Rossiyaning Pokrov shahridagi 2-sonli axloq tuzatish koloniyasi shifokorlari muxolifatchi Aleksey Navalniyga MRT (magnit-rezonans tomografiya) orqali unda ikkita umurtqa churrasi aniqlanganini ma’lum qildi. Bu haqda “Dojd” telekanaliga siyosatchining advokati Olga Mixaylova xabar bergan, deb yozadi “Korrespondent.net”.

Foto: EPA

“Alekseyga MRT natijasini ham, tibbiy xulosani ham ko‘rsatishmagan, ammo unga qo‘yilgan tashxisni og‘zaki ma’lum qilishgan”, — deya aniqlik kiritdi advokat.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Navalniyga koloniyada yozib berilgan muolaja “samarasiz va uning ahvoli yomonlashishiga olib kelishi mumkin”. Axloq tuzatish muassasasi tibbiy xodimlari bemor diklofenak va nikotin kislotasini qabul qilishi kerakligini ta’kidlamoqda. Uning fikricha, ma’muriyat muxolifatchining boshqa joydan taklif qilingan shifokorlar tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilishidan qo‘rqadi, chunki “ularning juda yomon muolajalari Navalniyning sog‘lig‘i yomonlashishiga olib kelgani oshkor bo‘lib qolishi mumkin”.

Mixaylovaning aytib berishicha, siyosatchining hamon beli va oyog‘i og‘riyapti. “Ustiga ustak, uning his qilish qobiliyati yo‘qolyapti, oyog‘idan tashqari, endi qo‘llari ham shunday bo‘lyapti”, — dedi advokat. Shuningdek, uning aytishicha, 5 va 6-aprel kunlari muxolifatchining harorati ko‘tarilgan.

Eslatib o‘tamiz, Aleksey Navalniy koloniyada unga boshqa joydan shifokor chaqirishni talab qilib, 31-martdan buyon ochlik e’lon qilib kelmoqda. Jazolarni ijro etish federal xizmati zarur yordam ko‘rsatilayotganini ta’kidlamoqda.

Ayni paytda, Moskva shahar sudi Navalniyning Korrupsiyaga qarshi kurash fondi huquqshunosi Lyubov Sobol, munitsipal deputatlar Lyusya Shteyn va Konstantin Yankauskas, shuningdek, Aleksey Navalniyning ukasi Oleg Navalniyni uy qamog‘idan ozod etdi. Ularga nisbatan oldini olish chorasi muayyan harakatlarni taqiqlanishiga o‘zgartirildi. Taqiq 23-iyungacha amal qiladi. Ular o‘zaro muloqot qilmasligi, kechasi uyda bo‘lishi kerak, shuningdek, pochta va telegraf orqali jo‘natmalarni amalga oshirolmaydi.

“Sanitar ish” doirasida jami 12 kishi qo‘lga olingan va uy qamog‘iga hukm qilingan edi. Ular ayblov versiyasiga ko‘ra, 2021-yil qishida Aleksey Navalniyni qo‘llab-quvvatlab aksiyada qatnashishga da’vat qilgan va shu tariqa, koronavirusga qarshi cheklovlar sharoitida odamlarni sanitar-epidemiologik me’yorlarni buzishga undagan.