Farg‘onada Qirg‘iziston orqali o‘tuvchi fuqarolarga soxta PZR-test tahlili natijasini sotish bilan shug‘ullangan 27 yoshli yigit qo‘lga olindi. Bu haqda IIV Transportda xavsizlikni ta’minlash bosh boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 4-iyun kuni Farg‘ona viloyatida yashovchi “A” ismli fuqaro Farg‘ona viloyati IIB TXTB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib, viloyatning Quvasoy shahar hududida joylashgan chegara maskani yonida COVID-19 test markazida ishlovchi “B” ismli shaxs Qirg‘iziston orqali o‘tuvchi fuqarolarga COVID-19 ma’lumotnomasini hech qanday PZR-tahlilni olmasdan, noqonuniy ravishda pul evaziga soxta ma’lumotnoma tayyorlab berayotganligini ma’lum qilib, holat yuzasidan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Mazkur ariza yuzasidan shu kuni Farg‘ona viloyati IIB TXTB JQB xodimlari tomonidan olib borilgan tadbir davomida Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida joylashgan “Sog‘lom kelajak sirlari—2019” MChJning filialida feldsher bo‘lib ishlovchi 27 yoshli B.M. 100 ming so‘m evaziga tadbirga jalb etilgan “A” ismli fuqaroga PZR-tahlilni olmasdan COVID-19 ma’lumotnomasi bo‘yicha soxta hujjatlarni berayotganida ushlangan.
Avvalroq Farg‘onada soxta PZR-test ma’lumotnomasi va Rossiyada davolanish uchun taklifnoma sotish bilan shug‘ullangan shaxs qo‘lga olingani, Namangan va Samarqandda soxta PZR-testlarni sotayotgan shaxslar ushlangani, Denovda soxta PZR-test natijalarini sotish bilan shug‘ullangan tibbiyot xodimlari qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.