Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo daryosiga shahar kanalizatsiyasi oqova suvlari oqizib qo‘yilgani haqida xabarlar tarqaldi. Unda odamlar bu daryoda cho‘milishi, shuningdek, suvdan chorva sug‘orilishi aytilgan.
Qashqadaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi bu xabarni tasdiqladi. Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, Qarshi shahar “Suv oqova korxonasi”ga qarashli “Sohil bo‘yi” kanalizatsiyalar nasos stansiyasining nasosidagi nosozlik tufayli kanalizatsiya tarmog‘idan oqib chiqayotgan oqova suv Qashqadaryo daryosiga oqizilgan.
Ayni paytda kanalizatsiyalar nasos stansiyasidagi kamchiliklar bartaraf etilgan. Qarshi shahar “Suv oqova korxonasi”ning mas’ul xodimlariga nisbatan esa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 72 moddasi 1-qismi (suv zaxiralarini muhofaza qilish qoidalarini buzish) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Izoh (0)