Qirg‘iziston bosh vaziri Ulug‘bek Maripov Botken viloyati rahbari Omurbek Suvanaliyevni lavozimidan ozod qildi. Suvanaliyev lavozimga fevral oyida tayinlangan edi, deb yozadi “Interfaks”.
“Bugun menga bosh vazir tomonidan imzolangan tegishli buyruq asosida boshqa ishga o‘tganim sababli lavozimidan ozod qilinganim to‘g‘risida xabar berishdi”, — dedi Omurbek Suvanaliev 4-may kuni “Interfaks”ga.
Suvanaliyev 1-fevral kuni Qirg‘iziston hukumatining Botken viloyatidagi vakolatli vakili etib tayinlangan edi. 2019-yil fevraldan 2020-yil oktabrgacha u mamlakat Xavfsizlik Kengashi kotibining o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
Hukumat matbuot xizmatining xabar berishicha, bosh vazir, shuningdek, o‘z maslahatchisi Arzibek Burkanovni, Botken viloyati rahbari o‘rinbosari Erlan Saparbayevni hamda Botken va Laylak tumanlari hokimlari Baymurat Bekmuratov va Oqilbek O‘rozovlarni ham ishdan bo‘shatish to‘g‘risidagi buyruqni imzolagan.
Qirg‘iziston Davlat chegara xizmatining sobiq raisi Abdikarim Alimbayevni Botken viloyati rahbari etib tayinlandi.
“Majlisda hukumatning Botken viloyatidagi yangi vakolatli vakili etib Abdikarim Alimboyev ko‘rsatildi”, — deyiladi viloyat ma’muriyati xabarida. Bundan tashqari, Botken va Laylak tumanlari rahbarlarini tayinlash kutilmoqda.
Avvalroq Qirg‘iziston va Tojikiston Bosh prokuraturalari chegaradagi qurolli nizodan keyin bir-birlarining harbiylariga va fuqarolariga nisbatan jinoiy ish ochgan edi. Qirg‘iziston prokuraturasi Tojikiston bilan nizoni “bostirib kirish” deb atadi, Tojikiston prokuraturasi esa Qirg‘izistonning harakatlarini “tajovuzkorlik” deb baholadi.
Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasidagi nizo 28-aprel kuni mahalliy aholi o‘rtasidagi janjal bilan boshlangan edi. U esa tojikistonlik harbiylar bahsli hududda joylashgan “Golovnoy” suv taqsimlash punkti yaqinidagi elektr ustuniga videokuzatuv kameralarini o‘rnatganidan keyin kelib chiqqan. Qirg‘iziston chegara xizmatining axboroti bo‘yicha 29-aprelda ikki davlat harbiylari o‘rtasida otishma sodir bo‘lgan.
Shuningdek, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘z qo‘shinlarini davlat chegarasidan olib chiqib ketishni yakunlagani, shuningdek, nizo chog‘ida garovga olingan o‘n nafar Qirg‘iziston fuqarosi Tojikistonda asirlikdan ozod etilgani xabar berilgan edi.
Mavzuga doir:
- Yonib ketgan uylar, do‘konlar va maktab. Qirg‘izistonning Tojikiston bilan chegaradagi vayron bo‘lgan qishlog‘i — suratlarda
- Qirg‘iziston prezidenti Tojikiston bilan tinchlik yo‘lida oqsoqollardan iborat komissiya tuzishni taklif qildi
- Qirg‘izistonda chegara mojarosida halok bo‘lganlar uchun motam e’lon qilindi