Jangovar uchar qurilma birinchi marta to‘liq avtonom rejimda, ya’ni inson aralashuvisiz 2020-yilda Liviyadagi urush paytida odamlarni kuzatgan va ularga hujum qilgan. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Xavfsizlik kengashi Liviya bo‘yicha ekspertlar guruhining hisobotida aytilgan.

Foto: CNews

Hodisa 2020-yilning mart oyida sodir bo‘lgan. Liviyadagi harbiy harakatlar paytida terrorizmga qarshi kurashda foydalanilgan Turkiyaning KARGU-2 jangovar uchuvchisiz qurilmalari Liviya Milliy armiyasi qo‘mondoni feldmarshal Xalifa Xaftarning chekinayotgan askarlariga hujum qilgan.

Uchuvchisiz qurilmalar uzoq vaqtdan beri harbiy maqsadlarda foydalanib kelinadi, ammo bu jarayonda doim inson ishtiroki bo‘ladi — nishonni oldindan belgilaydi yoki operatsiyani boshqaradi. Liviyadagi holatda kvadrokopter o‘z-o‘zidan nishonga hujum qilishga qaror qilgan.

“O‘ldiruvchi avtonom qurol tizimlari operator va o‘q-dorilar o‘rtasidagi aloqani talab qilmasdan nishonlarni urish uchun dasturlashtirilgan: bu avtonom boshqarish rejimining to‘liq qo‘llanilishi bo‘lgan”, — deyiladi hisobotda.

Hisobot mualliflari Liviyadagi voqea to‘g‘risida to‘liq ma’lumot bermadi. Dronlar hujumi oqibatida qurbonlar bo‘lgan-bo‘lmagani aniq emas.

“Agar dronlar odamlarni o‘ldirgani tasdiqlansa, bu sun’iy aqlga asoslangan avtonom qurollardan birinchi marta o‘ldirish uchun foydalanish bo‘ladi”, — dedi Terrorizm va aksilterror siyosatini o‘rganish bo‘yicha milliy konsorsium mutaxassisi Zak Kallenborn.Uning fikricha, Liviyadagi hujum ”bu avtonom qurollarning yangi bobi bo‘lib, unda qurilmalar odamlarga hujum qilish va ularni o‘ldirish uchun ishlatiladi”.

Qirollik Birlashgan xizmatlari institutining quruqlikdagi urush bo‘yicha tadqiqotchisi Jek Uotlining qayd etishicha,  bu voqea avtonom qurollarni tartibga solish masalasini muhokama qilish zarurligini ko‘rsatmoqda.