Navoiy viloyat IIB axborot xizmati rahbari O‘ktam Usmonovning “Daryo”ga ma’lum qilishicha, Xatirchi tumanida yashovchi aqli zaif fuqaro onasini pichoqlab o‘ldirgan.

Ma’lum bo‘lishicha, voqea 2021-yilning 27-aprel kuni sodir bo‘lgan.

Xatirchi tumanida yashovchi 1991-yilda tug‘ilgan va ruhiy xastalik tufayli ro‘yxatda turgan fuqaro V.B. akasining xotini Ch.R.ga beshikda yotgan chaqalog‘ining yig‘isi yoqmayotganini aytib, unga tanbeh bergan. Bu esa janjalni keltirib chiqargan. Ona ruhiy xasta o‘g‘li va kelinini tinchlantirishga uringan. Jizzakilik kuchayib, o‘z-o‘zini boshqarish qobiliyati susaygan V.B.da xuruj boshlangan va qilgan xatti-harakatini idrok qilolmay qolgan. Hodisa ham aynan ana shu xuruj tufayli yuzaga kelgan va u o‘z onasining yuragiga oshxona pichog‘ini sanchib olgan.

Fuqaro V.B. onasining qonga belangan holda yerda yotganini ko‘rib, qo‘rqqan va IIB xodimlari yetib kelguncha, ichkari xonaga kirib, o‘z ustidan qulflab olgan. Pichoqlangan ona zudlik bilan tibbiyot birlashmasiga olib kelingan. Muolajalarga qaramay, oradan ikki soat o‘tgach, ayol vafot etgan.

Viloyat prokuraturasi, IIB rahbariyati hamda tuman mutasaddilari ishtirokida mahallada mazkur jinoyat muhokama qilingan.