Sardoba suv ombori falokati yuz bergan kunda tong saharlab, shovqin-suron ichida “bo‘l-da, bo‘l!” qilib, kim tirkamada, kim aravada, kim piyoda, kim mashinada noma’lum manzil tomon yo‘l olganida, evakuatsiya qilinganlar orasida qancha homilador ayol bo‘lgan? Tug‘ruq jarayonlari qanday kechgan? Tug‘ilgan bolalarda farqli jihatlar bormi? Hech kim javob berolmaydi bu savollarga. Hatto kimgadir mantiqsiz tuyular bu gaplar. Kim kimu, o‘shanda kelini, qizi, homilador bo‘lganlarga emas...

To‘satdan kelgan suv toshqini ayrim hollarda hali tug‘ilmagan bolalar kelajagiga ham ta’sir qildi. Birining sog‘lig‘iga, boshqasining yashash hududiga. Eng qizig‘i, texnogen ofat go‘daklar ismini ham belgilab berdi...

Shukrona Jasurbek qizi O‘sarova

2020-yil 12-dekabrda tug‘ilgan

“Alla-yo, alla... Bolaginam bolasi-yo, alla!..”. Ichkaridan beshik taq-tuqi bilan uyqashgan xirgoyiga o‘xshash ohang eshitiladi. Qiya ochiq eshik ortida to‘xtab qolamiz. Bola uxlayvermaydi, shekilli, ayol kimnidir, aftidan, kelinini chaqiradi. Shunda ovoz beramiz...

Xayriniso opaning o‘n nafar nabirasi bor. Shukrona — o‘ninchi nabirasi. Qizaloq nimjonroq bo‘lgani uchun unga ko‘proq o‘zi qaraydi. Doktordan doktorga olib yurib, aytgan dori-darmonlarning barini qilganidanmi, to‘rt oy deganda go‘dak tetiklashganiga shukrlar qiladi. Opa bolaning nimjonligini onasining homiladorlik davrida qiynalgani asorati deb biladi.

— Qochish paytida qo‘rqqan bo‘lishi mumkin. Bog‘chalarda turdik, ijara uyda yurdik, keyin qarindoshlarnikida ham yashadik. Kelinim koronavirusning yengil turi bilan ham og‘ridi. O‘zimiz ham. Shuning asoratimi, onasi qiynalgani uchun bolasi ham qiynalib tug‘ildi. Bolada “cherepnoy davleniya” bor deyishdi, yuragiga ham dorilar yozib berishdi. Har 10 kunda qaratib, dori-darmonlarini berib turibmiz. Xudoga shukur, ancha yaxshi. Shu vaqtgacha beshikka ham solmagan edik. Vrachlar endi beshikka yotqizaversangiz bo‘ladi deyishdi, — deydi suhbatdoshimiz.

Shukrona O‘sarova.

Foto: “Daryo” / Shahboz Temirov

Opaning aytishicha, gaz, “svet”i bor uyda bola katta qilish osonroq. Shukronaning shumtaka akasi uchun bu juda muhim deb hisoblaydi ayol. Xayriniso opa toshqindan so‘ng berilgan bu uyga ko‘chib kirgan kunini katta shodiyona deb biladi, bu haqda gapirayotganda yuzida tabassum paydo bo‘ladi.

— Talafotlardan chiqib, mana shu yangi uylarga ko‘chib kirdik, Xudoga shukur. Prezidentga, davlatimizga rahmat, shunday uylarni qurib berdi. Shunday og‘ir kunlarda bizlarni qo‘llab-quvvatlagan barchaga rahmat, — deb Xayriniso opa yana qo‘shib qo‘yadi. — Shu uyga kirishimiz bilan bu nevaram tug‘ildi, shuning uchun ismini Shukrona qo‘yganmiz. Og‘ir kunlarimiz ortda qolganiga shukr”

Shukrona Oybek qizi Abdusalomova

2020-yil 15-noyabrda tug‘ilgan

“Sharq – nozik masala” deydilar G‘arbda. Zero Sharqning, xususan, biz yashayotgan hududida xalq boshidan kechirgan har voqea qo‘shiqlar, maqollar, tasvirlarda u yoki bu tarzda namoyon bo‘ladi. Ismlar ham bundan mustasno emas. Xayriniso opa yashaydigan Sardoba tumanining birgina “Do‘stlik” mahallasida toshqindan so‘ng tug‘ilgan kamida uch nafar Shukronani uchratdik.

Sardoba suv ombori ofati faqat Sardoba emas, balki Mirzaobod va Oqoltin tumanlariga ham jiddiy zarar yetkazgan. Mirzaoboddagi xonadonlardan birining bekasi Rixsixon opa oiladagi kenja qizaloq eng katta ovunchog‘i ekanligini gapirar ekan, u ham avvalgi suhbatdoshimizning fikrlarini takrorlaydi, tasdiqladi.

Shukrona Abdusalomova buvisi Rixsixon O‘sarova bilan.

Foto: “Daryo” / Shahboz Temirov

— Toshqinlardan qutuldik deb, otasi Shukrona deya ism qo‘ydi. Suv kelganda o‘zimniyam o‘ylamay, faqat shular uchun tashvishlandim. O‘sha kunlarni eslasak, hali ham yuragimiz og‘riydi. Xudoga shukur, jonimiz omon qoldi, — deydi onaxon qisqagina qilib.

Rixsixon opaning ovsini Hayitgul O‘sarova gapga chechanroq. Uning oilasida o‘z nevaralari qatorida Shukronaxonni ham yaxshi ko‘rib, erkalashlarini aytadi.

— Bu toshqindan keyin tug‘ilgan nevaramiz, qaynukamning nevarasi, besh oylik. Shu kunlarning shukronasi deb Shukrona deb ism qo‘ydik. Yaxshi kunlarga yetganimizda tug‘ildi. Shukrona desak o‘sha kunlar baribir esimizga kelaveradi. Ilohim, biz ko‘rgan kunlarni bular ko‘rmasin!

Shukrona Abdusalomova buvisining ovsini Hayitgul O‘sarova bilan.

Foto: “Daryo” / Shahboz Temirov

Yaqinda Hayitgul opaning qudasi — katta kelinining ukasi ham qizlik bo‘lgan. Hali besh-olti kunlik chaqaloq ekan, unga ham Shukrona deb ism qo‘yishibdi. Aytishlaricha, bu yerlarda Shukronalar juda ko‘payib ketgan. “Toshqindan keyin tug‘ilganlarning hammasi — Shukrona. Hali bizda o‘g‘il bola tug‘ilmagani uchun, bilmadim, ularga qanday ism qo‘yishyapti ekan. Bitta sinfdagi qizlarning bari Shukronalar bo‘lmasa edi hali”, — deya bir quvonadi opa.

Xalosboy Dilmurod o‘g‘li Ubaydullayev

2020-yil 29-mayda tug‘ilgan

Baxtiyor buvijonlarning yana biri — Jamila Husanboyeva o‘sha vahimali kunda oy-kuni yaqin kelinini Jizzaxga olib ketayotib, qanday xavotir olganini eslaydi.

— Ertalab tursak, suv toshqini xabari keldi. Nima qilishni bilmay qoldik. Hech narsaga qaramay qochdik. Hamma nima g‘amda-yu, men kelinim qo‘rqqanidan yo‘lda tug‘ib qo‘ysa nima qilaman derdim. Bu toshqin sarsongarchiligi birpasda o‘tib ketsa kerak, hali tezda uyga qaytamiz, deb o‘ylabmiz. Bunchalik bo‘lishi xayolimizga ham kelmagandi. Toshqindan qochib, uyoq-buyoqlarda yurdik. Jizzaxning Paxtakor tumaniga borib, ijaraga uy topib, yashadik.

Ayol uyidan uzoqdagi o‘y-xayollar ta’siridanmi, suv balosidan qutulganlari uchun qiz tug‘ilsa, Shukrona deb ism qo‘yamiz, deb niyat qilgan ekan. Toshqindan 28 kun o‘tib kelini o‘g‘il tug‘gan. Jamila opaning qaynotasi oila balodan xalos bo‘lgani uchun chaqaloqqa Xalos deb ism qo‘ygan. Qizig‘i, Jamila opaning o‘z otasining ismi ham Xalos ekan.

Xalosboy Ubaydullayev.

Foto: “Daryo” / Shahboz Temirov

“Shuning uchun yangam boshida biroz ikkilandilar ham”, deydi qaynukasi. “Nevaramni ko‘rib, xursandligimizdan, boshimizdan kechirganlarimiz ham esimizdan chiqdi. Endi buni o‘zim nima deb chaqirishni ham bilmayman, bobojon deb erkalayman”, — deydi opa.

Bu oilaning uyi sementdan qurilgani uchun toshqin vaqti butkul vayron bo‘lmagan. Shuning uchun ular ta’mirlab berilgan uylariga sentabr oyida qaytgan.

Shukrona Tohirbek qizi Temirova

2020-yil 20-iyunda tug‘ilgan

Insultdan so‘ng ikki yildan beri to‘shakka mixlanib qolgan Maqsuda Tuvalova nevarasiga Shukrona deb ism qo‘yayotganida nimalarni xayolidan kechirgan? Bir yil avval toshqin vaqti bolalariga uni tashlab, o‘zlari qochishlarini so‘ragan lahzalarnimikin? “Sovxozdan bekatgagacha yetaklab chiqishdi. 5-mayda kelinim shifoxonaga tushdi. Shundan so‘ng qizi tug‘ilguncha yotdi-da. Uyga keladi ikki-uch kunga. Yana mazasi bo‘lmay qaytib ketaveradi. Bular stressga tushib qoldi-da”, — deydi onaxon.

Shukrona Temirova onasi Sarvinoz Tuvalova bilan.

Foto: “Daryo” / Shahboz Temirov

Yangi qurilgan ko‘p qavatli uyning 1-qavatidan berilgan uy, ko‘rsatilgan yordam uchun ayol prezidentdan, davlatdan, homiylardan minnatdor.

— Shukr, prezidentimiz televizor, xolodilnik berdi — bularimiz ham yo‘q edi. Shu menga ermak, bir joyga yotib qolgan odamga qiyin. Bergan 40 millioni davolanishga ketdi. Davlat ikki oygacha oziq-ovqat berib turdi, yaxshi insonlar yordam qilishdi, — deydi Maqsuda opa.

Aytishicha, u yotgan karavot qo‘shnidan vaqtinchaga deb olingan ekan. O‘zining karavoti-yu ko‘rpachalari, boshqa anjomlari oqib ketgan. Ana shunday sharoitda ulg‘ayayotgan Shukrona Temirovaga onasining suti yetmaydi. Gohida “kasha” (bo‘tqa) olishga qiynalishlarini yashirishmadi.

Ishonish qiyin, lekin bu fakt:

Davlat xizmatlari agentligining Sirdaryo viloyati boshqarmasidan “Daryo”ga ma’lum qilishlaricha, Sardoba falokatidan oldingi bir yilda — 2019-yil 1-mayidan 2020-yil 1-mayigacha bo‘lgan davrda Sardoba tumanida 12 nafar, Oqoltin tumanida 14 nafar va Mirzaobod tumanida 8 nafar — jami 34 qizaloqqa Shukrona deb ism qo‘yilgan. Toshqindan keyingi bir yilda Sardobada 17 nafar, Oqoltinda 33 nafar va Mirzaobodda 15 nafar — jami 65 nafar qizga Shukrona deb ism qo‘yilgan. “O‘g‘il bolalarga asosan Muhammadali, Muhammadziyo, Abdulloh ismlari qo‘yilgan, Shukrullo va Shukr ismlari uchramadi”, — deyiladi DXA Sirdaryo viloyati boshqarmasi Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar sho‘basi axborotida.

Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlari Sardoba toshqinidan eng ko‘p jabr ko‘rgan hududlardir.

Aytishlaricha, toshqin kuni ruhan aziyat chekkan ayrim ayollarning chaqaloqlari tug‘ilganidan keyin ko‘p o‘tmay vafot etgani, homila tushish holatlari bo‘lgani haqida ham gap-so‘zlar bor.

Mualliflar: Mustahkam Tangriyorova, Musulmonbek Ibrohimov

Suhbatlarni matnga ko‘chirdi: Mirolim Isajonov

Muharrirlar: Charos Nizomiddinova, Asror Abdunazarov