Ushbu bemorlarning bari Qashqadaryo viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan. 3-aprel, shanba kuni tuman hokimligi matbuot xizmati koronavirusga chalingani tasdiqlangan 14 bemordan biri “shifokorlar tomonidan standartlar asosida ko‘rsatilgan muolajalarga qaramay” vafot etganini ma’lum qildi.
“Tumandagi ‘Sovbog‘’ mahalla fuqarolar yig‘inida yashagan 68 yoshli fuqaro N.R. yondosh kasalliklari (qandli diabet) bo‘lganligi sababli kasallik og‘ir kechdi. Bemor o‘tkir qon tomir va nafas yetishmovchiligidan viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida vafot etdi. Tuman hokimligi jamoasi marhumning vafoti munosabati bilan uning yaqinlariga hamdardlik bildiradi”, — deyiladi G‘uzor hokimligi axborotida.
Qayd etish joiz, G‘uzor tumanida aprel oyida kuzatilgan 14 ta kasallanish va koronavirus oqibatidagi bitta o‘lim holati hozircha Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan yuritilayotgan O‘zbekistonning rasmiy koronavirus statistikasidan o‘rin olmagan. SSV ma’lumotlariga ko‘ra, aprel oyining dastlabki uch kunida butun Qashqadaryo viloyatida koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish bilan bog‘liq faqat ikkita holat (2-aprel kuni) aniqlangan.
Ma’lumot uchun, SSV tomonidan yuritilayotgan rasmiy statistika bo‘yicha Qashqadaryo viloyatida 2021-yil boshidan 3-aprelga qadar — 93 kun davomida — koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish bilan bog‘liq jami 52 ta holat (kuniga o‘rtacha 0,55 ta holat) tasdiqlangan. Xususan, yanvar oyida 21 ta (oyning 12 kunida kasallik aniqlangan, qolgan 19 kunida kasallik aniqlanmagan), fevral oyida 9 ta (oyning faqat 4 kunida kasallik aniqlangan, qolgan 24 kunda kasallik aniqlanmagan), mart oyida 20 ta (oyning faqat 5 kunida kasallik aniqlangan, qolgan 26 kunida kasallik aniqlanmagan) va aprel oyida, yuqorida ta’kidlanganidek, faqat 2-aprel kuni 2 ta holat qayd etilgan.
E’tiborga molik tomoni, rasmiy statistika bo‘yicha Qashqadaryo viloyatida 24-yanvardan 5-fevralgacha — ketma-ket 13 kun hamda 13-fevraldan 19-martgacha — ketma-ket 29 kun (salkam bir oy) koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish bilan bog‘liq birorta ham holat ro‘yxatga olinmagan. SSV ma’lumotlariga ishonilsa, viloyatda so‘nggi 10 kun (25-mart—3-aprel oralig‘i)da koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish bilan bog‘liq jami 11 ta holat aniqlangan — 26-mart kuni 6 ta (bu 2021-yil hisobidan viloyatda qayd etilgan ikkinchi rasmiy antirekord), 28-mart kuni 3 ta, 3-aprel kuni 2 ta.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020-yil avgust oyida o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekistonda koronavirus bo‘yicha haqiqiy holat raqamlarini yashirishga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida barcha rahbarlarni ogohlantirgan, bunga urinish jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan qat’iy choralarga olib kelishi mumkinligini ta’kidlagan edi. Sog‘liqni saqlash vazirligi esa koronavirus statistikasiga doir raqamlarni soxtalashtirishdan manfaatdor emasligini muntazam ta’kidlab keladi.