Namangandagi kanaldan jasadi topilgan o‘quvchi qizning qotilligida uning kelinoyisi gumon qilinmoqda, deb xabar beradi viloyat prokuraturasi.

Ma’lum qilinishicha, 5-aprel kuni soat 19:00 larda Namangan shahar “Sohil” MFY, Bodomzor ko‘chasida yashovchi S.M. tuman prokurori nomiga ariza bilan murojaat qilgan. Arizada u Chortoq tumani “Bag‘rikenglik” MFY onasi N.M. qaramog‘ida bo‘lgan voyaga yetmagan farzandi M.A. shu kuni ertalab Chortoq tuman XTBga qarashli 47-sonli umumta’lim maktabiga ketib (“Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyevning aniqlik kiritishicha, marhum qizaloq maktabning 5-sinfida o‘qigan), qaytib kelmasdan bedarak yo‘qolganini ma’lum qilib, qizini topishda amaliy yordam berishni so‘ragan.

Mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilib, voyaga yetmagan M.A.ning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilib, tegishli protsessual hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Shundan so‘ng, voyaga yetmagan M.A.ning shubhali bedarak yo‘qolishida uni qotillik jinoyati qurboni bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini nazarda tutib, 6-aprel kuni tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida 2021-yil 6-aprel kuni voyaga yetmagan M.A.ning jasadi Namangan shahar “Sherbuloq” MFY, Sherbuloq ko‘chasidan oqib o‘tgan “Katta Namangan” kanali ustidan o‘tgan ko‘prik ostining suv oqimi past bo‘lgan qismidan, tashqi tan jarohatlarsiz topilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan tergov harakatlari davomida, voyaga yetmagan M.A.ni 2021-yil 5-aprel kuni soat 10:30 da kelinoyisi, 1999-yilda tug‘ilgan F.Q. maktabdan olib chiqib ketgani va Chortoq tumani “Alisher Navoiy” MFY oqib o‘tgan “Katta Namangan kanali”ga olib borib, suvga itarib yuborgani aniqlangan.

Shunga ko‘ra, fuqaro F.Q. 6-aprelda jinoyat ishida gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.