Xalq demokratik partiyasi Samarqand viloyat kengashi raisligiga O‘zLiDeP deputati saylangani haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan XDP Markaziy Kengashi rasmiy bayonot berdi.
Ma’lum qilinishicha, XDP Samarqand viloyat kengashi raisi lavozimida faoliyat yuritayotgan Badriddin Nasriyevning ixtiyoriy ravishda partiya a’zoligini tanlashi uning shaxsiy huquqi hisoblanadi.
Badriddin Nasriyev 2021-yil 17-mart kuni raislikka saylanishidan avval shu yilning fevralida Xalq demokratik partiyasi a’zoligiga qabul qilingan va tegishli a’zolik guvohnomasini olgan.
“Xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashining tegishli qarori bilan Badriddin Nasriyev O‘zLiDeP guruhi a’zoligidan chiqarilgan bo‘lib, bugungi kunda deputat sifatidagi faoliyatini ham amalga oshirib kelmoqda”, — deyiladi bayonotda.
Ma’lumot uchun, XDP ustavining 7,8-bandida Mintaqaviy partiya kengashi raisi kengash plenumida uning a’zolari orasidan saylanishi belgilab qo‘yilgan. Mintaqaviy partiya kengashi raisini saylash to‘g‘risidagi qaror Partiya Markaziy Kengashi ijroiya qo‘mitasi hay’ati tomonidan tasdiqlanadi.