Moskvada amalga oshirilgan amaliy tashrif doirasida Markaziy Osiyo xalqaro instituti delegatsiyasi jahon ekspertlar hamjamiyatida o‘z o‘rniga ega yirik tahlil markazlari bilan qator shartnoma va kelishuvlarga erishdi. Bu haqda institut matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Xususan, institut direktori Anvar Nosirov hamda Moskva davlat universiteti huzuridagi Osiyo va Afrika mamlakatlari instituti, Moskva davlat universiteti qoshidagi Postsovet hududida ijtimoiy va siyosiy jarayonlarni o‘rganish markazi, Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti Xalqaro tadqiqotlar instituti Sharqiy Osiyo va ShHT tadqiqotlar markazi o‘rtasida hamkorlik shartnomalari imzolangan.
Shartnomada siyosiy, iqtisodiy, suv va atrof-muhit, tarixiy-madaniy va gumanitar sohalarda tadqiqotlar olib borish nazarda tutilgan. Institutlar mutaxassislari o‘rtasida qo‘shma forumlar, seminarlar, muloqot anjumanlari, davra suhbatlari, brifinglar, maslahatlashuvlar tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, Rossiya strategik tadqiqotlar instituti direktori Mixail Fradkov bilan uchrashuv chog‘ida institut vakillarining Toshkentdagi“Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” yuqori darajali xalqaro anjumanda ishtiroki bo‘yicha suhbatlashilgan.
Eslatib o‘tamiz, Markaziy Osiyo xalqaro instituti 2020-yil O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan tashkil etilgan. Instituti mintaqa davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvining Toshkentda bo‘lib o‘tgan ikkinchi sammitida erishilgan barcha kelishuvlarni to‘liq amalga oshirish, ekspert-tahlil doira vakillari, amaliyotchi mutaxassislar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, mintaqaviy strategiyani ishlab chiqishda ular ishtirokini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan.