Professional boksda faoliyatini davom ettirayotgan o‘zbekistonlik sportchi Bektemir Meliqo‘ziyev (7-0, 6 KO) Xalqaro boks federatsiyasi (AIBA) tomonidan 4 yil muddatga diskvalifikatsiya qilindi.

Kollaj: “Daryo” / Foto: Instagram

Meliqo‘ziyev bilan yuzaga kelgan bu vaziyat borasida O‘zbekiston boks terma jamoasi katta murabbiyi To‘lqin Qilichev izoh berib o‘tdi. Bu haqda “Olamsport” nashri xabar qilmoqda.

Bektemirning ushbu chetlatilishi doping sabab emas. Chetlatish uchun turli sabablar bo‘lishi mumkin. U yerda ba’zi majburiyatlar bor va bularning bajarilmasligi diskvalifikatsiyaga olib keladi. Hozirda diskvalifikatsiya sabab ko‘pchilikning hayoliga "u doping iste’mol qilgan ekan" degan fikr kelmoqda. Ammo aslida unday emas.

Bektemir bu vaziyatda WADA majburiyatini bajarmagan. Ya’ni doping ofitserlar uni tekshirish uchun borgan vaqtda Bektemir AQShda istiqomat qiladigan manzil eshigi qulf bo‘lgan va ular qaytib ketgan. Ikkinchi marotaba esa u mashg‘ulotlarda bo‘lgan. Uchinchi vaziyatda Bektemir aeroportda bo‘lgan. Chunki u o‘shanda Iordaniyadagi Osiyo/Okeaniya litsenzion musobaqasida qatnashish uchun yo‘l olayotgandi.

Biz endi-endi WADA’ning ADAMS tizimini tushunib boryapmiz. Bu borada ishlab chiqilgan qoidalar ko‘p. Milliy olimpiya qo‘mitasi, boks federatsiyasi tomonidan sportchilarimizga bu borada tegishli tushuntirishlar olib borilmoqda.

Mana shu uchta holat diskvalifikatsiyani keltirib chiqardi. Ammo bu uning qonida doping bor yoki mana shunday taqiqlangan moddalarni iste’mol qildi degani emas. Bizning yigitlar o‘zimizning palov va qazilarni iste’mol qilib ham raqiblarini mag‘lub etaveradi. Shu taomlarning o‘zi ham bokschilarimizga yaxshigina kuch bo‘ladi. Shu sababli ham o‘zbek bokschilari dopingga muhtoj bo‘lib qolmagan va bundan keyin ham muhtoj bo‘lmaydi. Chunki, doping noqonuniy ekanligini va foydasidan ko‘ra ziyoni kattaligini juda yaxshi bilamiz.

Buning professional boksga ta’siri haqida

AIBA’ning antidoping qoidalari va professional boksniki alohida tizim hisoblanadi. Prof boksda ular har bir jang oldidan tekshiriladi. U professional boksda toza chiqmoqda va faoliyatini davom ettiraveradi. Chunki, aytib o‘tilganidek, professional boksdan farqli ravishda havaskor boksda majburiyatlar ko‘p.

Hozirda ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston boks federatsiyasi tomonidan seminarlar ham tashkil etib berilmoqda. Bu borada tushuntirish ishlari olib borilmoqda. O‘zbekistonlik bokschilarning har biriga ingliz tilidan xabardor bo‘lgan xodim biriktirib qo‘yilgan. Bu federatsiya rahbariyati, shu jumladan shaxsan Saken Po‘latov tomonidan nazorat qilib borilmoqda. Milliy olimpiya qo‘mitasi qoshida ham bu borada ishchi guruh tuzilgan. Nazorat shu darajadaki, ularning qayerda bo‘lishi soat-soatigacha nazoratda

To‘lqin Qilichev, O‘zbekiston boks terma jamoasi katta murabbiyi

Avvalroq ushbu vaziyat Bektemirning professional faoliyatiga ta’sir qilmasligi aytilgandi.

Eslatib o‘tamiz, Meliqo‘ziyev 19-iyun kuni Gabriel Rosadoga qarshi ringga chiqadi. Ayni vaqtda u super o‘rta vazn toifasida WBA reytingida 7, WBO reytingida 12-o‘rinda bormoqda.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!