Tanzaniyaning yangi prezidenti Samiya Suluhu Hassan bir oy avval afv etgan ikki nafar sobiq mahbus olomon tomonidan do‘pposlab o‘ldirildi. Bu haqda The Citizen nashri xabar berdi.

Foto: The Citizen

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘g‘rilik bilan qamalgan ikki nafar erkak 2021-yilning 12-aprel kuni Tanzaniya prezidenti tomonidan afv etilib, qirg‘oq bo‘yida joylashgan Kibaxa shahrining Mkuza qamoqxonasidan ozod qilingan.

Pvani okrugi politsiyasining boshlig‘i Vankio Nyigesaning so‘zlariga ko‘ra, sobiq mahbuslar prezident tomonidan afv etilgach, yaqinda o‘z uylariga qaytgan. Lekin g‘azablangan mahalliy aholi ularni talonchilikka aloqadorlikda ayblab, kaltaklagan.

Politsiya jamoatchilikni g‘azab bahonasida qonun nomidan ish tutmaslikka va buning o‘rniga gumonlanuvchilarni hibsga olish va sud hukmiga topshirish uchun jinoyat to‘g‘risida politsiyaga xabar berishga, shuningdek, sobiq mahbuslarni kamsitmaslikka chaqirdi.

Tanzaniya prezidenti Jon Magufuli bilan vidolashish marosimida yuzaga kelgan olomon tiqilinchi oqibatida 45 kishi halok bo‘ldi, 37 kishi jarohat oldi. Jon Magufuli 61 yoshida vafot etdi. Avvalroq Tanzaniya muxolifati rahbari Tundu Lissu prezidentning koronavirus bilan kasallangani va qo‘shni davlat Keniyada kasalxonaga yotqizilgani haqida aytgandi. Ammo prezident o‘limining rasmiy sababi sifatida yurak bilan bog‘liq muammolari keltirildi.

Uning o‘limidan so‘ng Tanzaniya sobiq vitse-prezidenti Samiya Suluhu Hasan mamlakat prezidenti sifatida qasamyod qildi. Shu tariqa Tanzaniya tarixida ilk bor ayol kishi prezidentlik lavozimini egalladi.