Shifokor Azizbek Boltayev O‘zbekistonda yaqin oylarda 2020-yilning yozida yuz bergan koronavirus bilan bog‘liq yana o‘sha dahshat qaytarilishi kutilayotganini aytdi.

Foto: Repost

“Men O‘zbekistonda koronavirus bilan kasallanish ortishi yangi yilga to‘g‘ri keladi deb taxmin qilgandim. Ammo bu hozir sodir bo‘lyapti. Buni quyidagicha izohlash mumkin. O‘tkazilgan so‘nggi tadqiqotlarga ko‘ra, bemor koronavirusga chalinganidan keyin unda 7 oygacha virusga qarshi immunitet paydo bo‘ladi, keyin esa qonda antitanalar miqdori keskin kamayadi va qayta kasallanish xavfi ortadi”, — deb yozgan u o‘zining Telegram kanalida.

“Taxminimcha, (O‘zbekistonda ushbu gipotezani tasdiqlovchi tadqiqotlar o‘tkazilmagan) o‘tgan yili aholining aksariyati koronavirus bilan kasallandi va bizda jamoaviy immunitet shakllandi. Endilikda bu immunitet tabiiy ravishda yo‘q bo‘lmoqda, xuddi gripp va boshqa ko‘plab yuqumli kasalliklarga nisbatan immunitet vaqt o‘tishi bilan yo‘qolganidek”, — degan shifokor.

Uning fikricha, butun dunyo mamlakatlari kabi O‘zbekiston ham shoshilinch ravishda aholini koronavirusga qarshi emlashi kerak.

“Ammo bizda vaksinatsiya bilan bog‘liq vaziyat qanday? Dunyo bo‘yicha birinchi vaksinani o‘rtacha 20 foizdan ortiq aholi oldi. Rivojlangan mamlakatlarda bu ko‘rsatkich 50-70 foizni tashkil qildi. O‘zbekistonda 15-iyunga kelib aholining uzog‘i bilan 5 foizi vaksinaning birinchi dozasi bilan emlandi. Dunyo mamlakatlaridan besh baravar, qo‘shni Qozog‘istondan esa ikki baravar ortda qolyapmiz. Bu yaqqol ko‘rinishi uchun grafikda keltiraman. Aytmoqchi, unga qarab qanchalik rivojlan(ma)gan davlat ekanimiz aniqroq ko‘rish mumkin”, — degan Boltayev.

Foto: Telegram / @DoctorBoltaev

Uning qo‘shimcha qilishicha, koronavirus bo‘yicha hukumat komissiyasi boshchiligidagi Sog‘liqni saqlash vazirligiga pandemiyaga qarshi choralarini yomon tashkil etgani, o‘tgan yilgi qiyinchiliklardan tegishli xulosa chiqarmagani, shuningdek, vaksinatsiya kampaniyasini ochiqchasiga zaif tashkillashtirayotgani uchun ikki baho berilishi kerak.

Boltayevning so‘zlariga ko‘ra, emlash kampaniyasini quyidagilar orqali kuchaytirish zarur:

  • zarur dozadagi vaksinani tezda sotib olishni ta’minlash uchun katta moliyaviy va diplomatik resurslarni yo‘naltirish;
  • ancha vaqt oldin va’da qilingan “Sputnik V” vaksinasini mahalliy ishlab chiqarilishini tezlashtirish;
  • virusni neytralashtiruvchi antitanalarga ega bo‘lmagan aholining ayrim guruhlari (shifokorlar, “formadagi odamlar”, o‘qituvchilar / tarbiyachilar, davlat xizmatchilari) uchun vaksinasiyani majburiy qilish;
  • vaksinatsiya huquqiga ega bo‘lgan toifadagi fuqarolarga cheklovlarni olib tashlash — emlanishni istagan har bir kishi zudlik bilan bunday imkoniyatni olishi.

Shuningdek, yopiq muassasalarda ommaviy tadbirlarni o‘tkazishni taqiqlash kerakligini ham qo‘shimcha qilgan.

Boshqa chora-tadbirlar qatorida niqob rejimini davlat amaldorlarining shaxsiy namunasi orqali kuchaytirish, bepul niqoblarning keng miqiyosda ta’minlash, niqob rejimi ustidan huquq-tartibot organlari nazoratini kuchaytirish va rejimni buzganlik uchun jarima choralari muqarrarligini ta’minlash kabilarni keltirgan.

“Vaksinasiya darajasi pastligi, shuningdek, niqobdan foydalanishning kamayganligini (bu borada ham tadqiqot yo‘q bo‘lsa ham, shaxsiy kuzatuvlarimga ko‘ra, hozirda niqobdan aholining 10 foizidan kamrog‘i foydalanadi) e’tiborga olib, O‘zbekistonni yaqin oylarda o‘tgan yili yozida boshdan kechirgan dahshat kutmoqda. Eslatib o‘taman: Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘tgan yili koronavirusdan atigi 614 kishi vafot etganini ma’lum qilgan, rasmiy statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2020-yilda O‘zbekistonda so‘nggi 5 yilga qaraganda 21 mingtaga ko‘p o‘lim holatlari qayd etilgan”, — deya so‘zlarini yakunlagan shifokor.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyining oxirlarida bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev O‘zbekistonda koronavirusga qarshi emlash jarayoni fuqarolarda xohish yo‘qligi, vaksinaga ishonch kamligi sabab sust ketayotganini, jarayonni tezlatish uchun targ‘ibot ishlari kuchaytirilishini aytgandi. O‘zbekiston va Rossiya hukumatlari “Sputnik V”ni ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga may oyining oxirlarida kelishgandi.

Ayni paytda mamlakatda kunlik kasallanish holatlari soni yana ortib bormoqda. 20-iyun kuni 427 kishida, 19-iyun kuni 415 kishida, 18-iyunda 391 kishida, 17-iyunda 385 kishi, 16-iyunda 371 kishi, 15-iyunda 350 kishida koronavirus tasdiqlandi.