UEFA Yevropa Chempionati ishtirokchilarining qaydnomasi bilan bog‘liq ayrim qoidalarga o‘zgartirish kiritilganini e’lon qildi.
Endi terma jamoalar musobaqa qaydnomasiga 26 nafar futbolchini kiritishi mumkin bo‘ladi (aslida faqat 23 futbolchiga ruxsat berilgan). Tashkilot bu qarorni “koronavirusga topshirilgan testlarning ijobiy xulosa berishi va karantin choralari sabab futbolchilar tanqisligi yuzaga kelishini oldini olish” bilan izohladi.
Musobaqa uchun 26 futbolchi jalb qilinsa-da, o‘yin qaydnomasiga ularning faqat 23 nafari kiritiladi.
Shuningdek, qaydnoma e’lon qilingan 1-iyundan birinchi o‘yin boshlangunga qadar agar jiddiy jarohat va koronavirusga chalinish (o‘yinchida tibbiy alomatlar kuzatilsa) holati kuzatilsa, terma jamoalarga cheklanmagan miqdorda futbolchini almashtirish imkoniyati taqdim etiladi. Terma jamoa musobaqaning birinchi o‘yinidan keyin bu imkoniyatdan foydalana olmaydi.
Musobaqa paytida karantin qoidalariga qat’iy rioya etiladi. Hatto COVID-19 aniqlangan bemor bilan kontaktda bo‘lgan sog‘lom futbolchilar ham karantinga olinadi.
Eslatib o‘tamiz, Yevro—2020 musobaqasi joriy yilning 11-iyunidan 11-iyuliga qadar Yevropaning 11 ta shaharida bo‘lib o‘tadi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)