AQSh prezidenti Jo Bayden 3-iyun kuni dunyodagi korrupsiyaga qarshi kurashni mamlakat milliy xavfsizligi sohasidagi muhim vazifalardan biri sifatida belgilaydigan memorandumni imzoladi. Bu haqda prezident ma’muriyati vakiliga tayanib, “TASS” xabar berdi.

Foto: AP Photo

“Ushbu memorandum bilan AQSh prezidenti korrupsiyaga qarshi kurashni rasman AQSh Milliy xavfsizligining asosiy vazifasi sifatida belgilamoqda. Prezident saylovoldi tashviqoti chog‘ida mazkur kurashga sodiq qolishini bildirgan edi. Hukumat va uning hamkorlari korrupsiyaga qarshi kurashish choralarini qanday qilib kuchaytirishi, muvofiqlashtirishi bo‘yicha ma’muriyatga 200 kun ichida tahlil o‘tkazish hamda hisobot va tavsiyalar taqdim etish topshirildi”, — dedi ma’muriyat vakili.

Uning ta’kidlashicha, ushbu memorandum korrupsiyani moliyalashtirishga qarshi kurashish va bu uchun javobgarlikni ta’minlash uchun xalqaro hamkorlikni nazarda tutadi.

“Korrupsiyaga qarshi mazkur keng ko‘lamli yondashuv AQShning har bir idorasi tomonidan amalga oshiriladi. Ishonchimiz komilki, memorandumning amalga oshirilishi dunyoda korrupsiyaga qarshi kurashishda yangi qat’iyatli choralarga olib keladi”, — dedi rasmiy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh hukumati kriptovalyutaning noqonuniy moliyalashtirish vositasi sifatidagi ta’sirini o‘rganmoqda. Shu munosabat bilan kriptovalyutani nazarda tutadigan noqonuniy moliyalashtirishga qarshi qonunchilikni takomillashtirish ustida ish olib borilmoqda.