Davlat xizmatlari agentligi xodimlarining aholiga xizmat ko‘rsatishi uchun qurib bitkazilgan 147-markaz Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida ish boshladi, deya xabar berdi “Daryo” muxbiri.
Ta’kidlanishicha, tumanda faoliyatini boshlagan Davlat xizmatlari agentligining yangi binosi ochilishida Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari Sharlotta Adrian va BMT TDning O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovskalar ishtirok etgan.
Markaz ochilishida so‘z olgan tuman hokimi Zoir Aliqulov tumanda faoliyatini boshlagan zamonaviy binoda aholiga 150 turdan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatilishini ta’kidlab, e’tibor uchun tashkilotchilarga minnatdorlik izhor qilgan.
Tadbirda ta’kidlanishicha, Dehqonobodda ish boshlagan Davlat xizmatlari markazining yangi binosi 4 milliard 582 million so‘mga qurib bitkazilgan bo‘lib, mazkur bino respublikada davlat xizmatlari agentligi xodimlari uchun qurib foydalanishga topshirilgan 147-bino hisoblanadi.
“Dehqonobod tumani Yevropa Ittifoqi, Davlat xizmatlari agentligi, BMTTD hamkorligidagi ‘O‘zbekistonning qishloq hududlarida davlat xizmatlarini taqdim etishni takomillashtirish va boshqaruv darajasini oshirish’ qo‘shma loyihasi doirasida sinov hududlari sifatida tanlab olingan yettita hududlardan biri hisoblanadi. Shu sabab markazda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash markazi ham o‘z faoliyatini boshlaydi. U yerda ayollar biznesni boshlash va yuritish, huquqiy masalalar, bepul psixolog maslahati va yordamini olishlari mumkin bo‘ladi”, — deydi tuman hokimi Zoir Aliqulov.
Izoh (0)