Nyu-York gubernatori Endryu Kuomo qurol ishlatib sodir etilgan zo‘ravonliklar tufayli shtatda favqulodda vaziyat e’lon qildi. Bu haqda uning Twitter sahifasiga tayanib, “RBK” xabar berdi.
“Bugun men qurol ishlatib sodir etilgan zo‘ravonlik munosabati bilan favqulodda holat e’lon qilish to‘g‘risida farmon chiqaryapman. Bu jamoat sog‘lig‘ini saqlash doirasidagi inqiroz va biz shunga yarasha muomala qilishimiz kerak. Favqulodda vaziyatning e’lon qilinishi ushbu inqirozga barcha kerakli e’tibor va mablag‘larni sarflashga imkon beradi”, — deb yozadi gubernator.
Shtatda qurol ishlatib amalga oshiriladigan zo‘ravonlikning oldini olish uchun maxsus boshqarma yaratiladi. Shuningdek, hukumat xavf guruhlaridagi yoshlarni jalb qilish hamda “yoshlarni ko‘chadan qaytarish” maqsadida huquqbuzarliklarning oldini olish va ish o‘rinlarini yaratish dasturlariga 138,7 million dollar miqdorida sarmoya kiritadi, deyiladi gubernatorning matbuot xizmati xabarida.
Bundan tashqari, Nyu-York shtatiga kirib keladigan noqonuniy qurol oqimini to‘xtatish uchun noqonuniy qurol savdosiga qarshi kurash bo‘yicha yangi politsiya bo‘linmasi yaratiladi.
Kuomoning so‘zlariga ko‘ra, jinoyatchilar tomonidan ishlatilgan qurollarning 74 foizi Nyu-York tashqarisida sotib olingan.
Yil boshidan beri Nyu-Yorkda o‘qotar quroldan foydalanish bilan bog‘liq jinoyatlar soni 2020-yilning shu davriga nisbatan deyarli uchdan birga (32 foiz) oshdi, deb xabar berdi CNN. Yanvar oyidan beri shtatda 773 otishma sodir etilib, 895 kishi jarohat olgan.
CNN ma’lumotlariga ko‘ra, Mustaqillik kuni milliy bayrami munosabati bilan 2-iyul, juma oqshomidan 5-iyul, dushanba kuniga qadar davom etgan dam olish kunlari Nyu-Yorkda 29 ta otishma sodir etilgan. Ularning oqibatida 33 kishi jarohat olgan, ikki kishi halok bo‘lgan.
Butun mamlakat bo‘ylab esa 2-iyuldan 4-iyulgacha 400 ga yaqin otishma qayd etilgan va kamida 150 kishi halok bo‘lgan. 4-iyul AQSh mustaqilligi kunida 13 kishi otib o‘ldirilgan. Bir yil oldin bayram kuni sakkizta otishma qayd etilib, sakkiz kishi halok bo‘lgan edi.
CNN qayd etishicha, Chikagoda uch kun ichida 83 kishi o‘qotar quroldan jarohat olgan, ulardan 14 nafari vafot etgan. Mamlakatda sodir etilgan hujumlarda bolalar ham yaralangan. Xususan, Virjiniya shtatining Norfolk shahrida to‘rt nafar bola jarohat olgan: olti yoshli qizaloq va 14-16 yoshli uch o‘smir.
AQSh prezidenti Jo Bayden bir necha bor qurol-yarog‘ qonunchiligini kuchaytirishni targ‘ib qilib, mamlakatdagi “qurolli zo‘ravonlik epidemiyasi” haqida gapirgan.
Muammoni hal qilish uchun Bayden qurol tarkibiy qismlarini erkin sotishni taqiqlashni hamda sudlarga fuqarolardagi qurollarni qarindoshlari yoki boshqalarning iltimosiga binoan vaqtincha olib qo‘yish huquqini berishni taklif qilgan.
Mavzuga doir:
- AQShda temiryo‘l deposida otishma sodir etildi. 8 kishi halok bo‘ldi (video)
- AQShda logistika kompaniyasi omborida otishma sodir bo‘ldi. Qurbonlar bor
- Kaliforniyadagi otishmada 4 kishi halok bo‘ldi. Bu so‘nggi 2 hafta ichida AQShda yuz bergan uchinchi ommaviy qotillik
- Bayden Koloradodagi otishma qurbonlari xotirasiga besh kunlik motam e’lon qildi