Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumanida yashovchi erkak o‘z xotinini xiyonatda ayblab, o‘ldirib qo‘ydi, deya xabar bermoqda “Zamon” informatsion dasturi.

Ma’lum qilinishicha, 2020-yilning 30-mart kuni sudlanuvchi tanishlari bilan ovqatlanish shoxobchasida spirtli ichimlik iste’mol qilgan. Tungi soat 22:00 da uyga kirib kelgan ushbu shaxs turmush o‘rtog‘ini xiyonatda gumonlab, uning telefonidagi qo‘ng‘iroqlar tarixi va ijtimoiy tarmoqdagi profillarini tekshirishga tushadi.

Shundan so‘ng erkak qasddan nizo chiqarib, ayolini xiyonat qilmaganlik uchun qasam ichtiradi. Bunga ishonmagan shaxs uning bo‘yniga oshxona pichog‘i bilan zarba beradi.

Keyin u akasiga telefon qilib, ichki ishlar xodimlarini chaqiring, keliningizni o‘ldirib qo‘ydim, deydi.

Mazkur holat yuzasidan sud ayblanuvchiga 14 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

Bundan avval Samarqandda sobiq qaynona va kelin janjallashib, bir-birini jarohatlagani, Buxorolik ota o‘z o‘g‘lini pichoqlab qo‘ygani hamda Toshkentda 5 yoshli o‘g‘lini urib o‘ldirgan sport murabbiyiga sud hukmi o‘qilgani haqida xabar berilgandi.