“Korzinka.uz” supermarketlar tarmog‘i asoschisi Zafar Hoshimov koronavirusga qarshi Pfizer/BioNTech vaksinasining ikkinchi dozasi bilan emlandi. Bu haqda tadbirkor o‘zining Facebook’dagi sahifasiga yozib qoldirgan.

Foto: Facebook / Zafar Hoshimov

“Ota-onam O‘zbekistonda vaksina oldi. Yosh va kasbiy cheklovlar sabab xorijda emlanishga majbur bo‘ldim”, — deb yozadi tadbirkor Dubayda emlanganiga oydinlik kiritib.

Shuningdek, u bugungi kunda vaksinatsiya o‘zini va yaqinlarini koronavirusdan himoyalashning eng xavfsiz usuli ekanligini ta’kidlagan.

“Barcha do‘stlarim va tanishlarimga murojaat qilaman: ota-onangizni emlating, o‘zingiz ham emlashning istalgan imkoniyatidan foydalaning”, — deb yozadi tadbirkor. Zafar Hoshimov, shuningdek, konspirologlarga emas, balki insoniyatning omon qolishiga yordam bergan ilm-fanga ishonishni so‘ragan.

Avvalroq O‘zbekistonda chet elga ketadigan talabalar va OAV xodimlari 31-maydan koronavirusga qarshi emlanishi, o‘zbek-xitoy vaksinasi bilan emlanganlarga 3-dozani qo‘llash boshlangani to‘g‘risida xabar berilgandi. Ayni vaqtda mamlakatda jami emlanganlar soni 1 379 190 kishini tashkil etmoqda.