Suvaysh kanalini qariyb bir haftaga to‘sib qo‘ygan Ever Given konteyner tashuvchi kemasi bilan yuz bergan voqeaga inson xatosi sabab bo‘lgan. Bu haqda kanal ma’muriyati rahbari Osama Rabia o‘z intervyusida aytib o‘tdi, deb yozadi “Korrespondent.net”.

Foto: Reuters

“Kema kapitani boshqaruvda yoki tezlikni tartibga solishda xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lishi mumkin”, — deya ta’kidladi Rabia. Uning qo‘shimcha qilishicha, tahlillar baxtsiz hodisaning inson xatosi natijasida sodir bo‘lgan, deb ishonishga imkon beradi.

Shuningdek, Usama Rabia kanaldan o‘tish paytida kemada mahalliy lotsman (yo‘l boshlovchi) bo‘lganini, ammo barcha ma’suliyat kapitan zimmasida ekanini ta’kidladi.

“Lotsman maslahat beradi, ammo yakuniy qarorni kapitan qabul qiladi. Biz tomondan xato o‘tmagan, shuning uchun hech qanday javobgarlikni zimmamizga olmaymiz”, — deb qo‘shimcha qildi kanal ma’muriyati rahbari.

Eslatib o‘tamiz, 23-mart kuni Ever Given kemasi kuchli shamol va qum bo‘roni tufayli yo‘nalishini o‘zgartirib, burun va quyruq qismlari bilan ikkala qirg‘oqqa tiralib qolib, Suvaysh kanalining bir magistralli janubiy qismini to‘sib qo‘ygan edi. Buning natijasida 450 dan ortiq kemadan iborat tirbandlik yuzaga kelgan. Shuningdek, hodisa ortidan neft narxi keskin o‘sgan.

Suvaysh kanali orqali ikki yo‘nalishda ham kemalar harakati 29-mart, dushanba oqshomidan qayta tiklandi.

Avvalroq Suvaysh kanalining to‘silib qolishi oqibatida yetgan zarar 1 milliard dollarga baholangani haqida xabar berilgandi. Kanal ma’muriyati bo‘lib o‘tgan hodisada Ever Given kemasi kapitanini aybdor deb topdi. Kemaning egasi esa ishni sudga oshirmaslik uchun zararni qoplab bermoqchiligini ma’lum qildi.