“Hurriyat” gazetasida 21-aprel kuni O‘zbekiston kinematografiya agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari, adabiyotshunos olim Shuhrat Rizayevning maqolasi chop etildi. Maqolada 16-aprel kuni koronavirus oqibatida hayotdan ko‘z yumgan taniqli aktyor Mirza Azizovning o‘limidan bir necha kun avval Shuhrat Rizayevga yordam so‘rab yozgan maktubi keltiriladi.

Foto: Instagram / @mirzaazizov_official

“O‘ninchi aprel kuni tushdan keyin qo‘l telefonimga qayta-qayta qo‘ng‘iroq bo‘ldi, xabar yuborildi. Ochsam, Mirzaxondan xabar: “Assalom alaykum Shuhrat akajon! Menga ko‘p yordam bergansiz, yana bir yordam qiling. 18 kundan beri koronavirusga chalinib, Zangiotada yotibman. Sakkiz kishilik xonada – ‘Achavot’daman go‘yo. Shovqin, baqir-chaqir ichidaman. Ketib qoladiganga o‘xshayman. Biron rahbarlarimizga ayting, meni sharoiti tuzukroq joyga o‘tkazib berishsin, ayolimni chaqirishsin. Menga Tojibar o‘zi qaramasa, boshqa birov qarolmaydi. Jon aka, akalik qiling!”, – deya yordam so‘rab yo‘llangan maktubni keltiradi muallif.

Shuhrat Rizayev shundan keyin O‘zbekiston Prezidentining sohaga mas’ul maslahatchisiga qo‘ng‘iroq qilgan. Davlat rahbari maslahatchisining aralashuvidan so‘ng, Mirza Azizov yaxshi sharoitli alohida xonaga olingan. Ammo o‘sha kunlar san’atkorning ahvoli yana og‘irlashgan, qand kasali sabab vaziyat nihoyatda xatarli tus olgan.

“Tojibar telefon qiladi, yig‘lab turib ‘Aka, Mirza akamni olib qolaylik, ahvollari juda og‘ir, vrachlar ham umidli gap aytishmayapti, qandlari 27 ga ko‘tarilibdi, o‘pka nafas olishi 66 ga tushib ketibdi. Shundayam meni apparatga solishmasin, bo‘g‘ilib ketyapman shundoq ham, deb turibdilar…’ Soat tungi o‘nlardan oshgan. Kimga dod deb boraman shu paytda… Oxiri qo‘l telefon raqamini topib, yana bir katta rahbarlarimizdan biriga qo‘ng‘iroq qildim. Unga aytishim bilanoq ‘Xabarim bor, har soatda bizga axborot berilyapti, biz Samarqanddamiz. Sog‘liqni saqlash vaziri o‘sha kasallardan bevosita xabardor bo‘lish uchun Toshkentga qaytib ketdilar. Prezidentimiz shaxsan o‘zlari nazoratga olganlar, barcha choralar ko‘rilyapti, ammo kasalning ahvoli o‘ta og‘ir’, dedi.

Tojibarga qo‘ng‘iroq qildim, aytdim bo‘lgan gaplarni, u ovozli xabar yozib, shu gaplarni Mirza akamga eshittiraylik, dalda bo‘ladi dedi. Mirzaxonning salomatligi shaxsan oliy rahbarning nazoratida ekanini aytib, ovozli xabar yubordim. Ertaga borib, shifokorlari bilan uchrashishni rejalashtirdim. Biroq afsus, ming afsuski, ertasi – 16-aprel kuni o‘lim xabari keldi”, – deb yozadi Shuhrat Rizayev.

Qayd etilishicha, Mirza Azizov Qashqadaryo safariga borib kelib koronavirus dardiga duchor bo‘lgan.

“Hamsafarlarining aytishicha, Qashqadaryoda dala-yu dashtni kezib, hatto bog‘chalargacha borib uchrashuvlar o‘tkazilibdi. Mirzaxon o‘zi Toshkentdan ketishda biroz xastalanib turgan ekan. Safarda xuruj zo‘rayib, poyezdda kela-kelguncha harorat olovida yongan. Kelgach, bu gazanda virusni ayoli-yu bolalariga ham yuqtirib, butun oila ichi bilan Zangiotadagi kasalxonaga tushgan”, – deya tafsilotlar bilan o‘rtoqlashadi muallif.

Maqolada san’at va madaniyat sohasi vakillarini ijtimoiy himoya qilish tizimi quyi bo‘g‘inda qoniqarsiz holatda ekaniga ham e’tibor qaratilgan.

“Ma’naviyat, madaniyat, san’at ahlini muntazam ijtimoiy himoyada saqlaydigan tizim bormi o‘zi?! Yurtboshimizdan barcha ahli adabiyot va san’at dildan minnatdorki, mamlakatimizda bu sohalar rivojiga favqulodda imkoniyatlar yaratilmoqda, oliy farmon-u qarorlar qabul qilinib, muhtasham muassasalar barpo etilmoqda. Ammo shunday Vatanimiz bo‘laturib, o‘shanday go‘zal muassasalarni obod etguvchilarga quyida e’tibor o‘shandaymi? Nahotki beistisno har kuni televideniye kanallarining kamida to‘rt-beshtasida turli serial va ko‘rsatuvlarda chiqib turgan, bugun respublika ahliga taniqli qiyofani zangiotalik shifokorlar taniyolmagan bo‘lsa? Jillaqursa, ko‘zdagi adabiyot, san’at ahlini ko‘z qorachig‘idek asrab bilaylik. O‘zbekning onasi Farmonbibining Sottixon kelini Dilbar Ikromova-yu Abdurayim Abduvahobovdek ‘shum bola’sini, Fathulla Ma’sud-u Mirza Azizovini yana qachon tug‘arkan-a?!” – deya iztirobli mulohazalarini bayon etadi Shuhrat Rizayev.