Samarqand viloyati Toyloq tumanida Spark rusumli avtomobil yo‘l o‘rtasidagi beton to‘siqqa urilishi oqibatida haydovchi vafot etdi, deya xabar bermoqda YHXBB.

Kadr: Videodan skrinshot

Qayd etilishicha, 2021-yil 5-iyul kuni soat 04:38 larda Tayloq tumanidan o‘tuvchi M-39 Bishkek–Olmaota–Toshkent–Termiz avtomobil yo‘lining 1087-kilometrda Samarqand tumanida yashovchi 1980-yilda tug‘ilgan haydovchi o‘ziga tegishli bo‘lgan Spark avtomashinasini Termiz–Samarqand yo‘nalishi bo‘yicha boshqarib kelayotib, belgilangan tezlikni oshirishi tufayli boshqaruvni yo‘qotgan.

Oqibatda yo‘l o‘rtasidagi beton to‘siqqa urilgan. Haydovchi voqea joyida halok bo‘lgan.

Haydovchi yonida bo‘lgan, 1969-yilda tug‘ilgan yo‘lovchi Toyloq tumani tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.

Mazkur holat yuzasidan Toyloq tumani Tergov bo‘limi tomonidan dastlabki surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Bundan avval Toshkentda sobiq “TAPOiCh” yonidagi uch qavatli ko‘prikdan Matiz tushib ketgani, Surxondaryoda haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan yigit boshqaruvidagi Nexia pastlikka tushib ketgani hamda Bo‘stonliqda Lacetti daraxtga borib urilishi oqibatida bir kishi vafot etgani haqida xabar berilgandi.