23-mart kuni Suvaysh kanalida sayozlikka o‘tirib qolgan Ever Given konteyner kemasi suv yuzasiga ko‘tarib olishdi, deb yozadi “RBK”. Bu haqda Bloomberg Inchcape transport kompaniyasiga tayanib xabar bergan. Kanal qachon ochilishi va kemalar qatnovi tiklanishi  hozircha noma’lum.

Foto: EPA

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, qutqaruvchilar jamoasi 27 ming metr kub qumni qazib olib tashlaganidan keyin qutqaruv operatsiyasida muvaffaqiyatga erishilgan.

23-mart kuni Ever Given kemasi kuchli shamol va qum bo‘roni tufayli yo‘nalishini o‘zgartirib, burun va quyruq qismlari bilan ikkala qirg‘oqqa tiralib qolib, Suvaysh kanalining bir magistralli janubiy qismini to‘sib qo‘ygan edi. Buning natijasida 450 dan ortiq kemalardan iborat tirbandlik yuzaga kelgan edi, deb yozadi Bloomberg.

Kema ushbu kanal orqali harakatni butunlay to‘xtatib qo‘ygandi. Dastlab kemalar qatnaydigan yo‘lni ochishga ikki-uch kun ketishi taxmin qilingan edi. Ammo Ever Given’ni sayozlikdan chiqarib olishga urinayotgan Boskalis kompaniyasi rahbari Piter Berdovski bunga haftalab vaqt ketishi mumkinligini aytgandi.

Keyinroq Ever Given konteyner tashuvchi kemasi atrofidagi suv tubini qazish ishlari boshlandi. Suv tubini chuqurlashtirish ishlari maxsus kemalar yordamida konteyner tashuvchi kemaning har tomoni bo‘ylab olib borildi. Shuningdek, ekskavatorlardan ham foydalanildi, ular kemaning old qismidagi qumni olib tashladi, ulkan shatakchi kemalar esa uni kanalning chuqurroq qismiga tortib borishga urindi.

Ever Given yuk kemasi 26-mart kuni kechqurun o‘z joyidan biroz siljitilgan edi.

Kemalar qatnovi bo‘yicha Lloyd’s List kompaniyasi hisob-kitoblariga ko‘ra, Suvaysh kanalida sayozlikka tiqilib qolgan Ever Given konteyner tashuvchi kemasi tomonidan kemalar yo‘lining to‘sib qo‘yilishi jahon savdosiga soatiga 400 million dollarga tushayotgan edi. Misrning Ever Given bilan bog‘liq vaziyatdan ko‘rayotgan talafoti kuniga 14 million dollarga baholangandi.

Avvalroq, Misr prezidenti Abdul as-Sisiy konteyner kemasini yuklardan bo‘shatishga tayyorgarlik ko‘rishni boshlashni buyurgan, kemadan yuklarni tushirish 30-mart kuni boshlanishi mumkinligi aytilgan edi.