Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Qoraqalpog‘iston, Toshkent shahar va viloyatlarda “Avto 60 oy” MCHJdan jabr ko‘rgan fuqarolarga pullarini qaytarish bo‘yicha ishchi guruh tuzildi, deya “Daryo”ga xabar bermoqda Majburiy ijro byurosi matbuot xizmati.

“Avto 60 oy” mansabdor shaxslari J.B. va boshqalarning jinoiy harakatlari natijasida jabr ko‘rgan fuqarolarga yetkazilgan moddiy zararlarni qoplash maqsadida Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi xodimlaridan iborat tarkibda Qoraqalpog‘iston, Toshkent shahar va viloyatlarda ishchi guruhlar tashkil etildi.

Hozirda ishchi guruhlarga 2144 nafar fuqaro murojaat qilib, o‘zlariga tegishli hisob raqamlar haqidagi ma’lumotlarni taqdim qilgan.

Shuningdek, moddiy zararni qaytarish masalasida murojaat etmagan fuqarolarga hududlarda tashkil etilgan ishchi guruhlarga murojaat qilishlari va yetkazilgan zararlar qisqa muddatda ularning hisob raqamlariga o‘tkazilishi eslatib o‘tilgan.

“Jamiyatdan jabr ko‘rgan fuqarolarimizning aksariyati viloyatlarda yashashligini inobatga olib, ularga yanada qulaylik yaratish va ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olish maqsadida quyidagi manzillarga shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar (fuqarolik pasporti) hamda plastik kartochkalari bilan Majburiy ijro byurosining hududiy boshqarmalariga (dushanba-juma kunlari soat 09:00 dan 18:00 ga qadar) murojaat qilishlari so‘raladi”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, “Avto 60 oy” MChJning mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan 2019-yil 12-oktabr kuni Jinoyat kodeksining 188-1-moddasi 1-qismi (pul mablag‘larini va (yoki) boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyat) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.

Tergov jarayonida J.B. o‘zining jinoiy sheriklari bilan oldindan til biriktirib, bir guruh bo‘lib, “Avto 60 oy” va Catalea Media MChJ va YaTT “J.B.”ni tashkil etib, 3 oy muddat ichida O‘zbekistonda UzAuto Motors AJ tomonidan ishlab chiqarilgan avtomashinalarni yetkazib berishni va’da qilib, avtomashina rusumiga qarab, 1 million so‘mdan 10 million so‘mgacha bo‘lgan miqdorda pul olib, mablag‘larni qo‘lga kiritgani aniqlangan.

Jinoyat ishi bo‘yicha “Avto 60 oy” MChJ bosh ofisidan olingan buxgalteriya hujjatlaridagi ma’lumotlar bo‘yicha 19 344 dan ortiq shaxslar bilan shartnomalar tuzganligi aniqlangan va ushbu shartnomalar jinoyat ishiga qo‘shilgan. Tergov harakatlari davomida jami yetkazilgan moddiy zarar 47,7 milliard so‘m ekani aniqlanib, shundan 36,8 milliard so‘m undirilgan.

Sud hukmiga ko‘ra, J.B. (“Avto 60 oy” MChJ rahbari)ga uzil-kesil o‘tash uchun 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Nukus voqealarida ayblanayotganlar sudi davom etmoqda: asosiy gumonlanuvchilardan biri ikkinchisini firibgar deb atadi
Mahalliy
Qashqadaryoda 3 kunlik firma 2,6 mlrd so‘mlik issiqxona o‘rnatish tenderini yutib oldi
Dunyo
Lukashenko Belarus tashqi ishlar vaziri Makey bilan vidolashuv marosimida ishtirok etdi (foto)