Tailand hukumati epidemiologik vaziyat yaxshilanayotgan provinsiyalar ro‘yxatini kengaytirdi. Bu ro‘yxatga endi Pxuket, Lopburi, Chiangmay, Chiangray, Lampang va Trang kabi mashhur sayyohlik provinsiyalari kiritildi, deya xabar beradi Tailand Turizm boshqarmasiga tayanib “Interfaks”.

Foto: Pinterest

“Tailand hukumati mamlakatdagi vaziyatning yaxshilanishi sababli karantin cheklovlarining bosqichma-bosqich bekor qilinishini e’lon qildi. ‘Yashil’ hudud deya qayd etilgan provinsiyalar soni hozirda 35 dan 54 tagacha ko‘paygan. Uning tarkibiga Lopburi, Chiangmay, Chiangray, Lampang, Pxuket, Trang va boshqa provinsiyalar qo‘shildi”, — deyiladi xabarda.

Bu yerda ko‘ngilochar joylar, shu jumladan, pablar, barlar va restoranlar avvalgi ish rejimiga qaytdi. Musiqa va raqs oqshomlariga ruxsat beriladi. Spa va massaj salonlari, fitnes-markazlar va boks xonalari cheklangan miqdordagi tashrif buyuruvchilar bilan qayta ochildi. Sport zallarida musobaqalar sanitariya me’yorlariga muvofiq o‘tkazilishi mumkin.

Tailand iqtisodiyoti uzoq vaqt davomida xalqaro sayyohlar yetishmasligidan qiynalmoqda. Deyarli butun 2020-yil davomida mamlakatda chet elliklarning kirib kelishining qat’iy tartibi amal qildi. Oqibatda pandemiya cheklovlari sabab bir qator turizm sohasidagi korxonalar inqirozga uchradi.

Bangkok Post xabariga ko‘ra, 2021-yilda Tailandning ikkita eng mashhur kurortlari Pxuket va Pattayya sayyohlarni qayta jalb qilish uchun reklama kampaniyalarini boshladi.

Ta’kidlanishicha, 2021-yilda Tailand 10 millionga yaqin chet ellik mehmonlarni qabul qilishga tayyor. Bir yil oldin u yerga 6,7 ​​million chet ellik sayohatchilar kelgan, bu 2019-yilga (40 million) nisbatan sezilarli darajada kam.

Bundan avval Daniyada koronavirus tarqalishining oldini olishga qaratilgan cheklovlar 1-martdan yumshatilishi, Ukrainada COVID-19 sababli karantin muddati uzaytirilgani hamda Gruziyada karantin cheklovlari olib tashlangani hamda mamlakat 1-martdan sayyohlarni qabul qilishni boshlagani haqida xabar berilgandi.