Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Toshkent yerusti metrosining halqa yo‘li qurilishi davomida duch kelingan daraxtlar boshqa yerga ko‘chiriladi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Ozod Rajabov ma’lum qildi.

“Yerusti halqa metro liniyasi qurilishi maydonida qaysidir daraxt yoki butani ko‘chirishga to‘g‘ri keladi. Yana bir tomoni — hamma daraxtlarni ham ko‘chirib bo‘lmaydi.

Sergeli—Qo‘yliq yo‘nalishida metro qurilishida ana shunday holat yuzaga kelganda qanday tartib amal qilishi O‘zbekiston Prezidentining 2021-yil 23-aprelda Toshkent shahrida barpo etilayotgan zamonaviy korxonalar faoliyati, shuningdek, mahallalarda olib borilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish jarayonida bergan topshiriqlari bayonida ko‘rsatib o‘tilgan.

Unga muvofiq, mazkur hududda joylashgan o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarni ko‘chirishga, ko‘chirish imkoni bo‘lmaganda, istisno tariqasida kesishga ruxsat berilgan.

Bunda, moratoriy talablaridan kelib chiqib, kesiladigan har bir daraxt uchun kompensatsiya sifatida 10 tup qimmatligi jihatidan kesiladigan daraxt va butalardan kam bo‘lmagan ko‘chatlarni ekish va ularni ikki yil davomida parvarishlash majburiyati yuklatiladi.

Shu munosabat bilan Davlat ekologiya qo‘mitasi Toshkent shahar boshqarmasi mutasaddilari soha mutaxassislari va ekolog-inspektorlarni jalb qilgan holda qurilish rejalashtirilgan katta hududdagi daraxtlarni to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazdi.

Unga ko‘ra, yerusti metrosining Mirobod tumanidan o‘tadigan qismida 66 ta, Sergeli tumanidan o‘tadigan qismida 168 ta, Yangihayot tumanidan o‘tadigan qismida esa 551 ta (jami 785 ta) daraxt borligi aniqlandi. Bularning orasida safora, terak, archa, tut, yong‘oq, o‘rik, eman, shumtol, qayrag‘och, chinor singari daraxtlar bor.

Ularni qayerga ko‘chirish mahalliy tuman hokimliklari bilan, qanday ko‘chirish esa biolog olimlar bilan maslahatlashilmoqda. Maqsad bitta — imkon qadar barchasini saqlab qolishdan iborat.

Yana tabiiy savol tug‘ilishi mumkin: baribir bir necha daraxtni kesishga to‘g‘ri kelganda — ushbu yog‘och xomashyosidan kim qanday foydalanadi? Bu savol ham ekologlar tomonidan qurilish tashkilotlari va hokimliklar oldiga qo‘yilgan. Masalaning yechimi sifatida esa avval daraxtni Obodonlashtirish boshqarmasi balansiga o‘tkazish va shundan keyin yog‘ochni yo hunarmandlarga taqdim etish, yoki boshqarmaning zaruriy ehtiyojlari uchun ishlatish rejalashtirilmoqda”, — deydi Ozod Rajabov.

Bundan avval Surxondaryo hokimligi Butunjahon bioxilma-xillikni asrash kuni archalar ommaviy kesilganiga munosabat bildirgani, Qarshi shahar hokimligi tomonidan 47 tup daraxt kesib tashlangani aniqlangani hamda Qarshidagi istirohat bog‘ida daraxtlarni kesgan Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari ogohlantirishga qaramay yana daraxt kesgani aniqlangani haqida xabar berilgandi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
“Prava”ni yangisiga almashtirib beradigan onlayn xizmat faoliyatida nosozlik kuzatilmoqda
Mahalliy
O‘zbekistonda gaz zapravkalar qayta ochilishi kutilmoqda
Dunyo
Rossiya Belarusga yangi harbiy qismlar joylashtirdi — Ukraina chegara xizmati