Namanganda 2020-yil 16-dekabr kuni 6 kishining umriga zomin bo‘lgan avtohalokatni sodir etgan haydovchi 10 yilga qamaldi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda.
Shu kuni Namangan shahridagi Islom Karimov va Istiqlol ko‘chalari chorrahasida MAN yuk mashinasi va Nexia ishtirokida YTH sodir bo‘lgandi. 1974-yilda tug‘ilgan haydovchi A.A. MAN rusumli yuk avtomashinasida harakatlanayotib, chorrahadan o‘tayotgan haydovchi N.M. boshqaruvidagi Nexia avtomobili bilan to‘qnashgandi.
To‘qnashuv oqibatida yong‘in sodir bo‘lib, Nexia salonida bo‘lgan 42 yoshli haydovchi, haydovchining rafiqasi, 13 yoshli va 10 yoshli farzandlari hamda 34 yashar va 7 yoshli yo‘lovchi, jami 6 kishi hodisa joyida yonib ketib, halok bo‘lgandi.
Mazkur YTH yuzasidan Namangan viloyati IIB Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (odam o‘limiga olib kelgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilgan.
Joriy yil 4-may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Kosonsoy tuman sudining sayyor sudi majlisida mazkur jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Sud raisi Samadjon Qodirov raisligida o‘tgan majlisda Namangandagi mas’uliyati cheklangan jamiyatlardan birida haydovchi bo‘lib ishlab kelgan A.A. o‘z aybiga iqrorligini bildirdi. Unga nisbatan uzil-kesil 10 yil qamoq jazosi tayinlandi.
Shuningdek, sudlanuvchidan jabrlanuvchilarning qonuniy vakili foydasiga qariyb 60 million so‘m, ish joyi bo‘lgan MChJ foydasiga esa 266 million so‘m undirilishi belgilandi.
Ma’lumot uchun, ushbu sud jarayonida haydovchi A.A muqaddam qo‘l urgan boshqa bir og‘ir jinoyati uchun 1996-yili 20 yil qamoq jazosiga hukm qilingani va jazoni to‘liq o‘tagani ma’lum bo‘ldi.