Ijtimoiy tarmoqlarda “Samarqand shahridagi ‘Rustam’ mahallasidagi Murodqul ismli zo‘ravon birovning uyiga bosqinchilik qilayotganligi aytilmoqda” sarlavhasi ostida videolavha tarqaldi. Holat bo‘yicha Samarqand viloyati IIB matbuot xizmati ma’lumot berdi.

Foto: Samarqand viloyati IIB matbuot xizmati

Qayd etilishicha, Fuqaro F.M. turmush o‘rtog‘i bilan 2020-yilda qonuniy ajrashgan bo‘lib, sudning majburiy tartibda kiritish to‘g‘risidagi qaroriga asosan, MIB tomonidan turmush o‘rtog‘ining uyiga majburiy tartibda kiritib qo‘yilgan.

2021-yilning 16-iyun kuni F.M. va uning qaynonasi N.M. o‘rtasida kelib chiqqan janjal oqibatida qaynona va kelin bir-birlariga tan jarohatlari yetkazgan.

Janjaldan xabar topgan F.M. (kelin)ning qarindoshlari N.M. (qaynona)ning yashash uyiga kelib, darvoza yopiq bo‘lganligi sababli darvozani urib, ichkariga kirishga uringan.

Holat yuzasidan Samarqand tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Bundan avval andijonlik ayol eri bilan janjallashib qolib, uni pichoqlab o‘ldirgani, Kosonda to‘polon ko‘targan xotin-qizlar mayda bezorilik va karantin qoidalarini buzishda ayblangani hamda Jizzaxda er Telegram’dagi yozishmalari sabab xotinini bo‘ynidan pichoqlab o‘ldirgani haqida xabar berilgandi.