O‘zbekiston va dunyoning turli nuqtalarida 20-may kuni olingan suratlarni namoyish qilamiz.

Indoneziyadagi Rimba Raya asalarichilik fermasida guldan nektar yig‘ayotgan asalari. Mamlakatda asalga talab uning sog‘liq uchun foydasi tufayli sezilarli darajada oshdi.

Foto: Getty Images

Toshkent shahrida kechga yaqin kuchli shamol turishi oqibatida chang to‘zonga burkangan Sharof Rashidov va Alisher Navoiy ko‘chalari kesishmasi fonida botayotgan quyosh.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Xitoyning Xubey provinsiyasining milliy bog‘ida saqlanayotgan oltin maymunlar.

Foto: Getty Images

Pekinda Xitoy bitiruvchilarining moda haftaligi bo‘lib o‘tmoqda, u yerda turli dizayn va san’at akademiyalari bitiruvchilari o‘z ishlarini namoyish etadi.

Foto: Getty Images

Tadbirkorlar Toshkentda reklama konstruksiyalarining noqonuniy buzilishini to‘xtatishni so‘rab Prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat yo‘lladi. Poytaxtda Prezidentni ushbu vaziyatni hal etishga chaqiruvchi bir nechta reklama bannerlari paydo bo‘lgan. “Ushbu reklama qurilmasi faqat sud qarori asosida demontaj qilinishi mumkin. Hurmatli Prezidentimiz, bizga yordam bering”, — deyiladi reklama bannerlarida.

Foto: Telegram / “Sha vsyo budet”

Isroil hujumlari oqibatida o‘ldirilgan 11 yoshli Deyema Asaliyening jasadi Indoneziya kasalxonasi o‘likxonasiga olib kelindi.

Foto: Getty Images

Toshkent shahar Sodiq Azimov ko‘chasi bo‘ylab ketayotgan Malibu avtomashinasiga kuchli shamol tufayli daraxt qulab tushdi. Haydovchi qiz jarohat olgani aytilmoqda.

Foto: Telegram / TashkentLand

Haykaltarosh va rassom Piter Uolker tomonidan yaratilgan 15 000 qog‘oz qushdan iborat “Tinchlik kabutarlari” illyustratsiyasi Liverpul sobori peshtoqiga osildi. Har bir qog‘oz qushda tinchlik, umid va muhabbat mavzusida xatlar soborga tashrif buyuruvchilar tomonidan lokdaundan avval yozilgan.

Foto: PA

Gretsiyaning Korinf shahri yaqinida yong‘in sodir bo‘lmoqda. Yong‘in xavfsizligi bo‘yicha rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, yong‘inni to‘xtatish uchun sakkizta o‘t o‘chiruvchi samolyot va uchta vertolyot jalb qilingan.

Foto: AP Photo

Fransuz pianinochisi Erik Arz lokdaun choralari yumshatilgandan so‘ng Les Salons teatrida yuzlab sham o‘rtasida yapon animatsion mavzusidagi qo‘shiqlarni ijro etmoqda.

Foto: Reuters

Venesuelalik ayol Merenf o‘g‘li Mauritsio bilan siyosiy boshpana izlash uchun Meksika va AQSh o‘rtasidagi Rio-Grande daryosidan o‘tib, chegara qo‘riqxonasiga olib ketilishini kutmoqda.

Foto: Getty Images

Tailandning Chulalongkorn universitetidagi hayvonlarni o‘qitish shifoxonasida koronavirusni aniqlash uchun odamning teri namunalari bo‘lgan qutilarni hidlayotgan labrador. It infeksiyani aniqlaganda darhol o‘tirishga o‘rgatilgan. Uning simptomatik va asimptomatik bemorlarda COVID-19’ni aniqlash darajasi 95 foizga teng.

Foto: EPA

Suriyada hukumat kuchlari artilleriya va minomyotlardan Serakibdagi ekin maydonlarini yoqish uchun foydalanmoqda. Operatsiya “Ochlik bombasi” deb nomlanadi. Asad rejimi va muxolifat o‘rtasidagi ziddiyatlar davom etmoqda.

Foto: Getty Images

Londonning Long-Beach operasi a’zolari koronavirus sabab amal qilayotgan cheklovlar tufayli navbatdagi spektakl mashg‘ulotlarini avtomobillar turar joyi tomida o‘tkazmoqda.

Foto: AFP

Londondagi Dix Noonan Webb auksionida sotuvga qo‘yilgan 1957-yilda ichlab chiqarilgan va o‘sha paytdagi bosh vazir Garold Makmillanga taqdim etilgan 5 funtlik banknot. Banknot A01 000003 seriya raqamiga ega va auksionda 18 000—22 000 ming funtga sotilishi kutilmoqda.

Foto: PA

Irkutskdagi qishloqda sodir bo‘lgan yong‘in o‘chirildi. Yong‘in oqibatida bir qancha uy zarar ko‘rdi. Yonib ketgan uylarda 18 kishi yashagan. Yong‘in oqibatida hech kim halok bo‘lmagan va jarohat olmagan.

Foto: “TASS”

Minglab yoshlar Kolumbiyada 3 haftadan buyon hukumatga qarshi namoyishlarda qatnashmoqda. Mitinglar prezident Ivan Duke hukumati kommunal xizmatlar, yoqilg‘i, ish haqi va pensiyalarga soliqlarni oshirishga urinishdan keyin boshlandi. Inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar Kolumbiya rasmiylarini namoyishchilarga qarshi haddan tashqari kuch ishlatishda ayblamoqda.

Foto: Getty Images

Ispaniya—Marokash chegarasini kesib o‘tib, Seuta shahriga yelim idishlardan foydalangan holda suzib kelayotgan yigit.

Foto: Reuters

G‘azoda falastinlik ayol Isroilning havo hujumi oqibatida zarar ko‘rgan uy oshxonasida yumushlarini bajarmoqda.

Foto: Reuters

Kolumbiyada umummilliy ish tashlash doirasida Portal de las Amerikas portidagi tartibsizliklar paytida xavfsizlik kuchlari bilan to‘qnashgan namoyishchilar. Kolumbiyaliklar Ivan Duke ma’muriyatiga qarshi uch haftadan buyon ko‘chalarga chiqishda davom etmoqda.

Foto: Getty Images

Turkiyada Otaturkni xotirlash hamda Yoshlar va sport kuni nishonlandi.

Foto: Getty Images

Qozon hayvonot bog‘ida albinos kenguru tug‘ildi.

Foto: “TASS”

AQSh prezidenti Jo Bayden Nyu-Londonda bo‘lib o‘tgan Sohil xavfsizlik akademiyasining bitiruv kechasida bitiruvchi kursantlar sharafiga hushtak chaldi.

Foto: Reuters

Indoneziyaning Yava orolidagi Taman Safari hayvonot bog‘i jamoatchilik uchun ochildi.

Foto: “TASS”

Gujarot shtatining Jafrobod shahrida yuz bergan kuchli siklondan keyin baliq ovi portida ishlab, buyumlarini boshlarida ko‘tarib olib kelayotgan hind ayollari.

Foto: Reuters