Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanida fuqaroning 52 800 AQSh dollarini qo‘lga kiritgan firibgarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, Departamentning Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro J.I. firibgarlik yo‘li bilan o‘zganing mulkini qo‘lga kiritish maqsadida fuqaro M.ning ishonchiga kirib, unga tanishlari orqali tuman hududidan 24 sotix bo‘sh yer maydonini olib berishi evaziga 52 800 AQSh dollarini olib, o‘zining ehtiyojlariga sarflab yuborganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Bundan avval Andijonda 100 gektar yer ajratib berish evaziga 128 ming dollar pora olgan mansabdor shaxslarga sud hukmi o‘qilgani, Farg‘onada Koreyadagi universitetga imtihonsiz kiritib qo‘yishni va’da qilib, maktab o‘quvchilaridan jami 20 million so‘m olgan shaxslar aniqlangani hamda Angrenda 3,5 ming dollar evaziga Jismoniy tarbiya universitetiga kiritib qo‘ymoqchi bo‘lgan shaxs ushlangani haqida xabar berilgandi.