Bugun,

  • USD 11014.01
  • RUB 191.8
  • EUR 10674.78

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 6-aprel kuni navbatdagi hukumat soati bo‘lib o‘tdi. Unda transport vaziri Ilhom Mahkamov avtomobil yo‘llarining bugungi kundagi holati, loyihalashtirish va qurish borasidagi ishlar yuzasidan hisobot berdi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar qildi.

Ta’kidlashicha, hozirgi kunda avtomobil yo‘llarining 3993 kilometri (9 foizi) xalqaro, 14 203 kilometri (33 foizi) davlat hamda 24 673 kilometri (58 foizi) mahalliy ahamiyatdagi yo‘llar hisoblanadi.

Hisobotdan so‘ng deputat Doniyor G‘aniyev mablag‘larning maqsadli sarflanishi bilan qiziqdi.

“Ming afsuski, hukumat tomonidan birgina mana shu yo‘llarning o‘ziga 1 milliard 600 million dollarga yaqin tashqi qarz mablag‘lari jalb qilinishiga qaramasdan, hali yo‘llarimizni ta’mirlashga ehtiyoj kuzatilmoqda. Bundan tashqari, aynan mana shu tashqi qarz hisobiga moliyalashgan loyihalarda afsuski, juda ko‘plab kechikishlar va qonunbuzilishlar uchrab turibdi”, — dedi G‘aniyev.

Hisob palatasi ma’lumotlariga ko‘ra, Islom taraqqiyot bankining 125 million dollar mablag‘i hisobiga M39 Toshkent—Termiz yo‘nalishida 97 kilometrga yaqin yo‘lni ta’mirlash ishlarini 2014-yilda yakunlash belgilangan. Shunga qaramay, qurish ishlari 5 yilga cho‘zilib ketgan. Bunga materiallarni yetkazib berishdagi kamchiliklar sabab qilib ko‘rsatilgan.

Deputatning aytishicha, A373 yo‘lidagi 3 kilometr yo‘l ham 2020-yil yakuniga qadar ta’mirlanishi belgilangan. Biroq bu hanuz yakunlanmagan, axborotlarda esa 2021-yil oxirigacha tugatish qayd etilmoqda.

“Jahon bankining axborotida aynan loyihalarning muddati cho‘zilishi bu ularni amalga oshirishda korrupsiyaning bir belgisi sifatida ko‘rish mumkinligi qayd etilgan. Qolaversa, Transparency international’ning korrupsiyaga oid indeksini olsak, qurilish sohasi, jumladan, yo‘l qurilishi dunyoda eng korrupsiyalashgan sohalardan biri sifatida keltirilgan. Jahon bankining taxminicha, rivojlanayotgan davlatlarda o‘rtacha 10 foiz korrupsiya bo‘layotgan bo‘lsa, yo‘l qurilishidagi korrupsiya ko‘rsatkichi 35 foizgacha borishi mumkin”, — dedi G‘aniyev.

Mazkur ma’lumotlardan kelib chiqib, deputat quyidagi savollar bilan murojaat qildi:
  • Bugungi kunda O‘zbekistonda yo‘l qurilishi sohasida amalga oshirilgan va bajarilayotgan loyihalarda korrupsiya darajasi necha foiz deb o‘ylaysiz?
  • Loyihalarning belgilangan muddatlardan cho‘zilib ketishi yoki korrupsiya holati bo‘lmasligi uchun vazirlik va qo‘mitada qanday ishlar amalga oshirilgan?
  • Jahonda yo‘l qurilishidagi korrupsiyaning asosiy indekatorlaridan biri bu o‘rtacha 4 tasmali yo‘l qurilishi narxi ekan. O‘zbekistonda 4 tasmali 1 kilometr yo‘l qurish va rekonstruksiya qilishning o‘rtacha narxi qancha?

Transport vaziri Ilhom Mahkamov (markazda) va Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi raisi Abdurahmon Abduvaliyev (o‘ngda)

Transport vaziri Ilhom Mahkamov (markazda) va Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi raisi Abdurahmon Abduvaliyev (o‘ngda)
Foto: “Gazeta.uz”

“Dunyoviy qaraganda, yo‘l sohasida korrupsiya belgilari, omillari bo‘lishi mumkin. Bor, biz bu narsani inkor qilmoqchi emasmiz. Men foiz darajasida aytib bera olmayman, solishtiradigan belgilar va ko‘rsatkichlarim yo‘q. Tizim hozir shunaqa yaratilyapti-ki, vazirlikda ham, qo‘mitada ham kompleans nazorat amalga oshirilib, alohida xizmatni yaratganmiz”, — dedi transport vaziri.

Ilhom Mahkamovning so‘zlariga ko‘ra, “korrupsiyaning oldini olish maqsadida qandaydir texnologiya yoki yangi yo‘nalishlar ishlab chiqarilgani yo‘q. Buning fizik nazorat tizimi mavjud”.

“Ya’ni loyihaoldi, loyihalashtirish, tenderlarda g‘oliblarni aniqlagandan keyin ularni baholash tizimida hamda pudrat tashkilotlarining har bir ish jarayonini texnik nazorat tizimini yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratmoqchimiz. Korrupsiya profilaktikasi va xavfining oldini olish tizimini yaratmoqchimiz”, — dedi vazir.

Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi raisi Abdurahmon Abduvaliyev yo‘llarning qurilish va rekonstruksiyasi narxi bo‘yicha ma’lumot berdi.

“Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi eng qimmat yo‘l Gulistonda 3 kilometr — 1 kilometrni 950 ming dollarga qurgan. O‘zbekiston narxlariga ko‘ra, eng qimmat yo‘l mahalliy o‘tish yo‘lagi, lotoklari va boshqalar bilan 10 milliard so‘m narxida bo‘ladi. Lekin dunyoda bunaqa summada hech kim yo‘l qurmaydi. Misol uchun, internetga qidiruvga bersangiz, eng kami Turkiyada 2 million dollardan tepaga qarab chiqadi”, — dedi u.

U hozirda O‘zbekiston bilan hamkorlikda ishlayotgan Turkiya loyihalashtirish kompaniyasining narxlarini misol tariqasida keltirdi.

“Yuksalish Project kompaniyasida Toshkent halqa yo‘li loyihasini qilish 5 million 700 ming dollar turadi. Bizning ikkita institutimiz ishlaydi. Bittasida 300 nafar, ikkinchisida 200 nafar xodim bor. Shundagi hamma loyihachilarga bir yilda 5 million dollar xarajat qilinadi”, — dedi Abdurahmon Abduvaliyev.

Bundan avval Yaponiya qiymati 7,3 million dollar bo‘lgan yo‘l qurish texnikasini O‘zbekistonga sovg‘a qilgani, Abdurahmon Abduvaliyevga hayfsan e’lon qilingani hamda Shavkat Mirziyoyev Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi rahbariga yo‘llar sifati bo‘yicha tanbeh bergani haqida xabar berilgandi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Madaniyat
Instagram: Ustozlarini tabriklayotgan mashhurlar, onasiga qo‘shni bo‘layotgan Nilufar Usmonova, Ziyodaning volidasiga atalgan syurprizi
Sport
A Seriya. “Roma” Eldor Shomurodov maydonga tushmagan o‘yinda “Inter”ni mag‘lub etdi
Dunyo
Nikaragua hukumati Niderlandiya bilan diplomatik munosabatlarni uzdi