Sardoba suv ombori falokati, afsuski, aholining nafaqat moli, balki joniga ham daxl qilgan. Aholi orasidan bir emas, besh qurbon. Besh xil taqdir — yoshlari, kasblari turlicha, o‘lim tafsilotlari ham bo‘lak. Lekin hammasining so‘nggi manzilga tomon qismati bir xil — jasadlarning bari o‘z uyidan chiqarilmagan. Chunki ularning uylari yo‘q edi endi...

Ona armoni: “O‘zim bo‘lganimda qutqararmidim...”

“Aytolmayman. Buni aytish og‘ir...”. Yig‘laydi, yig‘layveradi. Tinglash ham oson emas. Mavluda opaning aytishicha, 36 yoshli o‘g‘li Farhod Alishev yil boshidayoq bir o‘limdan qolgan. 2020-yil 15-yanvar kuni Qozog‘istonga ketgach, ikki kun o‘tib undan noxush xabar kelgan — ish joyida bir sutka is gazida qolib ketgan, oqibatda insultni boshdan kechirib, komaga tushib qolgan. Chimkentda 23 kun, Gulistonda 20 kun reanimatsiyada yotgan, keyin “6-sovxoz”dagi shifoxonada yana 19 kun davolangan. Karantin boshlangach, uyga olib kelingan.

Yigitning yaqin oylarda sog‘ayib ketishidan umidvor oila to‘ylar boshlamoqchi edi. “Ukangni uylantiramiz, o‘g‘illaringni sunnat to‘yini ham qo‘shib o‘tkazamiz, desam, tasdiqlab boshini irg‘ardi”, — deb xotirlaydi ona.

Mavluda Alisheva.

Foto: “Daryo” / Shahboz Ozodov

“Ovqat yeydigan bo‘ldi. Oyoq-qo‘llari qimirladi. Faqat gapirolmadi, — deya Farhoddagi o‘zgarishlarni eslaydi Mavluda Alisheva. — Deraza oldiga o‘tkazib qo‘yardim. Tashqarini tomosha qilib o‘tirardi”. Farhod o‘rnidan tura olmagani uchun pampersdan foydalanilgan, ammo o‘sha mash’um kun arafasida uyda qolmagandi. “Taksiga tayinlasam, ‘6-sovxoz’da ham yo‘q. Soat 14:00 lardan o‘tib yo‘lga chiqdim, taksi kutib ikki soat yo‘lda turdim. O‘shanda ortga qaytsam bo‘larkan — Guliston karantinga yopiq, kiritmadi shaharga. Keyin Sirdaryoga o‘tib ketdim. Kech bo‘lib qoldi. Dorilarining hammasini oldim-da, ertaga saharlab soat 05:00 da yo‘lga chiqaman degandim”, — deydi u.

O‘sha oqshom ayol singlisining uyida qolgan. Ertalab qo‘ng‘iroq bo‘lgan: “Ena, meni kechiring, tog‘amni qutqara olmadim”, — degan nevarasi. Onaning qon bosimi oshib ketgan, shifoxonaga olib borilgan. Bir qancha vaqtdan so‘ng yana qo‘ng‘iroq: “Opa, Farhod akam o‘lmabdi. Vertolyotchilar qutqaribdi”. Kechga yaqin yana qizining ovozi: “Opa, tez keling, Farhod akam bo‘lmay qolgan”. Aytishlaricha, yigit aslida tom ostida qolib halok bo‘lgan vaqtda rafiqasi, Jizzaxdan yetib kelgan aka-ukalari, yaqinlari uning qutqarilib, omon qolganiga ishongan, shu bois evakuatsiya hududlari, shifoxonalarda uni rosa izlagan.

Davolanish jarayonidagi Farhod Alishev farzandlari bilan.

Foto: Mavluda Alishevaning oilaviy arxividan

Ayolning “Tog‘amni qutqarolmadim!” degan nevarasi Farhodning to‘rt bolasini xavfsiz joyga olib chiqib ketgan. Uyda Farhodning otasi ham bo‘lgan, biroq, aftidan, u ham gavdali o‘g‘lini ko‘tarib olib chiqa olishiga ko‘zi yetmagan. Eng oxiri uyda yigitning ayoli qolgan. Ko‘cha boshiga chiqib yordam jo‘natsa, yaxshiroq bo‘lishini o‘ylagandir u. “Lekin Farhodga kelgan mashinaga qo‘shni ayolni o‘tkazib yuborishgan. Xullas, hamma o‘zini olib qochgan, bolaga hech kim qaramagan, uyda qolib ketgan. Uyning tagida qolib ketgan. Qo‘llari musht bo‘lib qisilib, tirnoqlari kaftlariga kirib ketgan ekan, — deyishi bilan ayol ho‘ngrab yuboradi. — O‘zim bo‘lganimda, balki, qutqararmidim”.

Mavluda opa kelini bilan o‘g‘li bir-birini juda ardoqlaganini aytadi. Ammo kelin “erimning o‘limi ortidan keladigan uyda yasholmayman” deb, to‘rt bolasi bilan Qozog‘istonga jo‘nab ketgan (er-xotin ko‘p yillardan buyon farzandlari bilan Qozog‘istonda yashagan, “Faqat Farhodgina Qozog‘iston pasportini olishga ulgurmagan edi”, — deydi Mavluda opa).

Farhod Alishev onasi, rafiqasi va to‘rt nafar farzandi bilan birga.

Foto: Mavluda Alishevaning oilaviy arxividan

Onaning ta’kidlashicha, farzandlarining otasi 20 yildan beri ular bilan yashamaydi, oyda-yilda ularning uyiga bir mehmondek kelib-ketib turgan. O‘sha mash’um 1-may ham shunday tasodifiy tashrif kunlaridan biri bo‘lgan. “Lekin mana shu uy uning nomida. Shuning uchun 40 million so‘mni ham u oldi”, — deydi ayol, bu puldan bir so‘m ham ularga tegmaganiga ishora qilib.

Suhbatdoshimiz ularga tovon puli berilmaganini aytadi. “O‘g‘limning o‘limidan bir haftalar o‘tib 900 ming so‘m oldik. Hayitda 700 ming so‘m ham berilgan ekan, uni ham dadasi olgan”, — deya dafn marosimi uchun va ehsonga berilgan pullar haqida ma’lumot beradi ayol. Xayrlasharkanmiz, Mavluda opa qo‘llarini duoga ochib, qayta-qayta aytgan tilagi shu bo‘ldi: “Hech kim menga o‘xshab bolam, deb yig‘lamasin”. Ilohim!

Janozasi tug‘ilgan kuniga to‘g‘ri kelgan ayol

Qoriya Hasanova 1973-yil 2-may kuni tug‘ilgan. 2020-yil 2-may kuni, Sardoba toshqinidan so‘ng jasadi topilgan. U bilan birga suvda oqqan ikki qizi esa qutqarilgan.

Qo‘rg‘ontepa qishlog‘ini oralaymiz. Bir vaqtlar Qoriya yashagan uy o‘rni. Odam bo‘yi do‘mpayib turgan tuproq uyumlari, sochilgan shox-shabbalar, parcha-parcha shifer bo‘laklari, bir qarich keladigan poydevor shirin qizlar o‘ynab-ulg‘aygan uydan va o‘tgan yildagi halokatdan xotiradek. Atrofdagi shu kabi loydan qurilgan boshqa xonadonlar ham yer bilan yakson bo‘lgan, qishloq o‘rni hozir keng maydon.

Qoriya Hasanova va uning qizlari yashagan uyning toshqindan keyingi ahvoli.

Kadr: YouTube / “Zamon”

“Qo‘rg‘ontepa” mahallasi mutaxassisi Sayyora Aliqulovaning aytishicha, Qoriyaxonning turmush o‘rtog‘i to‘g‘on halokatidan yarim yil avval olamdan o‘tgan edi. “Mehnatkash ayol edi. 25 sotix tomorqasi bor edi. Ikki kun oldin uyiga borgandik. Pillasini ko‘rdik. Toshqin oldidan kechasi bilan pillaga qaragan-da u kishi. Menimcha, ertalab uxlab qolgan, qochishga ulgurolmay qolgan. Ikki qizchasini profilaktika inspektorimiz qutqarib olgan”, — deb eslaydi u.

15 yoshli Nigina va 11 yoshli Madina — Qoriyaxonning toshqindan omon qolgan qizlari. Nigina 1-mayni shunday eslaydi: “Uyg‘onganimizda suv tizzadan edi, besh daqiqa o‘tar-o‘tmas belgacha ko‘tarildi. Uydan chiqib ketganimizda atrofda hech kim yo‘q, tepada vertolyotlar bor edi, lekin odamlarni ko‘rib bo‘lmasdi.‘Katta sovxoz’da faqat hayvonlar yurardi. Biror yerga chiqib olishning ham iloji bo‘lmagan, chunki allaqachon uylar qulayotgandi”. Shu vaqt suv birdan yelkagacha ko‘tarilgan.

Nigina Umurzoqova.

Foto: “Daryo” / Shahboz Ozodov

Shu tarzda opa-singil suvda oqib ketgan. Keyin, qizginaning eslashicha, qandaydir shoxmi, nimanidir ushlab qolgan. Shifoxonada, jonlantirish bo‘limida singlisi bilan birga yotqizilgan...

Nigina va Madina Umurzoqovalar bugun Sirdaryo tumanidagi bag‘rikeng bir xonadonda yashaydi. Qizlar bu yerda oila boshlig‘iga “ota”, bekasiga “ena” deb murojaat qiladi. Kelinli, kuyovli Maqsuda Mirzaqulova hikoya qiladi:

Madina Umurzoqova.

Foto: “Daryo” / Shahboz Ozodov

“Ayamni ‘aya’ derdik, sizni nima deb chaqirsak bo‘ladi, deyishdi. Menga ko‘proq ‘ona’ yoqadi, ‘ena’ deb chaqiringlar, dedim. ‘Ena’ deyishadi. Xo‘jayinimni ‘ota’ deyishadi. Besh farzandim bor — mana endi bolalarim yettita bo‘ldi”, — deydi Maqsuda opa. Aytishicha, yarim yil ichida ham ota, ham onadan ayrilgan bu qizlarni farzandlikka olishga bir necha oila talabgor bo‘lgan. Evakuatsiya payti va undan keyin shu xonadonda bir necha bor bo‘lgan qizlar aynan ularni tanlagan.

Opa-singil hozir bitta maktabga qatnaydi, o‘qishdan bo‘sh vaqti turli to‘garaklarda hunar o‘rganadi. Biyron Madina qog‘ozdan, tasma-yu iplardan manzarali gullar yasashni yoqtiradi. “Eng chiroyli atirgullarimni enamga sovg‘a qildim”, — deydi u. Yana, tug‘ilgan kunida otasi sovg‘a qilgan oq ayiqchasini yaxshi ko‘rishini aytadi. Oiladagi o‘g‘illarni faxr bilan “akam” deydi.

“Ikki akam Toshkentda o‘qiydi. Ulardan biri Qur’on yodlayapti, boshqasi ingliz tilini o‘rganyapti. Men ko‘proq Muhammad akamni yaxshi ko‘raman. Bir-birimizga savol beramiz. Shaxmat o‘ynaymiz, shashka o‘ynaymiz. Kelayotganda bizga bir narsalar olib keladi. Bolalarni yaxshi ko‘radi-da”, — deydi qizaloq o‘ziga xos samimiylik bilan.

Madina (chapda) va Nigina (o‘ngda) vasiylikka olgan onasi Maqsuda Mirzaqulova bilan birga.

Foto: “Daryo” / Shahboz Ozodov

Qizlarning ikkovi ham kelajakda shifokor bo‘lmoqchi. Nigina binoyidek she’rlar ham yozarkan. Xonadonda qizlarga mumkin qadar toshqin voqeasini eslatmaslikka harakat qilishadi. Lekin Maqsuda opaning: “Qizlarning ayasiga yodgorlik qo‘ymoqchimiz”, degan gapini tasodifan eshitib qolgan Madina yig‘lab yubordi.

Oila boshlig‘i o‘zi haqida biror ma’lumot bermaslik talabini qo‘ydi; kamtarinlikdandir balki bu. Viloyatda esa Sardoba falokatining shu ikki mitti jabrdiydalarini asrab olgan xonadon kattasini sir saqlashga hojat yo‘q deb hisoblashadi — u kishini hamma biladi. Qiziqqanlar, sirdaryolik tanishlaringizdan so‘rayvering.

“Otamning jasadini chiqarishga suv yordam berdi”

75 yoshli Sulton Ro‘ziqulovning jasadi toshqin boshlanganidan bir necha soat o‘tib, o‘zining uyidan, faqat poydevori qolgan uyidan topilgan. Besh farzandning otasi divanda, suvga g‘arq bo‘lganicha yotar, uyning devorlari, ne mo‘jizaki, ikki tomonga qulab, marhumning ustiga bir xas ham tushmagan.

Sulton aka ko‘p yillardan buyon to‘shakka mixlangan edi. Qand kasali bo‘lgan, toshqindan bir muddat avval bir oyog‘i qorason bo‘lib, kesilgan edi. Ko‘zi ham ko‘rmay qolgandi.

Sulton Ro‘ziqulov.

Foto: Odil Ro‘ziqulovning oilaviy arxividan

Marhumning o‘g‘li Odil Ro‘ziqulov o‘sha kuni baqir-chaqirdan uyg‘onib ketganini aytadi. “Hamma ko‘chada. Otam bolalaringni olib ketaver, meni qo‘yaver, dedi. Yaqindagina operatsiyadan chiqqan kunlarim edi, ko‘tarolmasligimga ko‘zim yetib, bolalarni ko‘tar-ko‘tar qilib, olib chiqib ketdim”, — deydi Odil.

U bolalarni xavfsiz joyga tashlab, uyga qaytib kelgan, ammo organ xodimlari uni qo‘ymagan. “O‘zimizning bolalar ishlayapti, olib chiqishadi, bolalaringni o‘yla, oqib ketishing mumkin”, deb o‘tkazishmagan. “Oradan 3 soat o‘tdi, javob ham chiqmadi, qutqardik ham demadi. Keyin ularning aytganini qilmay, kirib ketdim. Kelsam, uy ag‘anagan, kechikkanman... Agar o‘tkazib yuborishganida, ulgurarmidim”, — deydi og‘ir xo‘rsinib.

“Operatsiya bo‘lgan bel bilan jasadni qanday ko‘tardingiz?”, — deb so‘raymiz ming istihola bilan. “Suvning o‘zi yordam berdi”, — deydi Odil.

Odil Ro‘ziqulov.

Foto: “Daryo” / Shahboz Ozodov

Oilaga barcha sharoitlari bor uch xonali kvartira berilgan. Aytishlaricha, gaz, suv, elektr risoladagidek — buning uchun ular davlatdan minnatdor. Ammo bel og‘rig‘i xuruj qilganida ro‘zg‘or onasi oladigan 500 ming so‘mlik pensiyaga qarab qoladi. Boshqa vaqt otasidan qolgan eski mashinada kirakashlik qiladi. Aynan shu mashina uning nomiga o‘tkazilgach, uch bolasi uchun 400 ming so‘m atrofida beriladigan yordam puli ham to‘xtatilgan (chunki “mashinasi borlarni muhtojlar ro‘yxatiga qo‘shib bo‘lmaydi”).

Sulton aka vaqtida o‘g‘liga uni o‘z yurti — Qashqadaryoga qo‘yishni vasiyat qilgan. Ammo dafn marosimi uchun davlat bergan 950 ming so‘m pul “otamni olib ketish uchun yo‘lkiraga ham yetmadi”, — deydi Odil. “Karantin edi, mashinalar kam edi. Og‘aynilardan pul olib turib, mahalladoshlarim joylashtirilgan kollejda ma’raka ham qildim. Bo‘ynimda qarz. Uzishim kerak”, — deb qo‘shimcha qiladi u.

Bu oilaga ham, tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan boshqa barcha xonadonlar qatori, 40 million so‘m pul berilgan. Lekin, Odil Ro‘ziqulovning tushuntirishicha, xonadon uchun berilgan texnika vositalari to‘lovi mana shu 40 million so‘mdan qaytarilgan. Odil toshqin oqibatida vafot etgan otasi uchun tovon puli berish-berilmasligi yuzasidan bir necha bor murojaatlar qilgan, biroq rasmiylardan tayinli javob yo‘q.

Birga yashab, birga ketish qismati

70 yoshli Hakimjon aka Rahmonov va 65 yoshli Naziraxon Mamasiddiqova Mirzaobod tumanidagi Navbahor qishlog‘ida yashagan. Ular Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanidan kelib, shu yerda qo‘nim topgan edi. Qo‘sha qariyotgan er-xotin hayotni ham birga tark etdi.

Ularning o‘g‘li Dilmurod oilasi bilan Toshkentda yashaydi. U ota-onasi haqidagi xotiralarni gapirolmasligini aytadi: “Bir kunning o‘zida ham ota, ham onadan ayrilish nimaligini bilasizmi? Men yolg‘iz o‘g‘ilman. Eslashning o‘zi azob. Azob!”, — deb asabiylashadi yigit.

Hakimjon Rahmonov va Naziraxon Mamasiddiqova.

Foto: Oilaviy arxivdan.

Marhumlarning mahalladoshi Ozoda Mamatqulova chol-kampir bir umr dehqonchilik qilganini eslaydi: “Ikkalasi bir-birini hurmat qilib yashadi. Yaxshi ayol edi, katta-kichikka teng edi. Xo‘jayini Hakimjon aka ham xuddi shunday edi”, — deydi Ozoda opa.

Er-xotin hovlilarini gul-u gulzorga aylantirgandi, deydi qo‘shni Nafisa Eshonqulova: “Ekinzoriga makka, kartoshka bormi, hamma narsani ekib, obod qilib o‘tirardi. Ularning hech kimga ziyoni tegmasdi”.

Qizlarxon Ergasheva chol-kampirni evakuatsiya vaqti oxirgi marta ko‘rganlardan biri: “1-may kuni ertalab, soat 06:30 larda hamma ko‘chaga chiqqanida ular ham mahalla odamlari bilan birga edi. Keyin, yo‘lda nimadir esdan chiqdimi, ular yana qaytib ketgan edi”.

Qizlarxon opaning eslashicha, onaxon qo‘shnilari bilan suhbatda o‘g‘il-qizidan mamnunligi, farzandlari va kelinidan minnatdorligini tez-tez aytib turgan. “Xo‘jayini esa hovlisida nima meva pishsa, bolalarimga ilinib, ko‘tarib chiqardi”.

Mahalladoshlarning aytishlaricha, ular Yangiyerda, litsey yotoqxonasiga joylashganlarida Dilmurod ota-onasini izlab borgan. Keyinroq chol-kampirning jasadlari ikki joydan topilgani ma’lum bo‘lgan. O‘g‘ilning ta’kidlashicha, ota-onasining toshqindagi o‘limi uchun tovon puli to‘lanmagan.

***

Aholi orasidan besh qurbon. Besh xil taqdir, yoshlari, kasblari turlicha, o‘lim tafsilotlari ham har xil. Ayni vaqtda, umumiy jihatlari ham kam emas. Ularning hammasi xalqdan chiqqan, oddiy odamlar edi. Ularning ham orzu-o‘ylari bor edi. Ularning bari yaqinlariga armonlar qoldirib ketdi...

Mualliflar: Mustahkam Tangriyorova, Musulmonbek Ibrohimov

Muharrir: Muhrim A’zamxo‘jayev

PS. Sardoba toshqini vaqtida qutqaruv ishlariga jalb qilingan Milliy gvardiya xodimlari orasida ham talafotlar bo‘lgan, lekin u alohida, katta, og‘riqli mavzu.