Koronavirus pandemiyasini 2021-yilning oxiriga qadar muddatidan oldin yengib o‘tish mumkin, dedi Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) favqulodda holatlar dasturi direktori Maykl Rayan jurnalistlar bilan suhbatda. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.

Foto: Reuters

Shuningdek, uning so‘zlariga ko‘ra, COVID-19’ga qarshi samarali vaksinaning yaratilishi kasalliklar tufayli kelib chiqqan og‘ir infeksiyalar va o‘limlar sonini kamaytiradi.

“Agar aqlimizni ishga solsak, pandemiya bilan bog‘liq kasalxonaga yotqizishlar, o‘lim holatlari va fojialarga barham bera olamiz”, — dedi u brifingda.

Bundan tashqari, JSST ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan haftada dunyo bo‘yicha koronavirus infeksiyasining yangi holatlari soni so‘nggi bir yarim oy ichida birinchi marta oshdi.

JSST rahbari Tedros Gebreyesusning aytishicha, virusga chalinish holatlarining ko‘payishi “umidsizlik uyg‘otmoqda, lekin ajablantirmayapti”. Shu bilan birga, tashkilot rahbari davlatlarni infeksiya tarqalishining oldini olish choralarini yumshatmaslikka chaqirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatlar uchun faqat emlash dasturlariga ishonib qolishga hali juda erta. “Agar mamlakatlar faqat vaksinalarga ishonsa, xato qiladi”, — ta’kidladi Gebreyesus.

U rivojlangan mamlakatlarning keragidan ortiq vaksina olayotgani kambag‘al mamlakatlar uchun dori yetkazib berilishiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini tanqid qildi. “Ba’zi mamlakatlar vaksinalarni aholi orasida kasallik xavfi kam bo‘lgan yosh, sog‘lom odamlarga sarflayotgani, buning natijasida boshqa mamlakatlarga vaksinalarning yetmay qolayotgani achinarli hol”, — dedi JSST rahbari.