Qashqadaryo viloyatida 25 va 29 mart kunlari koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida bir erkak va bir ayol vafot etgan. Bu haqda, viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi (SSB) axborotiga tayanib, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi (SSV) ma’lum qildi.
Avvalroq Qashqadaryoning G‘uzor tumani hokimligi axborot xizmati 2-aprel kuni tarqatgan axborotida hududda 14 kishida koronavirus tasdiqlangani, 3-aprel kungi axborotida esa ushbu bemorlardan biri vafot etganini ma’lum qilgani haqida xabar berilgan edi. Hokimlik axborotlarida aniq sanalar ko‘rsatilmagan edi.
Viloyat SSB axborotiga ko‘ra, G‘uzor hokimligi tomonidan COVID-19 asoratlari oqibatida vafot etgan deb aytilgan 68 yoshli N.R. ismli erkak qator kasalliklari (qandli diabet II tip, yurak-ishemik kasalligi va o‘n ikki barmoqli ichak yarasi, surunkali xoletsistit, surunkali prostatit) sababli dispanser nazoratida turgan. U fevral oyida Toshkentdagi 2-markaziy klinikaning kardiologiya bo‘limida davolangan.“19-mart kuni unda koronavirus qayd etilib, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga keltirilgan. Maxsus tekshiruvlar natijasidan unda koronavirus tasdiqlangan. 25-mart kuni soat 23:55 da COVID-19 og‘ir darajasining asoratli kechishi va yondosh kasalliklari sababli vafot etgan”, — deyiladi vazirlik tomonidan keltirilgan viloyat SSB axborotida (qayd etish joiz, Qashqadaryo viloyatida 19-mart kuni rasman birorta koronavirus holati ro‘yxatga olinmagan).
Alohida ta’kidlanishicha, “mazkur o‘lim holati SSVning 26-mart holatidagi ma’lumotida aks etib, ma’lumot SSV Telegram-kanalida 27-mart kuni e’lon qilingan”. Shunday qilib, 68 yoshli R.N. SSVning rasmiy hisob-kitobi bo‘yicha koronavirusning O‘zbekistondagi 625-qurboni bo‘ldi. Qayd etish joiz, SSV koronavirus qurbonlari shaxsiga doir ma’lumotlarni 2020-yil sentabridan beri ochiqlamayotgan edi.
Qo‘shimcha qilinishicha, 20-mart kuni viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga COVID-19 infeksiyasi aniqlanganligi sababli keltirilgan (shu kuni Qashqadaryo viloyatida rasman besh kishida COVID-19 aniqlangan) Qarshi shahrida yashovchi 65 yoshli bemor ayol A.G. 29-mart kuni soat 08:15 da koronavirus og‘ir darajasining asoratli kechishi, qandli diabet va boshqa yondosh kasalliklari sababli vafot etgan.
“Mazkur o‘lim holati ham SSVning 29-mart holatidagi ma’lumotida aks etgan va 30-mart kuni vazirlik Telegram-kanalida e’lon qilingan”, — deyiladi Qashqadaryo viloyati SSB axborotida. Ma’lumot uchun, shu kuni O‘zbekistonda koronavirus asoratlari oqibatida rasman ikki kishi (to‘rt oy ichida birinchi marta bunchalik ko‘p odam) vafot etgan, qurbonlar soni rasmiy statistika bo‘yicha 628 nafarga yetgan.
Izoh: SSV koronavirus asoratlari oqibatida 25-mart kuni soat 23:55 da vafot etgan fuqaro haqida 27-mart kuni 26-mart yakunlariga doir axborotida, 29-mart kuni soat 8:15 da vafot etgan fuqaro haqida 30-mart kuni 29-mart yakunlariga doir axborotida ma’lum qilgan. SSV viloyat boshqarmasi bilan hamkorlikda tayyorlagan ma’lumotida qashqadaryolik 68 yoshli fuqaro “ijtimoiy tarmoqlarda qayd etilganidek, 3-aprelda emas”, 25-mart kuni vafot etganiga alohida (qoraytirib) urg‘u berarkan, aslida vazirlik ham u yoki bu kun yakunlari bo‘yicha taqdim etayotgan axborotlarida “faloncha kishi vafot etdi” deya aksariyat hollarda ayni shu ko‘rsatilgan sanalarda emas, balki bir necha kun, hatto o‘n kundan ortiq muddat avval vafot etgan fuqarolar haqida yozib, jamoatchilikni chalg‘itayotganiga ham e’tibor qaratilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 2021-yil mart oyida koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida rasman 8 kishi vafot etgan. Xususan, 23-mart, 24-mart, 26-mart, 27-mart, 30-mart, 31-mart kunlari bir nafardan, 29-mart kuni ikki nafar fuqaro COVID-19 qurboniga aylandi. 23-martga qadar O‘zbekistonda ketma-ket 40 kun koronavirusga bog‘liq birorta ham o‘lim holati qayd etilmadi.