“Shashmaqom”, “Katta ashula”, Xorazm “Lazgi”si kabi o‘zbek milliy musiqa yo‘nalishlari va raqslari YuNESKO nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lsa, xalqaro miqyosdagi “Sharq taronalari”, maqom, baxshichilik festivallarining o‘tkazilishi esa an’anaga aylanib ulgurdi. Ammo o‘zbek milliy musiqasi shu ro‘yxatlar va festivallarda qolib ketayotgandek go‘yo. “Daryo” muxbiri Oxus Culture jamiyati rahbari Husniddin Ato bilan o‘zbek milliy musiqasi va kuylarining targ‘iboti hamda saqlab qolinishi uchun qilinayotgan ishlar haqida suhbatlashdi.

Husniddin Ato.

Foto: Dilruh Isomiddinova

Husniddin Ato — dunyo musiqasi bo‘yicha ekspert, xalqaro toifadagi madaniyat va san’at menejeri, trener. Transglobal World Music Chart loyihasi, ICCIRA — Madaniyat va ijod sohalari xalqaro ma’muriy tashkiloti direktorlar kengashi, MusiConnect Asia — Osiyo mintaqasi dunyo musiqasi ijodkorlar birlashmasi boshqaruv kengashi, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, Oxus Culture jamiyati rahbari, O‘zbekiston nomoddiy-madaniy merosining targ‘ibotchisi, fotojurnalist.

“Eng katta muammo — madaniyat tizimidagilarning nomoddiy merosni shou-biznesdan ajratishga aqllari yetmayotganida”

Nomoddiy-madaniy meros bo‘yicha kim qanday faoliyat ko‘rsatmasin, har kimning professional ishi davom etishi, meros targ‘ibotiga bo‘lgan to‘siqlar olib tashlanishi kerak. Bizdagi eng katta to‘siq — litsenziyalash tartibi. Daromad keltirsa-ku, mayli, bir chorasi topilar, lekin bu tartib daromadi haminqadar milliy musiqa vakillarining ko‘zini ko‘r, qulog‘ini kar qilib, oyog‘ini kishanlab turibdi.

Qiziq tomoni, moddiy-madaniy merosimizga kiradigan hunarmandchilik sohasida litsenziyalash tartibi yo‘q. Hunarmandlar azaldan o‘lmas merosimizni targ‘ib etishayotgani uchun hatto soliqlardan ham ozod etilgan. Shunchaki “Hunarmand” uyushmasiga a’zolik badalini to‘lab, ishlayveradi. Nomoddiy-madaniy meros ham hunarmandchilikdek gap.

O‘zbekiston xalq baxshisi Abdunazar Poyonov ishtirokidagi ilk “Doston kechasi”. O‘shanda “Malla savdogar” dostoni ijro etilgan, musiqiy kecha uch soatdan ortiq davom etgan edi. Toshkent, Tasviriy san’at galereyasi, 2015-yil 24-yanvar.

Foto: Husniddin Ato

Meni o‘ylantirgani, nega hunarmandchilikni meros hisoblab, u uchun alohida tartib-qoidalar yaratamiz-u, nomoddiy-madaniy merosga kelganda jim turamiz?! Milliy musiqamiz negadir estrada qonun-qoidalarga amal qilishga majbur. Chunki nomoddiy madaniy meros namunalarining o‘zi uchun qoidalar ishlab chiqilmagan. U ham hunarmandchilik kabi to‘siqlarsiz, chegaralarsiz erkin bo‘lishga, uning targ‘ibotchilari esa professional konsertlar tashkil etgan holda daromad topishga haqli.

Oddiy tuzdonni olaylik — agar buni biror kompaniya tayyorlasa, davlatga soliq to‘laydi, lekin hunarmand yasasa, soliqdan ozod etiladi. Bundan tashqari, yasagan mahsulotlarini sotib, hunarini davom ettirib, daromad topaveradi.

Ko‘pgina xorij davlatlarida bo‘lib, biror yerda san’atkor konsert qo‘yishi uchun kimdandir O‘zbekistondagi kabi maxsus ruxsatnoma olishini hech uchratmadim. Mayli, estrada to‘g‘risida gapirmayman, ammo istalgan san’atda ham litsenziya kerak emas. Aslida, litsenziya tartibi mafkurani jilovlash maqsadida, san’atkorning xohlagan narsani ijro etmasligi, ovozini, san’atga loyiqligini tekshirib ko‘rish uchun joriy etilgan. Bugun esa, ko‘rib turibmizki, litsenziya joriy etilishidan ko‘zlangan asl maqsad umuman o‘zgargan va istalgan xonanda istalgan mazmundagi taronasini ijro qilib kelmoqda.

Litsenziyalash tartibining o‘zida ham turli mantiqsizliklar bor. Konsert tashkillashtiruvchi tashkilot emas, aynan sozanda va xonanda, ya’ni ijrochi litsenziya olishi kerak. An’anaviy va xalq musiqa merosi yo‘nalishida ijod qilayotgan ijrochi ortiqcha, ehtimoliy boshog‘riqlarga uchramaslik uchun xonanda yoki sozanda san’atini bunday konsertlarda emas, balki davlat tadbirlari yoki to‘ylardagi turli kichik doiralarda ijro etish bilan kifoyalanib qo‘ya qoladi. Ijrochi bo‘lmagandan keyin konsert tashkillashtiruvchi ham bo‘lmaydi. Mavjudlari ham buguni va kelajagi yo‘q bunday sohadan bosh olib ketadi.

“Mumtoz musiqa oqshomi” dasturi doirasidagi “Torlar bazmi” musiqa kechasidan lavha. “Mumtoz musiqa oqshomi” dasturi 2014-yildan buyon tashkillashtirib kelinadi. Toshkent, Tasviriy san’at galereyasi, 2018-yil 8-may.

Foto: Husniddin Ato

Eng katta muammo — madaniyat tizimidagilarning nomoddiy merosni estradadan, shou-biznesdan ajratishga aqllari yetmayotganida.

Ma’lumot uchun: Prezidentning 2020-yil e’lon qilingan “Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni loyihasida konsert-tomosha faoliyati uchun litsenziya (ruxsatnoma) olish tartibini bekor qilib, xabardor qilish tartibini joriy etishni nazarda tutuvchi normalar ko‘zda tutilgan edi, ammo yakunda 2021-yil 1-yanvardan boshlab litsenziya olish tartibi bekor bo‘lgan ko‘plab tarmoqlar qatoriga konsert-tomosha faoliyati kiritilmadi.

Agarda bu meros targ‘iboti hukumat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmasa, undagi to‘siqlar olib tashlanib, litsenziya tartibi bekor qilinsa ham soha rivojlanib ketolmasligi mumkin. Hozirgi mavjud dastur va ko‘maklar yetarli emas. Bizda madaniyat sohasining shou-biznesdan boshqa deyarli barcha tarmoqlari davlat tasarrufida. Chunki shou-biznes daromad degani.

O‘zini-o‘zi qoplamaydigan sohalarni esa davlat moliyalashtiradi. Shu bois, an’anaviy ansambllar, milliy musiqa konsertlari ham faqat davlat tomonidan, ma’lum belgilangan mavsumlardagina qo‘yiladi. Ya’ni xususiy tarmoqqa yo‘l yo‘q. Daromad qilib bo‘lmaydigan sohaga xususiy tashkilotlarning kirib kelishi, nomoddiy madaniy merosning ham mahalliy, ham xalqaro maydondagi targ‘ibotiga yelkama-yelka bo‘lishi uchun esa ma’lum imtiyozlar, qo‘llovlar bo‘lishi kerak.

“‘Sen xususiy sektorsan! O‘z aravangni o‘zing tort’, deyishadi”

Nomoddiy-madaniy merosimizning xalqaro maydonga chiqishiga yetarli e’tibor berilmagach, garchi moliyaviy imkoniyatimiz haminqadar bo‘lib, daromad yo‘qligini bilsak-da, boshqa sohadan topganlarimizni o‘rtaga qo‘yib, xususiy holatda ish boshlaganmiz.

Ma’lumot uchun: Husniddin Ato 2013-yili nomoddiy-madaniy meros targ‘iboti bilan shug‘ullanuvchi Oxus Culture (“Oks madaniyati”) jamiyatiga asos solgan. Bugungi kungacha ushbu jamiyat xalqaro maydonda o‘zbek nomoddiy madaniy merosi targ‘iboti bilan shug‘ullanib keladi. “Oks” — Amudaryoning qadimgi nomi. Amudaryo qadimdan Sharq va G‘arb madaniyatlari almashinuvidagi joy. Husniddin Atoga ko‘ra, madaniyatlar almashinuvini yana davom ettirish uchun jamiyat nomi shunday atalgan.

An’anaviy musiqa targ‘iboti bilan 8 yildan beri, davlatdan hech qanday yordam olmay, tashkilotimiz bilan xususiy holatda ishlayapmiz. Hatto xarajatlarni qoplay olmaymiz. Shuning uchun ko‘pincha xorijdagi konsertlarga borishga, qatnashishga imkonimiz yetmaydi.

Davlatdan yordam so‘rasak, “sen xususiy sektorsan, o‘z aravangni o‘zing tort”, deyishadi. To‘g‘ri, biz xususiymiz, lekin milliy, barchamiz bong urib maqtanadigan musiqaning targ‘iboti bilan shug‘ullanyapmiz.

Doston kechasi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Otaxon Matyoqubov ijrosidagi “Go‘ro‘g‘lining tug‘ilishi” dostoni ijrosi.

O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasi, Toshkent, 01.27.2018

Foto: Husniddin Ato

Barcha sohalarda xususiy sektorning faoliyati qo‘llab-quvvatlanayotgan bir paytda hukumat o‘zi sezmagan holda madaniyat sohasida muammo yaratilishiga yo‘l qo‘ymoqda. Ko‘plab sohalarni qamrab olayotgan imtiyozlar madaniyat sohasini chetlab o‘taveradi.

E’tibor bersangiz, rasmiy faoliyat olib boradigan, konsertlar orqali daromad topadigan birorta mustaqil an’anaviy musiqa va raqs jamoalarini uchratmaysiz. Buni inkor etadiganlar bilan bahslashishga tayyorman. Hukumat madaniy meros targ‘iboti bilan shug‘ullanishni maqsad qilgan xususiy sektor vakillariga bee’tibor.

Qancha loyihalarni boshlamang, ko‘zi bilan ko‘rib, fikri o‘zgarar, deb tadbirlaringizga taklifnomalar jo‘natmang, sizni hatto eslashmaydi ham. Chunki siz davlat sektoridan emassiz. Xususiysiz. Begonasiz. Ta’bir joiz bo‘lsa, o‘gaysiz. Karantin davrida ham hech kimdan yordam so‘rolmaysiz.

Meksika va Kanadadagi hamkorlarimiz Amerika tomonlarga yo‘limiz tushib, konsert qo‘yishimizni kutib turishibdi. Avval pandemiya sabab yo‘llar yopildi, borolmadik. Endi yo‘llar ochiq, ammo moliyaviy ahvolimiz tang. Agar kimdir moliyaviy qo‘llasa, Kanada, AQSh va Meksikada bir nechtalab konsert qo‘yishga tayyormiz.

Bilasizmi, ba’zida turli shoular, tadbirlar uchun milliardlab pul sarflanganini ko‘rib, shu mablag‘ bizga ajratilsa bo‘lmasmidi, deb qolaman. Misol uchun, “Toshkent Besh tashabbus harakati” yoshlar festivalida bezatish ishlariga ketgan pul Avstraliyadan Kanadagacha professional tarzda 50 ta konsert qo‘yishimizga yetishi mumkin edi.

Biz muhokama qilayotgan sohalarga metsenatlar, san’atga shaydo hotamtoylarning yordami, albatta, kerak. Ammo xususiy tarmoqqa yo‘l ochib berilmasa, metsenatlarning harakati pulni behuda sovurishdan boshqa narsa bo‘lmaydi. Yuqorida aytganimizdek, tez daromad olish qiyin bo‘lgan sohaga xususiy sektorning kirib kelishi uchun o‘sha tarmoqqa imtiyozlar berilishi, turli soliqlardan ozod qilinishi, qo‘llab-quvvatlanishi kerak. Aks holda, bir kun kelib metsenatning puli tugasa, barchasi yana to‘xtaydi.

“Qachongacha nomoddiy merosimiz estrada bilan bir qozonda qaynaydi?”

Birgina “Mualliflik huquqlari to‘g‘risida”gi qonunning an’anaviy musiqa uchun ham amal qilishi sohadagi katta-katta yo‘qotishlarga sabab bo‘ladi. Estrada yo‘nalishidagi musiqa va so‘zlarning mualliflari aniq. Lekin milliy musiqamiz ijrosida g‘azallar, xalq og‘zaki ijodi bilan shu kungacha yetib kelgan qo‘shiqlar, dostonlardan foydalaniladi. San’atkor ularni ijro etayotganda mualliflik asarini emas, merosni ijro etadi va o‘sha merosni davom ettiradi.

Taxminan, 15 yil oldin xonanda Nasiba Sattorovaning bir qancha taronalarini targ‘ibot maqsadida YouTube kanalimizga qo‘ygan edik. Xonanda mualliflik huquqlari bo‘yicha bir tashkilot bilan shartnoma imzolagan ekan. Unga ko‘ra, Nasiba Sattorovaning ijrolarini ijtimoiy tarmoqlarga qo‘yish faqat shartnoma imzolagan tashkilotga mumkin ekan. Mendan taronalarni o‘z sahifamdan olib tashlashimni so‘rashgan.

Xonanda Gulzoda Xudoynazarova (orqa fonda, doira bilan) WOMEX — Jahon musiqa yarmarkasida kuylamoqda. Gulzoda Xudoynazarova ushbu tadbirda rasmiy konsert bergan ilk o‘zbekistonlik ijrochi hisoblanadi. Ispaniya, Santyago-de-Kompostela, 2016-yil 21-oktabr.

Foto: Sardor Gaziyev

Biz faqat targ‘ibot maqsadida qo‘yganmiz, foyda olmaymiz, qolaversa, shaxsning emas, merosning targ‘iboti bilan shug‘ullanyapmiz desam ham ko‘nishmadi. Noiloj olib tashladim. Lekin o‘sha taronalar internetda hali ham yo‘q. Hozirgi avlod bu taronalardan foydalana olmayapti.

Turli qonunlar ishlab chiqilayotganda nomoddiy madaniy merosning estrada yoki boshqa san’atlardan farq qilishini inobatga olib, alohida bandlari ishlab chiqilishi kerak. Qachongacha nomoddiy merosimiz estrada bilan bir qozonda qaynaydi? Bugungi Mualliflik huquqlarini himoya qilish departamentining ham milliy musiqamizning keng yoyilishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatish ehtimoli bor.

Xalqaro maydonda butun dunyodan 50 dan ortiq musiqiy mutaxassislar to‘planadigan Transglobal World Music Chart loyihasi mavjud. Husniddin Ato unda O‘zbekistoning yagona a’zosi. Loyihaga har oyda musiqaning turli yo‘nalishlaridan dunyo bo‘ylab chiqadigan 40 dan ziyod audio-albomlar kelib tushadi. A’zolar ushbu albomlardagi musiqalarni eshitib chiqadi va baholaydi. Undan TOP-albomlar tayyorlanadi. Husniddin Atoning aytishicha, O‘zbekistonning biror musiqasi va musiqachisi bu loyihada eshitilmagan va tanlanmagan.

“Dunyo bizdan Turg‘un Alimatov bilan Munojot Yo‘lchiyevadan boshqa hech kimni bilmaydi”

Xalqaro maydonni oladigan bo‘lsak, bir oyda yoki bir yilda qaysi milliy musiqamiz chetga chiqqani bilan xursand bo‘la olamiz? Qachon O‘zbekiston dunyoga milliy qadriyatlar bilan yetishib kelgan san’atini, ohangini eksport qila boshlaydi?

Buxoroning “Manzur” ansambli va oshpaz Bahriddin Chustiy hamrohligida Estoniyaga amalga oshirilgan ijodiy safardan lavha. Safar Oxus Culture va Estoniyaning MUUILMAMUUSICA tashkiloti hamkorligida tashkil etilgan. Estoniya, Alatskivi qal’asi, 2017-yil 1-aprel.

Foto: Hannes Pikkat

Mahalliy maydonda turli to‘siqlardan charchagan san’atkorlar xalqaro miqyosga chiqqanda faqatgina konsert qo‘ymay, raqobatchilari bilan kurashishi, ularga munosib tarzda o‘z san’atini namoyon etishi kerak bo‘ladi. U yerda hech kim sizning musiqangiz an’anaviy ekan, sizni qadrlaymiz, deb aytmaydi. Auditoriya, tinglovchi uchun kurash ketadi.

Yaponiya sushini, Italiya spagettini olib borsa, biz palovni olib boramiz. Taomda faqat palovimiz, milliy musiqada faqat maqomimiz bilan raqobatga kirisha olmaymiz-ku! Boshqa san’atlarimizni ham namoyon etishimiz, boshqa san’atkorlarni ham yetishtirishimiz kerak. Dunyo haligacha Turg‘un Alimatov bilan Munojot Yo‘lchiyevadan boshqa o‘zbekistonlikni bilmaydi. Bu uyat.

“20 yil oldin milliy musiqaning ahvoli bugungidan yaxshi edi”

O‘sha paytda ham bugungidek litsenziya tartibi bor edi, mustaqil konsert qo‘yish imkoni yo‘q bo‘lsa-da, milliy musiqaning ahvoli bugungidan ancha yaxshi edi. Bugun-chi, mutlaqo boshqa manzara. Chunki daromadga boy estradaning qo‘li baland keldi, u yanada ko‘p va xo‘b yangramoqda, nomoddiy madaniy meros esa uning changida qolib ketdi.

Xalqaro darajadagi sanoqli festivallarimiz haqida ma’lumot olish uchun platforma ham yo‘q. Xorijdan keladigan sayyoh yoki mahalliy shinavanda festivallarning qachon, qayerda o‘tkazilishi, tadbir nimalardan iboratligi haqida qayerdan ma’lumot oladi?

“OAVda madaniyat sohasi muammolarining tahlil qilinmasligi xatolarning to‘g‘rilanmasligi, takliflarning eshitilmasligiga sabab bo‘lmoqda”

Yolg‘iz otning changi chiqmas deyishadi. Bu borada faqatgina ozchilik mutaxassislarning fikrlari inobatga olinmayotgan ekan, demak, ovozni ko‘tarish kerak. Sohadagi tahliliy maqolalarning kamligi, mavjud muammolarning OAVda keng yoritilmayotgani ham oqsashlarga, yaralarning o‘rni bitmasdan, gazak olishiga sabab bo‘lmoqda.

Ushbu sohada tahliliy maqolalar yoza oladigan jurnalistlarning mavjud emasligi Madaniyat vazirligi va soha mutasaddilarining qanchalik “baxti” bo‘lsa, madaniyat va san’at uchun shunchalik katta fojiadir.

O‘zbekiston xalq baxshisi Abdunazar Poyonov birinchi “Doston ko‘chasi”da “Malla savdogar” dostonini to‘liq ijro etmoqda. Kecha uch soatdan ortiq davom etgan. Toshkent, Tasviriy san’at galereyasi, 2015-yil 24-yanvar.

Foto: Dilshod Sharipov

Bundan bir necha yillar ilgari Madaniyat vaziri o‘rinbosari Kamola Akilova ishtirokidagi yig‘ilishda san’at sohasidagi jurnalistlarning malakasini oshirishimiz, treninglar o‘tkazishimiz kerakligi haqida taklif bergandim. Ehtimol, bu tajriba xatolarimizni ko‘rsatsa, biz uchun yaxshi bo‘lmasligi, biroq san’at va madaniyat rivoji uchun zarur ekanligi haqida gapirganimda, fikrimni qo‘llab-quvvatlashgandi. Lekin keyin hech qanday harakat kuzatilmadi. Rasmiy tarafdan sado chiqmagach, bu ishga o‘zimiz kirishdik.

Madaniyat sohasida yozadigan, tahlil qila oladigan jurnalistlarning malakasini oshirish maqsadida xalqaro darajadagi madaniyat va san’at menejeri, biznes-kouch Sardor Gaziyev bilan birga Toshkentdagi Gyote instituti bilan hamkorlikda “Art bloger” loyihasini boshladik. Loyihamizda katta qismi davlat tasarrufida bo‘lgan davlat tashkilotlaridan mutaxassislar, maslahatchilar, jurnalist va blogerlar qatnashishini kutgandik. Afsus, bunday bo‘lmadi, vaholanki loyiha mutlaqo bepul edi.

Mana, hozir ko‘rib turibsiz — Madaniyat vazirligining sayti ham nari-beri ishlaydi, vazirning matbuot kotibi almashaveradi, sohani tushunadigan matbuot kotibi haligacha yo‘q. Vazirlikda O‘zbekiston madaniyati imiji bilan jiddiy shug‘ullanadigan mutaxassisni ham ko‘rmayapmiz. Shungami, sohadagi muammolarni hech bir jurnalist olib chiqmayapti.

2014-yildan beri hukumat va vazirlikka kiritayotgan takliflarimiz taklifligicha qolib ketmoqda. Agar jurnalistika fakultetlarida san’at va madaniyat jurnalistikasi, artbloging bo‘yicha darslar qo‘yilsa, biz har jihatdan ko‘maklashishga tayyormiz.

Husniddin Ato rahbarligidagi Oxus Culture jamiyati o‘zbek milliy musiqasi targ‘ibotining asosiy qismini O‘zbekistonda emas, xorijda olib boradi. Buning sababi quyidagicha:

Moliyaviy ahvol tang. Xorijga bir gastrolga chiqqanda chet eldagi hamkorlar yordami bilan 10—15 talab konsert qo‘yamiz, ammo Termizdan Toshkentga bir baxshini olib kelish uchun moliyaviy imkoniyatimiz yetmaydi.

Mumtoz musiqa konsertlari bo‘yicha gapirganimda deyarli barchaning, hatto yuqori martabali soha rahbarlari, senatorlarning ham bunaqa konsertlarga odam kiradimi o‘zi, degan savoliga duch kelaman. San’atning har bir sohasida auditoriya bor. Avval sharoit yaratilishi lozim.

Yuqorida ta’kidlaganimdek, san’atda hammasi muvozanat, xilma-xillik saqlanishiga bog‘liq. Hamma tinglashi shart emas. Biz bunga majburlamaymiz ham. Barchaning o‘z erkin tanlov huquqi bor. Biz ular “bu yerda sizlarni eshituvchilar yo‘q” degan auditoriyadan shinavandalarni topa oldik.

Musiqaning hech kimga keragi yo‘q, dersiz. Lekin biz meros haqida gapiryapmiz. O‘zbekistonning havosidan bahra olmoqchi bo‘lsak, tog‘lariga chiqamiz. Ta’mini tatib ko‘rmoqchi bo‘lsak, taomini yeymiz. Qo‘lda ushlab ko‘rgimiz kelsa, tarixiy obidalari, muzeylariga boramiz. Xo‘sh, O‘zbekistonning ohangini tinglamoqchi bo‘lsak-chi, qayerga boramiz?

Har bir yoki ikki yilda bo‘ladigan festivallarni kutishimiz kerakmi? Meros qachon saqlanib qoladi? Unga murojaat qilinganda, u topilsa saqlanib qoladi. Puli bo‘lganda uyga chaqirish yoki ma’lum mavsumda sanoqli konsertlar qilish bilan biz ijrochini saqlab qolarmiz, lekin san’at saqlanmaydi.

Husniddin Ato.

Foto: Dilruh Isomiddinova

Bugun Buxoro, Samarqand, Xiva kabi tarixiy shaharlarimizda oldindan buyurtirib qo‘yish orqali sayyohlar uchun har kun musiqa topa olasiz. Ammo musiqa faqat sayyohlar uchun kuylanganda ham saqlab qolinmaydi. Biz asl shinavandani yo‘qotyapmiz. Biz majburlamaymiz, ammo tanlov bo‘lsin. San’atda muvozanat bo‘lsin.

Estrada keng yoyilyaptimi, milliy musiqaning yoyilishiga ham o‘rin berilsin, ko‘maklashilsin.

Muallif:Ziyoda Ramazonova