Dunyo va O‘zbekiston bo‘ylab 17-may kuni olingan suratlarni namoyish etamiz.

Isroilning Gerziliya shahri qirg‘oqlaridagi daraxt shoxida o‘tirgan, juftiga baliq ovlab kelgan ko‘ktarg‘oq. Aprel—may oylari ushbu qushlarning juftlashish mavsumi hisoblanadi.

Foto: Legion Media

O‘zbekiston davlat amaliy san’at muzeyida tashkil etilgan Open Air shaklidagi jaz musiqasi kechasida saksofon chalayotgan sozanda.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Isroilning “Temir gumbaz” raketaga qarshi tizimi G‘azo sektoridan uchirilgan raketalarni ushlab qolmoqda.

Foto: AFP

Rassom Kaws’ning navbatdagi ishi, balandligi 42 metr bo‘lgan “Kaws: Holiday” deb nomlangan havo shari Angliyaning Bristol shahri yaqinida parvoz qilmoqda.

Foto: Getty Images

Termiz shahrida joylashgan 6-umumta’lim maktabida yong‘in sodir bo‘ldi. Suratdagi yonayotgan maktab ro‘parasida pista chaqib o‘tirgan erkak ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining e’tiborini tortib, ko‘plab memlarga sababchi bo‘ldi.

Kadr: Telegram

Bangkokdagi restoranda alohida tushlik qilayotgan odamlar. Shaharda COVID-19 sabab joriy qilingan cheklovlar yumshatiladi.

Foto: EPA

Irlandiyada meksikalik Serxio Guzman Red Bull Cliff sho‘ng‘ish bo‘yicha musobaqasining birinchi bosqichida 27,5 metrlik platformadan o‘zini suvga tashlayapti.

Foto: Shutterstock

Angliyaning Redrut shahridagi Jenn’s Diner kafesida stolni to‘ldirib o‘tirgan mijozlar inglizcha nonushta qilmoqda. 17-maydan boshlab Angliya koronavirus tufayli joriy qilingan cheklovlarni yumshatishning uchinchi bosqichini amalga oshirdi. Unga ko‘ra, xizmat ko‘rsatish sohasi mijozlarni bino ichkarisida ovqatlanish uchun kutib olishi mumkin.

Foto: Getty Images

Falastinlik o‘t o‘chiruvchi Isroil artilleriya o‘qlari zarbasidan so‘ng shimgich (gubka) ishlab chiqaradigan zavodda chiqqan yong‘inni o‘chirmoqchi.

Foto: Reuters

Ispaniyadagi “Estadio de la Keramika” stadionida “Vilyarreal” va “Sevilya” jamoalari o‘rtasidagi o‘yin boshlanishidan oldin mezbon jamoa muxlislari koronavirus cheklovlariga amal qilgan holda tribunada o‘tiribdi.

Foto: Shutterstock

Gulni changlatayotgan asalari. Kaliforniya shtati gubernatori Gevin Nyusom ekologik maqsadlar bo‘yicha rekord darajada — 11 milliard dollarlik budjet loyihasini e’lon qildi. Unga ko‘ra, ekinlarni changlatishda muhim rol o‘ynaydigan, yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan asalarilar uchun maxsus yashash joylarini yaratish ko‘zda tutilgan.

Foto: Getty Images

O‘zbekiston davlat amaliy san’at muzeyida tashkil etilgan Open Air shaklidagi jaz musiqasi kechasi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Xitoyning Sutsyan shahrida o‘tkazilayotgan baliq ovi bo‘yicha xalqaro turnir.

Foto: Getty Images

Florida shtatida xalqaro go‘zallik tanlovining final bosqichi bo‘lib o‘tdi. “Koinot go‘zali—2021” unvonini asl sohasi injener-dasturchi bo‘lgan Meksikaning 26 yoshli vakili Andrea Mesa qo‘lga kiritdi.

Foto: Getty Images

G‘azoga Isroil tomonidan havo hujumi qilinmoqda.

Foto: EPA

O‘zbekiston davlat amaliy san’at muzeyida tashkil etilgan Open Air shaklidagi jaz musiqasi kechasiga tashrif buyurgan jonli musiqa shinavandalari.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Xitoyning Nannin shahrida yog‘gan kuchli yomg‘irdan keyin Ason ishbilarmonlik hududi ustida ko‘ringan kamalak.

Foto: Shutterstock

Sigirlar va qushlar Indoneziyadagi Aluye Liyem poligonida Ramazon hayiti bayramidan keyin yig‘ilgan chiqindilar bilan oziqlanmoqda.

Foto: AFP

Amerikaliklar Vashingtongdagi Kapitoliy tepaligiga yig‘ilib, falastinliklarni qo‘llab-quvvatlashlarini namoyish etdi. Suratda namoyishda qatnashayotgan ayolning ko‘zoynagida Isroil bayrog‘i markaziga natsistlarning belgisi tushirilgan plakat aks etmoqda.

Foto: Shutterstock

Suv bosgan ko‘chada yurgan hindistonlik ayol. Kuchli shamol va yomg‘irlar Hindistonning g‘arbiy qirg‘og‘iga yaqinlashmoqda.

Foto: AP Photo

Tayvanda koronavirusga chalinish holatlari ko‘paymoqda, supermarketda esa mahsulotlar juda tez sotilib ketyapti.

Foto: EPA

Fransiyaning Sen-Marten-la-Plen yovvoyi tabiat bog‘ining egasi Per Tivillon hayvonot bog‘i ochilishidan ikki kun avval shimpanze bilan birga kulib turibdi.

Foto: AFP

Kashmirlik erkak Srinagar chekkasida hukumat kuchlari va isyonchi deya gumon qilinganlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan qurolli to‘qnashuvdan so‘ng buzilgan uy ichidan qarab turibdi.

Foto: AP Photo

Blekpuldagi plyajda qumga chizilgan katta surat paydo bo‘ldi.

Foto: Reuters

Natasha Hibbert ismli ayol Londondagi The Mall savdo markazida Elephant Family Trust tomonidan uyushtirilgan real o‘lchamdagi yog‘och fil haykallari ko‘rgazmasi bilan birga suratga tushmoqda.

Foto: Reuters

Tokio Olimpiadasida velosport bo‘yicha erkin uslubdagi BMX musobaqasining sinov jarayoni.

Foto: AP Photo

Yapon rassomi Yayoi Kusamaning Endless Mirror Rooms ko‘rgazmasi 18-may kuni Londondagi Teyt galereyasida ochilishiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Foto: EPA