Olimlar COVID-19 vaksinasi infeksiyadan va virusning qayta yuqishidan himoya qiladi, deya hali ishonch bilan ayta olgani yo‘q. Shu sababli Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) “vaksina pasportlari” joriy etilishi pandemiyaga qarshi kurashda “samarasiz strategiya” bo‘lib chiqishi mumkin, deb hisoblaydi. Bundan tashqari, mutaxassislar bunday pasportlar diskriminatsiyaga sabab bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Foto: Unsplash

“Pandemiyaning hozirgi bosqichida biz mamlakatlarga kirish va chiqish uchun “vaksina pasporti” talab qilinishini xohlamas edik”, — dedi JSST vakili Margaret Harris. “Vaksinalar infeksiya tarqalishining oldini olishiga hali amin emasmiz”.

Uning so‘zlariga ko‘ra, shuningdek, hamma ham vaksina olish imkoniyatiga ega emas. “Biron-bir sababga ko‘ra emlana olmaydigan kishilar diskriminatsiyaga uchraydi”, — deya qo‘shimcha qildi u. Bu aholining butun guruhlariga ham taalluqli, masalan, homilador ayollar va bolalar emlash kampaniyalaridan chetlashtirilgan.

JSST ta’kidlashicha, ayrim mamlakatlar vaksinalarning yetishmasligi tufayli aholisining eng zaif qatlamlarini ham emlay olmayapti.

Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, pandemiya davomida dunyo aholisining 132 501 757 nafari koronavirusga chalingan, 2,8 million kishi infeksiya oqibatida vafot etgan.

Avvalroq AQShda COVID-19’ning to‘rtinchi to‘lqini yuz berayotgani ma’lum qilingan edi. Shuningdek, Janubiy Koreyada koronavirusning to‘rtinchi to‘lqini kutilmoqda, Hindistonda va Xitoyda kasallanish rekord darajada o‘sgan.