbon hayitida iyd namozi o‘qilmaydi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi xabar qildi.

Foto: “Daryo” / Azizjon Ermatov

“Dinimizda insonning joni, e’tiqodi, aqli, moli va obro‘sini saqlash muhim asoslardan biridir. Ularga zarar yetadigan holatlarda shariat o‘z talablarini insoniyatga yengillatadi.

COVID-19 vabosi, asosan, havo-tomchi, qo‘l berib so‘rashish kabi holatlarda yuqadi. Shunday ekan, jamoa bo‘lib to‘planish holatlari ushbu xatarli virusning tarqalishiga asosiy sabab bo‘lmoqda. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi: “O‘zingizni halokatga duchor qilmang. Ehson qiling, albatta, Alloh ehson qiluvchilarni xush ko‘radir” (Baqara surasi, 195-oyat).

Bu oyatda mo‘min-musulmonlar halokatga sabab bo‘ladigan ishlardan tiyilishga buyurilgan.

Abu Sa’id al-Xudriy raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Islom dinida zarar berish va zarar ko‘rish ham yo‘q” deganlar.

Demak, hadisi sharifda inson o‘ziga yoki o‘zgalarga zarar keltiradigan sabablardan uzoq bo‘lishga buyurilgan.

Shariatimiz ko‘rsatmalariga binoan, favqulodda vaziyatlar yuz berganda, masalan, qattiq yomg‘ir, izg‘irin sovuq bo‘lganda masjid jamoatiga chiqmaslik uzr hisoblanadi. Bunga quyidagi hadis dalil bo‘ladi:

Abdulloh Ibn Horis raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Ibn Abbos raziyallohu anhu qattiq yomg‘ir yog‘gan kunda muazzinlariga: “Ashhadu alla ilaha illalloh, Ashhadu anna Muhammadan rasulullohni aytganingizdan keyin Hayya alas solah (namozga kelinglar)ni aytmang, balki (sollu fiy buyutikum) uyingizda namoz o‘qinglar, deb ayting” — dedilar. Shunda ba’zi odamlar bundan norozi bo‘lishdi. U zot: bu gapimdan ajablandingizmi? Vaholanki, bu narsani mendan ko‘ra yaxshiroq Zot (ya’ni, Rasululloh) qilganlar. Albatta, jamoat namozi qat’iy hukmdir, lekin men sizlarning uylaringizdan chiqib, loy va balchiqlarni bosib yurishingizni xush ko‘rmayman”, — dedilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).

Hadisi sharifda vabo chiqqan joyga kirmaslik, agar o‘sha yerda bo‘lsa, u yerdan chiqib ketmaslik buyurilgan. Bu kasallikning oldini olishning eng yaxshi chorasidir. Buning ustiga, jamoat joylari va boshqa katta tadbirlarda bu virusning tarqalish ehtimoli katta bo‘ladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi quyidagi fatvoni e’lon qiladi:

1. Qurbon hayiti namozida katta jamoat bir joyda jamlanishini inobatga olib, pandemiya yanada avj olmasligi, vabo oqibatlarini yumshatish maqsadida shu kuni iyd namozi ado etilmaydi, o‘rniga uyda Zuho namozini o‘qish tavsiya etiladi.

2. Juma namozlaridan (yuqoridagi sabablarga ko‘ra vaqtincha o‘qilmaydi) boshqa namozlar barcha karantin talablariga rioya qilgan, ya’ni niqob taqqan va oraliq masofani saqlagan holda, masjidlarning ochiq sahnlarida ado etiladi. Masjidlarda qo‘l berib yoki quchoqlashib ko‘rishish qat’iyan taqiqlanadi.

3. Isitma, yo‘tal kabi kasallik alomatlarini o‘zida his qilganlar, keksalar va kichik yoshdagi bolalarga jamoat namozlarida ishtirok etish tavsiya etilmaydi.

4. Yoshi ulug‘ keksalar va bemorlar holidan xabar olish hamda hayit bilan tabriklash va boshqa milliy urf-odatlar bilan bog‘liq an’analarni aloqa vositalari orqali amalga oshirib turish tavsiya etiladi.

5. Janoza namozlari vafot etganning yaqin qarindoshlari ishtirokida, xonadonlarda o‘qiladi. Marhumlarning haqlariga qilinadigan duoi fotihalarni qat’iy ravishda yurtdoshlarimiz o‘z xonadonlarida, oila davrasida bajarsinlar, fotihagarchiliklarga borishdan hamda o‘tganlarning qabrlarini ziyorat qilishdan saqlanib turish tavsiya etiladi.

6. Mo‘min-musulmonlar imkon qadar kasallik tarqalishining oldini olish maqsadida qurbonlik go‘shti ehsonlarini tarqatishda karantin talablariga qat’iy rioya etadi.

7. Pandemiya vaziyatida oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa zarur vositalarning narxini oshirish, bozorlar va do‘konlarda sun’iy ravishda taqchillikni yuzaga keltirish hamda aholi o‘rtasida turli vahimali xabarlarni tarqatish shar’an haromdir.

8. Vaksina olmaslik, uning tarkibi to‘g‘risida bo‘lmag‘ur gaplarni tarqatish durust emas. Davlatimiz barcha talablarga javob beruvchi vaksinalar vositasida ommaviy ravishda emlash ishlarini amalga oshirayotgan ekan, barcha yurtdoshlarimiz o‘zlarini va oila a’zolarini shifokorlar bilan kelishgan holda emlatishlari maqsadga muvofiq bo‘ladi.

9. Ehtiyojmandlar, nogironligi borlar, vaqtincha ishsizlarga ehson ko‘rsatishning, ayniqsa ushbu kunlar va oylarda savobi ulug‘dir. Xayriya va ehson tadbirlarini “Vaqf” jamg‘armasi orqali yoki bevosita amalga oshirish tavsiya etiladi.

10. O‘zbekiston musulmonlari idorasi, uning viloyatlardagi vakilliklari xodimlari va imom-xatiblar ushbu fatvo mazmun-mohiyati bo‘yicha aholining keng qatlamlari orasida batafsil tushuntirish ishlarini amalga oshirishi belgilandi.

“Alloh taolo ushbu kasallikni tez kunlarda bartaraf etishini hamda xalqimizning hayoti tinchlik va osoyishtalikda davom etishini Yaratgandan iltijo qilib qolamiz!” — deyiladi idora xabarida.

Bundan avval hayit namozi ochiq havoda ado etilishi hamda Prezident Mirziyoyev Qurbon hayitini karantin talablariga amal qilgan holda oila davrasida o‘tkazish afzalligi haqida keng tushuntirish ishlarini olib borish bo‘yicha topshiriq bergani haqida xabar berilgandi.