BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining (IIK) 20-apreldagi majlisida Turkmaniston 2022—2024-yillar uchun gender tengligi va ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish masalalari (“BMT-Ayollar”) bo‘yicha BMT tuzilmasining Ijroiya kengashi a’zoligiga saylandi. Bu haqda Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligiga tayanib “Xronika Turkmenistana” xabar berdi.

Foto: “Xronika Turkmenistana”

“Ushbu qaror Turkmaniston hukumatining ayollarni mamlakatning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, jamiyat va madaniy hayotiga jalb qilish borasidagi sa’y-harakatlariga mos keladi. Xotin-qizlarning jamiyatdagi darajasini oshirish sohasidagi muhim milliy hujjatlardan biri ‘2021—2025-yillarda Turkmanistonda gender tengligi bo‘yicha milliy harakatlar rejasi’ (2020-yilning dekabr oyida imzolangan) hisoblanadi”, — deyiladi xabarda.

“BMT-Ayollar” 2010-yilda BMT muassasalari faoliyatining samaradorligini oshirish maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, tashkilot Bosh assambleyasining yordamchi organi hisoblanadi hamda gender tengligi va ayollarning huquqlarini kengaytirish bo‘yicha faoliyat yuritadi. Tuzilma BMTning gender tengligini ta’minlash bo‘yicha ishlarini muvofiqlashtiruvchi organ sifatida ish olib boradi.

2018-yilda Inson huquqlari bo‘yicha turkman tashabbusi (IHTT) BMTning Xotin-qizlarga nisbatan tengsizlikka barham berish qo‘mitasi uchun muqobil bayonot tayyorlagan edi. Ayollarga tamaki mahsulotlari sotishni taqiqlash, haydovchilik guvohnomasi berishni va uning muddatini uzaytirishni bekor qilish, ayollar kiyishi va ishlatishi mumkin bo‘lgan kiyim va kosmetika vositalarining tanlovini cheklash ochiq-oydin tengsizlikning misollari sifatida keltirilgan.

Ushbu hisobot asosida BMT qo‘mitasi 2018-yilning iyul oyidagi Turkmanistonning rasmiy hisobotini tinglash paytida ko‘tarilgan bir qator tavsiyalar va savollarni tayyorlagan edi.

Ma’lumot uchun, BMT Xavfsizlik kengashining norasmiy yig‘ilishida BMT bosh kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Rozamariy DiKarlo davlat boshqaruvidagi erkaklar va ayollar ulushi 130 yil ichida tenglashishi mumkinligini aytgan edi.

Germaniya hukumati tarkibiga kiruvchi partiyalar nemis kompaniyalarining boshqaruv rayosatida ayollar uchun majburiy kvotalar joriy qilishga kelishib oldi. Kansler Angela Merkel boshchiligidagi Xristian-demokratik ittifoq / Xristian sotsial ittifoqi hukumron partiyalar uch va undan ortiq kishidan iborat kompaniya rahbariyati tarkibida kamida bir nafar ayol bo‘lishi kerakligi to‘g‘risida sostial-demokratlar bilan kelishuvga erishdi.