Bir yil avval, 2020-yilning 1-may kuni Sardoba suv ombori yorilib, uylarni birin-ketin suv bosayotgan vaqtda Sirdaryodan uzoqdagilarni qo‘ya turing, uyiga shu omborning suvi toshib kirganlarning o‘zi ham aslida nima bo‘layotgani yaxshi anglamagan. Anglay olmasdi ham. Qandaydir arzimas bir necha soat ichida yuz bergan fojia bir necha oylik sargardonlikka arzishini o‘sha vaqtda Oysafar Qurbonaliyeva ham bilmagan.

“Daryo” Sardoba suv ombori falokati bilan bog‘liq turkum xotiralarni e’lon qilib bormoqda. Avvalroq ombordan suv toshib chiqayotganiga birinchilardan bo‘lib guvoh bo‘lgan Davlat Rahmonovning hikoyasi e’lon qilingan edi — u Oysafarning qaynog‘asidir.

Oysafar fermada ishlamaydi, lekin har tong qorong‘ida “dom”dan chiqib, toshqin yakson qilgan uyi tomon boradi. Sigir sog‘gani. Salkam ikki chaqirim yo‘lni ovsinlari bilan birga piyoda bosib o‘tadi. Chelak ko‘tarib. O‘sha sahar ham u soat 04:00 da sigirlaridan birini sog‘ib, boshqalarining oldiga bormay, ichkariga kirgan, erini uyg‘otgan.

Oysafar Qurbonaliyeva (o‘ngda) har tong ovsini bilan birga toshqin oqizib ketgan hovlisiga sut sog‘gani keladi.

Foto: “Daryo” / Shahboz Ozodov

“Qarang dedim, rosa shovqin kuchayyapti-ku, dedim. Suv omborida ‘ribxoz’ (baliqchilik xo‘jaligi — ‘Daryo’ izohi) ochilyapti, buldozerlar ishlayapti, shuning shovqini shekilli, dedi. Eshikdan qaytib chiqayotsam, ikkinchi xonadan telefon ovozi eshitildi. Akam ekan (qaynog‘asini nazarda tutyapti — ‘Daryo’ izohi), juda ko‘p telefon qilibdi. Ukasini so‘radi, yotibdi, dedim. ‘Omborni suv uribdi, bola-chaqangni olib, chiqib ket’, dedi”, — deb xotirlaydi u.

“Suv urdi” deganda ayol avvaliga hech narsani tushunmagan, ammo eri “ombor uribdi” degan gapni eshitiboq o‘rnidan sakrab turgan. Tug‘ilganiga hali 25 kun ham bo‘lmagan chaqalog‘ini yo‘l-yo‘lakay qip-yalang‘och qilib beshikdan yechib olishgan, qolgan ikki bolasi bilan traktor tirkamasiga chiqqan. “Tirkama ayollar va bolalar bilan to‘lgan edi, erkaklarimiz ortimizdan piyoda yugurib ketgan”, — deb eslaydi u. Yarim yo‘lda tirkamaning g‘ildiragi pand bergan.

O‘shanda Oysafarning o‘zi “peshindan keyinmi, juda bo‘lmasa kechasi yana qaytib kelamiz-da”, deb xayol qilgan. Ammo uning xo‘jayini faqat 3-maydagina poydevoridan boshqa hech narsasi qolmagan uyidan xabar olish uchun qishloqqa qayta olgan. O‘zi esa dastlab yosh bolasi bilan Boyovutga, qizlik uyiga ketgan. Shu bilan bir necha oylik darbadar hayot boshlangan. Kimdir “kompensatsiyaga uy olish uchun qishlog‘ing joylashtirilgan maktab yo kollejda yashashing” kerak degani uchun, “balki alohida xona qilib bersa, yashasa bo‘lar”, degan xayolda uch bolasi bilan kollejga ham borgan.

“Bitta sinfxonaga uch-to‘rt xo‘jalikni joylashtirgan”, — deydi Oysafar, devor o‘rniga parda tortilgan “Hamma alohida televizor qo‘yib olgan. Ovqatlanish sport-zalda, umumiy. Yosh bolaga bo‘lmaydi bu joy, dedim”, — deb eslaydi u. Xo‘jayini ham “pulini to‘lasam ham, tinchgina kvartirada turamiz”, deb oilasini olib chiqib ketgan. Ijarada yashagan davrlarini eslarkan, uning ko‘zlariga yosh qalqiydi. Yozning saratonida “dom”da yosh bola bilan juda qiynalganini, hadik bilan yashaganini og‘riq bilan xotirlaydi.

Birinchi turgan ijara uyning egasi: “Kelin tushiraman, uyni bo‘shat”, degan. Yana ijaraga uy izlashgan. Topilavermagach, tanish birovning uyiga bir oyga joylashishgan. Keyin yana boshqa uy, yana boshqa ijara joy. Prezident nomidan berilgan 40 million so‘mlik tovon puli shunday “ko‘ch-ko‘ch”larda tamom bitgan. Noyabr boshida eri xursand bo‘lib, “bizga uy beriladigan bo‘ldi, mana”, deb kelganida, so‘nggi ijaraga olingan uyning egasi: “Bo‘ldi, dom oldinglar, chiqinglar”, degan. Oysafar o‘shanda yomg‘irli bir kunda qaynog‘asi yangitdan, pishiq g‘ishtdan ko‘targan hovlining bir chekkasiga ko‘chib chiqishganini yaxshi eslaydi.

Oysafar Qurbonaliyeva.

Foto: “Daryo” / Shahboz Ozodov

Oysafar suvda oqib ketgan ikki xonali hovli-joyi o‘rniga yangi qurilgan ko‘p qavatli uydan ikki xonali uy berilganiga, endi o‘zining, o‘z-o‘zining boshpanasi borligiga shukrlar qiladi. Lekin 1-may yaqinlashavergani sayin boshdan kechirganlari yodiga tushaveradi, misli ko‘rilmagan qiyinchiliklar, sargardonliklarni unuta olmasligidan aziyat chekishini yashirmaydi. Bolalarining fotosuratlari, o‘zining to‘yidan xotira lavhalar suvda oqib ketganini yig‘lagudek gapiradi.

“Yig‘ib-tergan narsa hech narsamas, Xudo odamning peshonasiga bersin ekan. Faqat diqqatchilik, sarsonchilikni hech kimning boshiga solmasin. Dushmanimga ham ravo ko‘rmayman boshpanasiz qolishni. Shunday bo‘ldiki, qo‘limda pul bor, uy yo‘q. Xudo berdi, Prezidentimiz berdi”, — deydi u. Mavzuning boshqa qirralar haqida qancha boshqa savollar bersak ham, biz uni eshikma-eshik yurgan sarson kunlar xotirasidan ayira olmasligimizni tushundik.

Oysafarning hikoyasi bilan quyidagi video orqali to‘liq tanishish mumkin:

Mualliflar: Mustahkam Tangriyorova, Musulmonbek Ibrohimov

Suhbatdoshning so‘zlarini yozib oldi: Mirolim Isajonov

Muharrir: Muhrim A’zamxo‘jayev