Shovshuvli jurnalistik surishtiruvlari bilan tanilgan rossiyalik siyosatchi Aleksey Navalniyning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida uning nomidan yangi post e’lon qilindi. Unda Navalniy oxirgi yillarda o‘zi muloqot qilgan barcha tibbiyot xodimlariga tashakkurini izhor etgan.

Foto: “RBK”

Navalniyning so‘zlariga ko‘ra shaxsiy dunyoqarashi bo‘yicha 2021-yil shubhasiz shifokorlar yili bo‘ldi. Siyosatchi tibbiyot xodimlari uning hayotini saqlab qolgani, zaharlangan vaqtida Germaniyaga olib ketilishini talab qilishgani, keyinchalik yarim o‘lik, ya’ni “sabzavot holida yotgan” Navalniyni qaytadan “odam qilgani”, qamoqqa tushganidan keyin esa uning zarur muolajalarni olishini ta’minlash maqsadida alohida kampaniya tashkil qilishganini qayd etdi.

Shuningdek, Navalniy koloniyada o‘ziga g‘amxo‘rlik qilgan barcha tibbiyot xodimlariga ham minnatdorlik bildirgan.

“Qamoqxonadagi shifokorlarga ham rahmat. Men ularning muassasa rahbariyati belgilagan tartib asosida, qamoqxona boshliqlari esa Kreml belgilab bergan ko‘rsatmalar bo‘yicha ish olib borganini yaxshi tushunaman. Lekin hozir odamlar haqiqatda menga yordam qilishga urinmoqda. Kecha hamshira jo‘xori unidan tayyorlangan uch qoshiq bo‘tqani berish yodidan ko‘tarilmasligi uchun ruchka bilan bilagiga belgi qo‘yayotganini ko‘rdim”, – deyilgan Navalniyning postida.

Navalniy 31-martdan 23-aprelga qadar mustaqil shifokorlarni yoniga kiritishlarini talab qilgan holda ochlik e’lon qildi. Siyosatchi oyog‘i va belidagi og‘riqlardan shikoyat qilgan hamda koloniyada unga zarur tibbiy xizmat ko‘rsatilmayotganini ta’kidlagan. Rossiya prezidenti Vladimir Putinning matbuot xizmati Navalniyning ochlik e’lon qilishiga izoh berishdan bosh tortgan.

Navalniy davolovchi shifokorlar tavsiyasi bo‘yicha ochlikni bekor qildi. Tibbiyot xodimlarining so‘zlariga ko‘ra siyosatchi 20-aprelda Vladimirdagi fuqarolik tibbiyot muassasasiga olib kelingan va mustaqil tibbiy ko‘rikka o‘xshab ketadigan tekshiruvlardan o‘tkazilgan.

21-aprelda Rossiyada “Navalniyga ozodlik” nomli norozilik namoyishlari o‘tkazildi. Siyosatchining tarafdorlari Navalniyning shifokorlari uning sog‘lig‘i yomonlashganini xabar qilganidan keyin mamlakatdagi odamlarni ko‘chalarga chiqib, norozilik namoyishlarini o‘tkazishga chorladi. Shifokorlarning ma’lumotidan keyin Rossiya prokuraturasi Navalniyga aloqador tashkilotlarni ekstremistik guruhlar ro‘yxatiga kiritishni talab qilgan.

Inson huquqlari bo‘yicha vakolatli vakil Tatyana Moskalkyova fuqarolik tizimidagi shifokorlarning 24-martdan 20-aprelgacha bo‘lgan oraliqda doimiy ravishda Navalniyni tekshirib turganini bildirgan.