O‘zbekiston xalq artisti Mirza Azizov 16-aprel, juma kuni 58 yoshida vafot etdi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.

Foto: “Daryo”

Ijtimoiy tarmoqlarda aktyor koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida vafot etgani aytilmoqda. Ushbu ma’lumot hozircha vakolatli organlar tomonidan tasdiqlangani va rad etilgani yo‘q.

Ma’lumot uchun, Mirza Azizov 1963-yil 22-mayda Namangan viloyatining Chust tumanida tug‘ilgan. 2016-yildan bugungi kunga qadar Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatri direktori lavozimida faoliyat yuritib kelgan. 1999-yilda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, 2013-yilda O‘zbekiston xalq artisti unvonlariga sazovor bo‘lgan.

2019-yil adabiyot va san’at yo‘nalishi bo‘yicha Qirg‘iziston Respublikasida ta’sis etilgan Xalqaro Chingiz Aytmatov nomidagi “Oltin medal” mukofotiga loyiq ko‘rilgan. 2017-yildan beri Qirg‘iziston teatr arboblari uyushmasining teatr san’ati badiiy akademiyasining akademigi etib ham saylangan edi. U rejissor sifatida “Jaydari kelin”, “Dildagi dog‘”, “Sarvqomat dilbarim” kabi o‘nlab spektakllarni sahnalashtirgan.

Mirza Azizov o‘zbek tomoshabinlariga “Tubanlik”, “Gumrohlar”, “Na malakman, na farishta”, “Alpomishning qaytishi”, “Shohnoma” kabi ko‘plab film hamda spektakllardagi rollari orqali tanilgan edi.