AQSh ishni Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni joriy etishgacha olib borishni istamaydi, lekin agar bunday chora asosli bo‘lsa, ushbu huquqni o‘zida saqlab qoladi, deb ta’kidladi Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki.
“Biz (aprel oyida) sanksiyalar haqida e’lon qilar ekanmiz, Rossiyaning harakatlari buning uchun asos bo‘lgan taqdirda, qo‘shimcha choralar ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lish maqsadida, manyovr qilish uchun imkoniyatlarimizdan maksimal darajada foydalandik. Ish bungacha borishini hech kim xohlamaydi, lekin biz buning uchun asos ko‘rsak, bunday huquqni o‘zimizda saqlab qolamiz”, — dedi u.
Psakining so‘zlariga ko‘ra, Vashington “uzoq muddatli istiqbolda (Rossiya bilan) yanada ravshanro va barqaror munosabatlar o‘rnatish” istagida. Lekin AQSh “milliy manfaatlarni himoya qilishda va Rossiya hukumatining AQSh suverenitetiga putur yetkazishga qaratilgan harakatlariga javob choralari ko‘rishda” davom etadi, deb qo‘shimcha qildi Psaki.
AQSh aprel oyining o‘rtalarida Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar kiritgan edi. Amerika banklari va boshqa moliya institutlari uchun Rossiyaning Markaziy banki, Milliy boylik jamg‘armasi yoki Moliya vazirligi tomonidan 2021-yil 14-iyundan keyin chiqarilgan birlamchi bozordagi rubl va boshqa valyutalarda taqdim etilgan obligatsiyalarni sotib olish, shuningdek, Rossiya Moliya vazirligiga kreditlar berish taqiqlangan.
Shuningdek, AQSh 10 nafar rossiyalik diplomatlarning mamlakatdan chiqarib yuborilishini, ularning orasida maxsus xizmatlar xodimlari borligini e’lon qilgan. AQShdagi prezidentlik sayloviga ta’sir ko‘rsatgani taxmin qilingan kiberhujumga, bundan tashqari, “Qrimni bosib olish” va yarimorolda inson huquqlarining buzilishiga aloqador bir qator jismoniy va yuridik shaxslarga ham sanksiyalar kiritilgan. Shuningdek, muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniyning qamoqqa olinishi bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan AQSh Rossiyaning bir nechta yuqori martabali amaldorlariga, shu jumladan, Jazoni ijro etish federal xizmati rahbari Aleksandr Kalashnikov, Federal xavfsizlik xizmati rahbari Aleksandr Bortnikov, bosh prokuror Igor Krasnov, prezident ma’muriyati rahbarining birinchi o‘rinbosari Sergey Kiriyenko va ichki siyosat bo‘yicha prezident ma’muriyati devonining rahbari Andrey Yaringa nisbatan cheklov choralari qo‘llanilgan.
O‘z navbatida, Rossiya ham AQSh ma’muriyatining bir qator amaldagi va sobiq yuqori lavozimli amaldorlariga mamlakatga kirishni taqiqlash va o‘n nafar AQSh diplomatini mamlakatdan chiqarib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bundan tashqari, AQSh Rossiyaning do‘stona bo‘lmagan mamlakatlar ro‘yxatiga kiritildi, deb xabar berdi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Mariya Zaxarova. Bu esa AQShning Rossiyada diplomatik vakolatxonalariga mutaxassislarni cheklangan miqdorda ishga qabul qilishga ruxsat berilishini anglatadi.
Agar AQSh yangi sanksiyalar kiritishga qaror qilsa, Rossiya yana boshqa choralar ko‘rishi mukin, deb ta’kidladi Tashqi ishlar vazirligi. “Boshqa variantlar ham mavjud. Biz, albatta, amerikaliklarning kamchiliklarini iqtisodiy jihatdan aks ettirish qobiliyatimizning cheklanganligini tushunamiz. Lekin bu borada ma’lum bir manbamiz bor. Agar Vashington sanktsiyalar spiraliga rioya qilishni tanlasa, biz u manbani ishga solamiz”, — deb qo‘shimcha qildi Tashqi ishlar vazirligi.
Izoh (0)