Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 12-may kuni makroiqtisodiy vaziyat, hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sishni ta’minlash bo‘yicha birinchi yarim yillikdagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi tashkil etildi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.
Ma’lum qilinishicha, 2021-yilning birinchi choragida O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti hajmi 3 foizga, sanoat 3,8 foizga, qishloq xo‘jaligi 3,1 foizga o‘sgan. Bunga davlat rahbarining ta’kidlashicha, “murakkab pandemiya sharoitida, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaganimiz natijasida” erishilgan.
Qayd etilishicha, davlat budjeti daromadlari prognozga nisbatan 1,9 trillion so‘mga (5,7 foiz), jumladan, soliq tushumlari 1,5 trillion so‘mga (6,1 foiz) ko‘paygan. Eksport hajmi yanvar—aprel oylarida 3,2 milliard dollarni (prognozga nisbatan 17 foizga ko‘p) tashkil qildi.
Shu bilan birga, 2021-yil uchun reja qilingan 5,1 foiz iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichi hudud va tarmoq salohiyatiga nisbatan ancha past. “Bu ko‘rsatkichni kamida 6 foiz bo‘lishi uchun bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar, viloyat, tuman va shahar hokimlari, tarmoq rahbarlari qo‘shimcha zaxiralarni topib, amalda ishga solishi kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Izoh (0)