Jinoyat ishlari bo‘yicha Muzrabod sudi bloger Otabek Sattoriyga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqishni yakunlamoqda. 4-may kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida prokuror uni 11 yilga ozodlikdan mahrum etishni so‘radi, deb xabar beradi “Gazeta.uz”.
Davlat ayblovchisi beshta ayblov bo‘yicha jazo tayinlanishini so‘ragan. Avvaliga blogerga nisbatan sakkizta ayblov e’lon qilingan, biroq sud eshituvlari yakunida prokuror ularning uchtasini hisobga olmagan va sudlanuvchini beshta ayblov bo‘yicha aybdor deb topishni so‘ragan.
Birinchi ayblov. Prokurorning fikricha, Otabek Sattoriy “Termiz eko ekspress loyiha” qurilish kompaniyasi rahbari To‘lqin Shopo‘latovga bosim o‘tkazgan va undan tovlamachilik yo‘li bilan umumiy qiymati 784 million so‘mdan qimmatroq bo‘lgan ikkita kvartirani qo‘lga kiritgan. U mablag‘ni to‘liq to‘lamasdan, qurilishdagi kamchiliklar videosini e’lon qilish orqali tahdid qilgani aytilmoqda. Ta’kidlanishicha, shu orqali u tadbirkorga 549 million so‘m miqdorida zarar yetkazgan. Qayd etilishicha, bloger onasi va singlisining nomida bo‘lgan va “snos”ga tushgan Termizdagi uyi uchun 234 million so‘m yoki unga ekvivalent mulk olishi kerak bo‘lgan.
Advokat Umidbek Davlatov o‘z chiqishida ushbu ayblov o‘z tasdig‘ini topmaganini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, orderda ko‘rsatilgan kvartiralar qiymati to‘g‘ri hisob-kitob qilinganida yetkazilgan zarar 549 million emas, 304 million so‘mni tashkil etgan, bu esa “tergov va jabrlanuvchining shoshqaloqligidan” dalolat beradi.
Natijada 2018-yilning oktabrida ikkita kvartira ajratish va mablag‘larning bir qismini hokimlik tomonidan qoplash borasida Termiz hokimi, qurilish kompaniyasi va Otabek Sattoriy o‘rtasida uch tomonlama shartnoma imzolangan.
Ikkinchi ayblov — internetda Denov tumani FHDYo bo‘limining sobiq rahbari Nasiba Norboyevaning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitib, obro‘sizlantirishga qaratilgan videorolikni internetda tarqatish. Ma’lum qilishicha, Otabek Sattoriy o‘z videosi u “2,5 million so‘m va 2 kilogramm pista talab qilgan poraxo‘r” deb atagan. Prokurorning so‘zlariga ko‘ra, tergov davomida poraxo‘rlik borasidagi ayblov o‘z isbotini topmagan.
Advokat Umidbek Davlatovning ma’lum qilishicha, ushbu ayblovda tasvirlangan vaziyatga hech qanday isbot topilmagan. Uning ta’kidlashicha, jinoyat ishi 2021-yilning 30-yanvarida Nasiba Norboyevaning emas, balki L.To‘rayevaning arizasi asosida qo‘zg‘atilgan.
Himoyachining qayd etishicha, Nasiba Norboyeva 2,5 million so‘m va 2 kilogramm pista so‘raganining isboti bor (audioyozuv). Uning so‘zlariga ko‘ra, zarurat tug‘ilsa, ovoz rostan ham unga tegishli ekanligini tasdiqlaydigan ekspertiza tayinlash mumkin. Uning hisoblashicha, Nasiba Norboyeva qasddan yolg‘on ko‘rsatma bergan, ba’zida esa guvohlik berishdan bosh tortgan, shu sababli unga nisbatan Jinoyat kodeksining 238 (yolg‘on guvohlik berish) va 240-moddasi (jinoyat protsessini yuritish qatnashchilarining o‘z zimmasidagi vazifani bajarishdan bo‘yin tovlashi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni so‘radi.
Uchinchi ayblov. Ta’kidlashicha, bloger “Hududgazta’minot” AJning Surxondaryo viloyati filiali direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi O‘tkir Turdiyevga uni javobgarlikka yoki ishdan bo‘shatishga olib keladigan gaz ballonlari va boshqa salbiy faktlar videosini internetga joylashtirish orqali tahdid qilib, 10 ming dollar so‘ragani aytilmoqda. O‘tkir Turdiyevda ushbu mablag‘ni to‘lash imkoniyati bo‘lmagani sabab Otabek Sattoriy o‘zi administrator bo‘lgan Facebook’dagi turli guruhlarga gaz ballonlarining tarqatilishi bo‘yicha roliklarni muntazam joylashtirishni boshlagan.
Advokat ushbu ayblovni tergov, shuningdek, sud jarayonida hech qanaqa isbotini topmagan “mutlaqo asossiz va mantiqsiz” deb atagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Otabek Sattoriy ijtimoiy tarmoqqa videoyozuvni yuklagan, biroq 165-moddadagi (tovlamachilik) jinoyatni sodir etish uchun bloger jabrlanuvchi yoki uning yaqin kishilariga zo‘rlik ishlatishi, mulkka shikast yetkazishi yoki uni nobud qilishi yoxud jabrlanuvchi uchun sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor qilish bilan qo‘rqitib o‘zgadan mulkni yoki mulkiy huquqni topshirishni, mulkiy manfaatlar berishni yoxud mulkiy yo‘sindagi harakatlar sodir etishni talab qilishi yoxud jabrlanuvchini o‘z mulki yoki mulkka bo‘lgan huquqini berishga majbur qiladigan sharoitga solib qo‘yishi kerak bo‘lgan. Ammo Umidbek Davlatovning ma’lum qilishicha, bu kabi faktlar bo‘lmagan.
To‘rtinchi ayblov. Sherobod tumanidagi “Chinor Gul Baraka” dehqon bozori rahbari Lochin To‘rayevga tovlamachilik qilish. Ta’kidlanishicha, Otabek Sattoriy mobil telefoniga bozordagi kamchiliklarni tasvirga olgan va shundan so‘ng, bozor rahbariga qo‘ng‘iroq bilib, bozorni suratga olish vaqtida singan Redmi 5+ telefoni o‘rniga 5 million so‘m turadigan yangi Vivo X50 olib berishni talab qilgan. Talabi bajarilmagan taqdirda videoni ijtimoiy tarmoqlarga tarqatib yuborish bilan tahdid qilgan. Bloger Vivo X50 telefonini olayotganida uyi yaqinida ushlangan.
Advokat mazkur ayblovni “soxtalashtirilgan va yolg‘on” deb atadi. Uning qayd etishicha, arizachi “Otabek Sattoriy sizning aynan qaysi siringizni suratga oldi yoki oshkor etdi yoxud telefon talab qilib, uni tarqatish bilan tahdid qildi?”, degan savolga aniq javob bera olmagan. Umidbek Davlatov bloger undan pul tamagirlik qilmaganini va uning bu kabi maqsadi bo‘lmaganini ta’kidlagan. Bundan tashqari, mobil kompaniyalar tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Otabek Sattoriy va Lochin To‘rayev o‘rtasida qo‘ng‘iroqlashuv bo‘lmagan.
Himoyachining aytishicha, ayblanuvchi bozorni suratga olayotganida uning telefonini olib qo‘yishgan va keyinroq qurilma shikast yetkazilgan holda qaytarilgan.
Beshinchi ayblov. Bu Respublika onkologiya va radiologiya markazi filialining kadrlar bo‘limi boshlig‘i Mastona Ahmedova bilan bog‘liq. Davlat ayblovchisining ma’lumotlariga ko‘ra, bloger Mastona Ahmedova bilan kelishmaydigan shifokor Sabohat Ravshanovadan intervyu olgan va “kadrlar bo‘limi boshlig‘ining obro‘siga putur yetkazgan tuhmat so‘zlar” aytilgan videoni internetga joylashtirgan. Rolik “Termiz shahridagi onkologiya dispanseri ‘otdel kadr’ining korrupsion o‘yinlarini shifokor fosh qildi” sarlavhasi ostida e’lon qilingan.
Advokatning ta’kidlashicha, ushbu ayblov ham sud majlisida hech qanday isbotini topmagan va aslida Otabek Sattoriyning o‘zi tuhmatga uchragan. Uning fikricha, Mastona Ahmedova Otabek Sattoriyning aynan qaysi so‘zlari tuhmat ekanligi to‘g‘risidagi savolga javob bera olmagan.
Umidbek Davlatovning ma’lum qilishicha, Otabek Sattoriy onkologiya markazi xodimlarining intervyusini tarqatishdan oldin ulardan tilxat olgan, ularni videoga tushirgan va ularning fikrini ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilgan, bu esa “mutlaqo jinoyat hisoblanmaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, intervyuda tilga olingan barcha holatlarni tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etiladi.
Prokurorning fikricha, Otabek Sattoriy ishida yengillashtiruvchi holatlar yo‘q, chunki u o‘ziga nisbatan e’lon qilingan ayblovlarni tan olmagan va jabrlanuvchilarga kompensatsiya to‘lamagan.
Davlat ayblovchisi blogerni Jinoyat kodeksining 165-modda 3-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda tovlamachilik) hamda 139-modda 3-qismi “a” va “g” bandlari (og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab, g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda tuhmat qilish) bo‘yicha aybdor deb topishni so‘ragan. Birinchi modda uchun u 10 yilga ozodlikdan mahrum etishni, ikkinchisiga — 2 yilga ozodlikdan cheklashni, tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan 11 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanishini so‘ragan.
Advokat Umidbek Davlatov suddan o‘z himoyasi ostida shaxsni oqlash va zudlik bilan hibsdan ozod qilishni so‘ragan.