Surxondaryo viloyatida 43 yoshli M.Q. o‘zaro janjal tufayli tanishiga pichoq urdi, so‘ng birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun tuman tibbiyot birlashmasiga olib bordi. Bu haqda IIV Tergov departamenti xabar berdi.

Foto: IIV Tergov departamenti

Voqea 10-may kuni, taxminan, soat 17:20 larda Angor tumani “Sharq Guli” mahallasi hududida joylashgan dehqon bozori yonidagi avtoturargohda yuz bergan. 35 yoshli D.N. 43 yoshli M.Q. bilan o‘zaro kelishmovchiliklar sababli janjallashib qolgan. Yaqin qarindoshlari hamda atrofdagilarning aralashuvi bilan janjal to‘xtatilib qolingan.

Biroq ushbu janjal yakunida M.Q. D.N. uning uyi tomonga ketayotganini ko‘rib, u yerga o‘ch olish niyatida ketyapti deb o‘ylagan va ukasining uyiga kirib, oshxona pichog‘i bilan D.N.ning avtomashinasi ortidan quvlagan. Unga yetib olgach, D.N. mashinadan tushib, uning yoniga kelgan vaqtida biqin sohasiga bir marotaba sanchib, unga tan jarohat yetkazgan.

Foto: IIV Tergov departamenti

So‘ngra esa uni Angor tuman tibbiyot birlashmasiga olib borib, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatgan.

Sud-tibbiy ekspertiza xulosasida D.N.da o‘ng biqin sohasida sanchib-kesib kirgan jarohat aniqlangan bo‘lib, mazkur jarohatlar og‘irlik darajasiga ko‘ra, hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohatlari sifatida baholanishi ko‘rsatilgan.

Holat yuzasidan Angor tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan M.Q.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “l” bandi (qurol yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ishlatib, qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, protsessual tartibda ushlangan.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq “Abu Saxiyda”da o‘z akasini pichoqlab qo‘ygan fuqaro 5 yilga qamalgani, Toshkentda 14 yoshli bola u bilan salomlashmagan 22 yoshli yigitni pichoqlagani, Navoiyda 30 yoshli aqli zaif fuqaro onasini pichoqlab o‘ldirgani haqida xabar berilgan edi.