Dunyo bo‘yicha COVID-19’ni yuqtirib olganlar soni 147 238 543 kishiga yetdi. Jons Hopkins universiteti ma’lumotlari shundan darak bermoqda. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha AQSh (32 million), Hindiston (17,3 million), Braziliya (14,3 million), Fransiya (5,5 million) va Rossiya (4,7 million) yetakchilik qilmoqda.

Pandemiya boshidan buyon virus oqibatida 3 110 245 kishi vafot etgan.

Rio-de-Janeyro

Foto: Getty Images

Isroilda koronavirusga qarshi vaksina olgan 5 milliondan ortiq aholi orasida yurak shamollashi bilan bog‘liq o‘nlab holatlar kuzatildi, bu asosan Pfizer kompaniyasi preparatining ikkinchi dozasidan keyin qayd etilgan.

“Sog‘liqni saqlash vazirligi ayni vaqtda kasallanish holatlarining me’yoridan oshgan-oshmaganini va bu vaksinalar bilan bog‘liq bo‘lishi ehtimolini tekshirmoqda”, — dedi Isroilda pandemiyaga qarshi kurash bo‘yicha dasturlar muvofiqlashtiruvchisi Nahmon Esh va hozircha hech qanday xulosaga kelinmaganini qo‘shimcha qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘pchilik holatlarda miokardit holatlari 30 yoshgacha bo‘lgan odamlar orasida qayd etilgan. Ayni vaqtda yurak xastaligi va vaksinatsiya o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqlash qiyin bo‘ladi, chunki miokarditga turli viruslar sabab bo‘lishi mumkin. Yurak shamollashi holatlarining xuddi shunday miqdori avvalgi yillarda ham qayd etilgan edi, dedi Nahmon Esh.

Pfizer kompaniyasi o‘z vaksinasi haqidagi ma’lumotlarni tekshirish uchun Isroil Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan doimiy aloqada bo‘lib turganini ma’lum qildi.

Eron o‘zining koronavirusga qarshi COVIRAN Bereket mahalliy vaksinasini seriyali ishlab chiqarishni boshladi.

Koronavirus bo‘yicha ilmiy kengash rahbari Muhammad Muxbirning so‘zlariga ko‘ra, sentabrgacha 30 million dozadan ortiq Eron vaksinasi ishlab chiqariladi. “Vaksina Sog‘liqni saqlash vazirligiga topshiriladi, umumiy emlash jarayoni tezlashtiriladi”, — dedi Muxbir.

Eron COVIRAN Bereket birinchi mahalliy vaksinasini odamda ilk marta 2020-yil 29-dekabrda sinab ko‘rgan, so‘ng muvaffaqiyatli natijalar haqida e’lon qilgan edi.

Tailandda COVID-19’ga chalinish butun pandemiya davridagi eng avj nuqtaga yetgan bir paytda poytaxt Bangkokda ikki hafta muddatga bir qator cheklovlar kiritildi.

31 ta turdagi jamoatchilik joylari, xususan, kinoteatrlar, parklar va sport zallari cheklovlar ta’siriga tushdi. Savdo markazlari va supermarketlar endi qisqartirilgan grafik bo‘yicha ishlaydi. 20 kishidan ortiq odamning guruh bo‘lib to‘planishi mumkin emas.

Shuningdek, mamlakatning 48 ta provinsiyasida, shu jumladan, Bangkokda bino ichida va tashqarisida ham niqob taqish talab etiladi. Ammo mamlakatda umummilliy lokdaun, komendantlik soati yoki harakatlanish uchun taqiq joriy qilingani yo‘q.

Aprel boshidan buyon Bangkokda COVID-19’bilan kasallanish holatlari keskin ko‘paydi. 1-maydan Tailand ayni paytda koronavirusning eng kuchli to‘lqiniga duch kelgan Hidnistondan kelayotganlar shaxslarni qabul qilishni to‘xtatadi (qirollik fuqarolaridan tashqari).

Shuningdek:

  • Yevropa ittiqofi yoz o‘rtalariga kelib, COVID-19’ga qarshi jamoaviy immunitetga erishishga umid qilmoqda. Yevroittifoq iyul o‘rtalariga kelib, voyaga yetgan aholida immunitet paydo bo‘lishiga erishish uchun yetarli bo‘lgan miqdorda vaksina ishlab chiqara oladi, buning uchun voyaga yetgan aholining 70 foizi emlangan bo‘lishi kerak.
  • Italiya qat’iy lokdaundan chiqmoqda. 26-aprel, dushanba kunidan Italiyaning katta qismi koronavirus bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha “sariq” hududga o‘tadi, bu esa bu esa bir qator karantin cheklovlarining yumshatilishini bildiradi. Bu hududlarda restoran va barlar qisman ochiladi, kinoteatr, teatr va muzeylar ham ba’zi cheklovlar bilan ochiladi.
  • Niderlandiya Hindistonda koronavirus bilan bog‘liq qiyin vaziyat yuzaga kelgani munosabati bilan ushbu mamlakatdan barcha yo‘lovchi aviareyslarini taqiqlashga qaror qildi. Taqiq 26-aprel kuni 18:00 (mahalliy vaqt bilan)da kuchga kirib, 1-maygacha davom etadi.