Surxondaryolik bloger Otabek Sattoriy hibsga olinishi bilan bog‘liq ish atrofida bo‘layotgan voqealar yuzasidan ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov rasmiy murojaat bilan chiqdi.

Ichki ishlar vaziri matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

“So‘nggi kunlarda Surxondaryo viloyati Termiz shahrida yashovchi fuqaro Otabek Sattoriyga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishiga taalluqli ma’lumotlar jamoatchilik tomonidan keng muhokama qilinmoqda.

Mazkur jinoyat ishi yuzasidan ‘Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida’gi qonunga muvofiq rasmiy axborot berilganiga qaramasdan, mamlakatimiz va xorijiy ijtimoiy tarmoqlarning faollari tomonidan turli mish-mishlarni tarqatish, davlat idoralarining vakolatlari va harakatlarini shubha ostiga qo‘yish, ularni obro‘sizlantirishga qaratilgan xabarlarni ko‘paytirish, masalaning mohiyatini tushunmasdan turib, ommani chalg‘itish va boshqa qonunbuzarlik holatlari takrorlanib kelmoqda.

Eslatib o‘tamiz, ‘Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida’gi qonunga muvofiq jamoatchilik nazorati subyektlarining davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari faoliyatiga asossiz aralashuviga va ularga g‘ayriqonuniy ta’sir ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yilmaydi, shuningdek, ‘Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida’gi qonun bilan tergov organlarining materiallarini e’lon qilish, muayyan ish bo‘yicha sud qarori chiqmasdan turib, uning natijalarini taxmin qilish yoxud sudga boshqacha yo‘l bilan ta’sir ko‘rsatish qat’iyan taqiqlangan.

Jinoyat protsessi ishtirokchisini qo‘lga olish bilan bog‘liq harakatlar esa, o‘z navbatida, ‘Ichki ishlar organlari to‘g‘risida’gi qonunning 22-moddasi (jismoniy kuch ishlatish) bilan tartibga solinadi.

Ijtimoiy tarmoqlarning faollari tomonidan jinoyat ishi bilan bog‘liq tekshirilmagan axborotni jamoatchilikka tarqatish orqali biror-bir maqsadga erishishga harakat qilish, tergov va sud organlarining faoliyatiga nisbatan sun’iy ravishda salbiy munosabat shakllantirish — tergov qilishga yoki sud ishlarini hal etishga aralashish, deb baholanadi va jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi.

Tergov va sud organlari o‘zining vakolat doirasidagi faoliyatini, jumladan, muhokama etilayotgan holat yuzasidan, aybsizlik prezumpsiyasiga to‘la rioya etgan holda hamda jamoatchilik oldidagi majburiyatidan kelib chiqib olib boradilar.

Qonun ustuvorligi haqida bong urayotgan ijtimoiy tarmoq faollaridan yurtimiz qonunchiligini hurmat qilishlarini talab qilamiz”, — deyiladi ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohrux G‘iyosovning murojaatida.

Eslatib o‘tamiz, surxondaryolik bloger Otabek Sattoriy tovlamachilikda ayblanib hibsga olingani haqida xabar berilgan edi. Deputat Rasul Kusherbayev blogerning qo‘lga olinishiga o‘z munosabatini bildirib, bu holatni “amaldorlarni tanqid qilayotgan bitta blogerga emas, butun boshli so‘z erkinligiga, Prezidentning ochiqlik siyosatiga qarshi surxondaryolik amaldorlarning isyonidir” deb ta’rifladi.

Keyinroq Oliy sud ushbu blogerga qo‘yilgan ayblov o‘zgartirilmagani va prokuraturaning blogerga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi ko‘rilishi haqidagi iltimosnomasi qanoatlantirilgani ma’lum bo‘lgandi. Blogerning advokati Shavkat Shokirov “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida u ishni uyushtirilgan deb hisoblashini aytgan.

Shuningdek, blogerning hibsga olinishi yuzasidan Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov quyidagicha munosabat bildirdi.

“Qonunni buzishga na jurnalist va na bloger haqli. Men bu haqda kecha o‘z fikrimni bildirdim. Lekin nima uchun eng xavfli jinoyatchidek uning uyida tintuv o‘tkazildi, nima uchun u ko‘plab odamlar bilan olib ketildi, nima uchun sud yopiq bo‘lyapti?

Barcha tovlamachilikda gumon qilingan fuqarolarga shunaqa munosabat qilinadimi? Yoki bloger bo‘lgani uchun shunday alohida ‘hurmat-ehtirommi’? Bu normal holatmi? Ichki ishlar vazirligi bu masala yuzasidan izoh berishi shart. Metodlar qachon o‘zgaradi? Bosib olib ketmay, idoraga qonuniy chaqiruv qog‘ozi bilan chaqirilsa, kelmas edimi? Ehtiyot chorasi sifatida nima uchun eng og‘iri, qamoq tanlandi?

Qonun hamma uchun barobar ekan, organ xodimlari ham oshirib yuborishmasin. Bizning jamoat fondimiz bunday xatti-harakatni keskin qoralaydi. Bosh prokuraturadan ushbu holatga huquqiy baho berishlarini so‘raymiz”, — deydi Allamjonov.